
Elshod Rasulov: Olimpiadada omad ko‘p narsani hal qiladi
Boks bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Elshod Rasulov Milliy Olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytiga bergan intervyusida 4 yillikning eng nufuzli musobaqasiga ko‘rilayotgan tayyorgarlik haqida gapirdi.
– Ma’lumki, joriy Olimpiya o‘yinlarida ayollar o‘rtasida 6 ta vazn toifasida bahslar o‘tkaziladi. Terma jamoamiz 4 ta vaznda litsenziya qo‘lga kiritdi. Ochig‘i, maksimal darajada yo‘llanma olishga harakat qilgan edik. Ammo hayotda barchasi biz xohlagandek bo‘lmaydi. Baribir, saralash tsiklidan ko‘ngil to‘ldi, deyish mumkin. Bu biz uchun katta yutuq. Nega deganda, ayollar boksida kuchli sanalgan AQSh va Hindiston kabi jamoalar ham 4 tadan litsenziyaga ega chiqdi. Qo‘shni Qozog‘iston hamda Buyuk Britaniya jamoasi hisobida 3 ta yo‘llanma bor. Shu nuqtai nazardan, natijamizdan ko‘nglim to‘ldi.
– Hozirgi kunda sportchilarning holati qanday?
– Nafaqat litsenziatlarimiz, balki terma jamoadagi barcha bokschilarimizning ahvoli yaxshi. Ertaga Rossiyaning Qozon shahrida start oladigan BRIKS o‘yinlarida 3 nafar litsenziatimiz Sabina Boboqulova, Nigina O‘ktamova hamda Sitora Turdibekova ishtirok etishadi. Bu orqali ularning tayyorgarligini ko‘zdan kechirish reja qilingan.
– Tayyorgarlik doirasida xorij yig‘iniyam ko‘zda tutilganmi?
– Yo‘q, xalqaro yig‘in rejaga kiritilmagan. BRIKS o‘yinlaridan keyin Yangioboddagi terma jamoa bazasida Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni davom ettiramiz. Rejamizga ko‘ra, oldinda 2 bosqichli o‘quv-mashg‘ulot yig‘inidan so‘ng jamoamiz bilan Parijga yo‘l olamiz.
– Bo‘lajak Olimpiadadan nimalar kutyapsiz?
– Olimpiadaning uch karra ishtirokchisi sifatida ayta olamanki, u erda omad ko‘p narsani hal qiladi. Lekin men har bir shogirdimga ishonaman. Ular murosasiz janglarda bor imkoniyatlarini ishga solib, o‘zbek ayollar boksida yangi sahifa ochishga harakat qilishadi.
Fikrlar