
Endi u kerak emas! “Barsa” qimmatbaho yulduz bilan xayrlashadigan bo‘ldi
“Barselona” direktorlar kengashi jamoada eng katta maosh olayotgan niderlandiyalik Frenki de Yong bilan xayrlashishga qaror qildi.
Sport.es saytining yozishicha, Kataloniya klubi mutasaddilari ayni paytda jamoada 27 yoshli pleymeykerning o‘rnini bosishga qodir bir necha o‘yinchilar borligi tufayli Frenkini sotib yuborishga qaror qilgan.
Ular har mavsum 35 million evro ish haqi olayotgan o‘yinchini ketkazish orqali maoshlar fondini qisqartirishni ko‘zlayapti.
Bundan tashqari, de Yongning o‘zi bir necha oydan beri klubning yangi shartnoma bo‘yicha taklifiga javob qaytargani yo‘q. Amaldagi shartnomasi esa 2026 yili tugaydi.
Frenki de Yong “Barselona”ga 2019 yili olib kelingan. Keyingi paytda ko‘p jarohat olayotgan futbolchi hozirga qadar barcha musobaqalarda 222 ta o‘yin o‘tkazib, 17 ta gol va 21 ta assist qayd etdi.
Fikrlar