Evropa tomonlardagi legionerimizning goli muhim g‘alaba keltirdi

  • 18 sentabr, 2021, 16:30
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Keyingi paytda o‘zbekistonlik legionerlarga alohida e’tibor qaratila boshlagan Belarus chempionati tobora qizg‘in pallaga kirib bormoqda.

Tecno

O‘tgan mavsumda Jasur Yaxshiboev, Shahboz Umarov va Humoyunmirzo Iminovning muvaffaqiyatli o‘yinlaridan keyin “Energetik-BGU” jamoasi joriy mavsum uchun yana uch nafar hamyurtimizni o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Bu gal poytaxtlik “talabalar” safini O‘zbekiston Superligasida “Metallurg”da o‘ynagan Shahzod Ubaydullaev, “Nasaf” tarbiyalanuvchisi Bobur Abduxoliqov va “Andijon”da o‘zini ko‘rsatgan Doniyor Abdumannopov to‘ldirdi.

abdu

Sir emas, “Energetik-BGU” Belarus chempionatining o‘rtamiyona klublaridan va sovrinli o‘rinlar uchun kurasha olmaydi. Bu mamlakatda keyingi yillarda faqatgina ikki klub – “Shaxtyor Soligorsk” va BATE o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘yishi mumkin xolos.  Shunga qaramay, “Energetik-BGU” legionerlarimiz uchun kuchliroq klublar va Evropaning boshqa ligalariga o‘tish eshiklarini ochib berishi bor gap.

Buni “Sherif” safida UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichida debyut qilgan Jasur Yaxshiboev va BATE etakchisiga aylangan Shahboz Umarov misolida ko‘rish mumkin.

“Energetik-BGU”dagi yurtdoshlarimiz ham o‘zini ko‘rsata boshlagani quvonarli. Belarus chempionatining 23-turida minsklik “talabalar” Jodino shahrida “Torpedo-BelAZ” jamoasi mehmoni bo‘ldi.

O‘rtamiyona jamoalar to‘qnashuvi taqdirini yagona gol hal qildi. O‘yinning 29-daqiqasida Bobur Abduxoliqov qanotdan uzatilgan to‘pni raqib darvozasiga aniq joyladi. Qolgan vaqt ichida tomonlar bir necha bor hujum uyushtirganiga qaramay, Boburning goli yagonaligicha qoldi.

Uchrashuvda faol o‘ynagan Shahzod Ubaydullaev ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida jarohat oldi va oradan bir necha daqiqa o‘tib, zaxiraga olindi.

img_SaZttK_600 (1)

G‘alaba goli muallifi Bobur Abduxoliqov ham 81-daqiqada o‘rnini boshqa futbolchiga bo‘shatib berdi. Doniyor Abdumannopov “Energetik-BGU” tarkibida bitta o‘yin o‘tkazganidan keyin maydonda ko‘rinish bergani yo‘q.

“Energetik-BGU” ochkolari sonini 27 taga etkazib, musobaqa jadvalining sakkizinchi pog‘onasiga joylashdi.

Ta’kidlash joizki, Bobur Abduxoliqov aslida yil boshida Ukrainaning “Rux” jamoasiga qo‘shilgan edi. Biroq, bu lvovliklar bosh murabbiyi va uning yordamchilarining munosabati Bobur shartnomani bekor qilib, klubni tark etishiga sabab bo‘ldi.

“Rux” murabbiylari iste’dodli hujumchimizni faqat yoshlar jamoasida o‘ynatdi. Bobur oltita uchrashuvda ikkita gol urib, salohiyatini namoyish qilgan bo‘lsa-da, unga asosiy tarkibdan joy berilmadi. Vaqtni bekor o‘tkazishni istamagan Abduxoliqov yurtimizga qaytib keldi va o‘ziga bildirilgan takliflar orasida “Energetik-BGU” variantini ma’qul topdi.

bobur-abdikholikov-nasaf-1613814945-57046

Eslatib o‘tamiz, bu uch nafar futbolchidan Bobur Abduxoliqov va Shahzod Ubaydullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilar hisoblanadi. Bobur O‘zbekiston yoshlar terma jamoasida 40 ta uchrashuvda 21ta gol urgan, milliy terma jamoa safida esa uch marotaba maydonga tushgan. Shahzod Ubaydullaev O‘zbekiston milliy terma jamoasining uchta uchrashuvida qatnashib, Tojikiston terma jamoasi darvozasiga to‘p kiritgan.

Yaxshiboevni UEFA Chempionlar ligasi guruh bosqichida debyut kutmoqda! U turnirning eng zaif jamoasini “Shaxtyor”, “Real” va “Inter”dan qutqara oladimi?

UEFA Chempionlar ligasi o‘yini oldidan o‘zbek legioneri super gol urdi!

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!