
Endi ularga Mbappe emas, Husanov kerak!
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida birinchi bo‘lib jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Nufuzli manba – Transfermarkt portali bosh jamoamizning mundial saralash turniridan muvaffaqiyatli o‘tishiga o‘z hissasini qo‘shgan yordami murabbiy Alesh Chexning fikrlarini e’lon qildi.
Ta’kidalash joizki, 57 yoshli Alesh Chex futbolchilik faoliyati davomida Sloveniyaning “Olimpiya” va “Maribor”, Avstriyaning “GAK” va “LASK” klublarida o‘ynagan. Sloveniya terma jamoasi safida 74 ta uchrashuvda qatnashib, bitta gol muallifi bo‘lgan. O‘z yurti terma jamoasi safida Alesh Chex 2000 yilgi Evropa chempionati va 2002 yilgi jahon chempionatida ishtirok etgan.
Tajribali murabbiy 2021 yili o‘sha paytdagi bosh murabbiy Srechko Katanets taklifi bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylar shtabida ish boshlagan edi.
Sports.uz portali Alesh Chexning Transfermarkt portali vakillariga bildirgan fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
- To‘g‘risini aytganda, hozir ham tilim aylanmay qoladi. O‘zbekiston jahon chempionatiga chiqqanidan keyin engillik, faxr-iftixor va mutlaq xursandchilikni his qilyapman. 2023-2024 yilgi o‘yinlar natijalariga e’tibor bersak, ularda atigi ikki martadan mag‘lub bo‘ldik. Natija – jahon chempionatiga chiqdik.
O‘zbekistonga borishimni bilgan bir necha do‘stlarimning maslahatlarini olishimga to‘g‘ri keldi. Men tajribamga tayangan holda Avstriyadan yaxshi ish topishim oson edi. Lekin O‘zbekiston loyihasi juda qiziqarli ko‘rindi. O‘zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqishga harakat qilayotganimizni aytganimda, izohlar yanada ko‘paydi. Bu ishni uddalaganimizdan keyin men o‘zimni yanada ko‘proq baxtiyor his qilyapman.
Boshida terma jamoa o‘yinchilari bilan tanishish uchun mashg‘ulot lagerini tuzdik. Kechki ovqatdan keyin ayrim o‘yinchilar “Ertaga ko‘rishamiz”, deb xayrlashgani bizni hayratga soldi. Yigitlar mashhulot lageri davrida ham o‘z uyida tunashga ko‘nikkan ekan. Intizom borasida ham anchagina ishlashga to‘g‘ri keldi. Ba’zan futbolchilar uchrashuv oldidan 10-20 daqiqa telefonida o‘yin o‘ynab o‘tirardi. Keyin tushlik vaqti va kiyim almashtirish xonasida telefon ishlatishni ta’qiqladik. Yigitlar maydonda bir birini yaxshi tushunishi uchun o‘zaro ko‘proq muloqot qilishini ko‘zlab, shunday qildik.
Biz 20-25 nafar tuli shaxslar bilan ishlaymiz. Ularni bir g‘oya ostida birlashtirish eng avvalo sabr-toqat, ishonch va ochiqlikni talab qiladi. Boshida himoyalanishdan bosh tortgan hujumchilar bo‘ldi. Ularga nima uchun himoya haqida o‘ylash muhimligini, himoyachilar esa hujumga o‘tishi nega zarurligini batafsil tushuntirish uchun alohida vaqt ajratildi. Bu jarayonda agar ular aynan mana shu yo‘ldan ketsa, oxir-ofibat muvaffaqiyat kelishini his qilishi ham mumkin edi.
Boshida biz to‘rt himoyachi bilan o‘ynardik. Vaqt o‘tishi bilan uch himoyachi bilan harakat qilish yaxshiroq echim ekanini tushunib etdik. Bu o‘zgarish juda ko‘p qo‘shimcha mashg‘ulotlar, videotahlillar xonasida bir qancha tunlarni o‘tkazishimizga sabab bo‘ldi. Endi esa, buning natijasi ko‘z o‘ngimizda.
Murabbiy jamoada o‘zgacha ruh paydo bo‘lganini sezadi. Ana shu ruhiyat keyinroq yaqqol namoyon bo‘ldi. Masalan, o‘sha xususiyat Qirg‘iziston bilan o‘yinda kuzatildi. Biz ikki bor hisobda ortda bordik, shunga qaramay, vaziyatdan chiqa oldik va 3:2 hisobida zafar quchdik. Butun saralash jarayoni davomida o‘z kuchimizdan shubhalanmadik, har doim mo‘’jiza yarata olishimizga va orzuni haqiqatga aylantirishimizga ishondik.
Ilgari O‘zbekistonda dzyudo va boks natijalar bo‘yicha birinchi raqamli sport turi bo‘lgan. Lekin futboldagi yutuqlar reytingning o‘zgarishiga olib kelyapti. Menga ilgari milliy terma jamoa bo‘sh stadionlarda o‘ynaganini aytishdi, hozir esa uy uchrashuvlariga 30 minglab odam kelyapti. Bellashuvlar televidenie orqali jonli tarzda efirga uzatilyapti. Men o‘zbek futbol ishqibozlari italiyalik fanatlar singari ishtiyoqi baland ekanini ko‘rdim.
“Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov mutlaq yulduzlar. Hozir mehmonxonalarda bizga qo‘riqchilar kerak bo‘lyapti. Chunki bu ikki o‘yinchini ko‘rish uchun yuzlab muxlislar kelyapti. Bolalar Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu yoki Kilian Mbappeni emas, balki Shomurodov va Husanovning futbolkalarini kiyib yuribdi.
Eldor va Abduqodir shunga qaramay, kamtarlik va xokisorligini saqlab qolgan o‘yinchilardir. Ular shu darajada mashhurki, bolalar ularga qarab, mehnat, ishtiyoq va intizom bilan o‘zbek futbolidan chiqib, jahon darajasidagi klublarda ham o‘ynash mumkinligini ko‘rib turibdi. Men Evropaning ko‘plab klublari O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinchilariga e’tibor qaratishi zarurligiga aminman.
2002 yilgi jahon chempionatida Sloveniya terma jamoasidagi do‘stlarim uchun ham, men uchun ham ishlar biz kutgan darajada yaxshi ketmagan edi. Men xotira uchun uchta futbolkani saqlab qo‘yganman. Men yigitlar har bir o‘yindan rohat olishini istayman. Jahon chempionatining final qismida ishtirok etish, futbolchi faoliyatining cho‘qqisi hisoblanadi. Shunga qaramay, biz AQShga aniq maqsad bilan boramiz. Biz guruh bosqichidan o‘tmoqchimiz. Agar Germaniyaga duch kelsak, ularni engishni xohlaymiz. Argentina, Braziliya yoki qolgan raqiblarga ham munosabat xuddi shunday. Biz O‘zbekiston nomini munosib namoyish qilishni istaymiz, - dedi Alesh Chex.
Eslatib o‘tamiz, navdatdagi jahon chempionati 2026 yilning 11 iyunidan 19 iyuliga qadar AQSh, Meksika va Kanada mezbonligida o‘tkaziladi. Bu gal musobaqa tarizxida ilk bor dunyoning eng kuchli 48 ta milliy terma jamoasi g‘oliblik uchun kuch sinashadi.
Ayni paytda, uchta mezbondan tashqari yana o‘nta mamlakat vakillari saralash turnirlarida muvaffaqiyatli qatnashib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Ular orasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham bor.
Fikrlar