
Ehtimol, "Andijon"dan ketishga shoshgandirman, inson qizishganida nima deyayotganini anglamay qolarkan - Aleksandr Xomyakov bilan qiziqarli suhbat
Rossiyalik murabbiy Aleksandr Xomyakov joriy mavsumni “Andijon”da boshlab, “Buxoro”da yakunladi. Qizig‘i, u ishlagan ikkala klub yakunda Superligada qolish uchun jiddiy kurashishdi.
To‘g‘ri, mavsum davomida murabbiyga boshqa klublardan takliflar bo‘lib turdi. Biroq u “Buxoro”da maslahatchi murabbiy lavozimida ishlashni ma’qul ko‘rdi.
Hozirgi paytda Rossiyaga qaytgan mutaxassis sports.uz muxbirining bir qator savollariga javob qaytarishga rozi bo‘ldi.
- Aleksandr Andreevich, yakuniga etayotgan 2020 yil siz uchun murabbiy sifatidagi eng og‘ir yil bo‘ldimi?
- Yil qanday tugayotganini o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Koronavirus tufayli 2020 yil qanday o‘tganini ham bilmadik. Pandemiya o‘z navbatida barcha davlatlarda iqtisodiy inqirozni yuzaga keltirdi. Jumladan, futbolni ham chetlab o‘tmadi. Ammo o‘zim uchun 2020 yil o‘ta murakkab kechdi, deya olmayman. O‘zingiz ko‘rdingiz, “Andijon”da atiga uchta o‘yinda murabbiylik qildim xolos. Keyin koronavirus tufayli tanaffus yuzaga keldi. Pandemiya sababli yuz bergan tanaffusdan foydalanib dam oldim. Uzlukusiz davom etgan 10-12 yillik faoliyatimni tahlil qildim. Eng asosiysi, shu vaqt davomida kuch-quvvat to‘plab oldim. Bir qarashda murabbiyning ishi juda osondek tuyuladi. Ammo aslida bu unchalik to‘g‘ri emas. Murabbiy kerak bo‘lsa sutkasiga 24 soat o‘ylaydi va ishlaydi. Ichki bosim ostida doim ish haqida o‘ylaysan, rejalar tuzasan. Hatto ozgina mizg‘ib olgan chog‘imda ham tushlarimga futbol kiradi xolos. Murabbiy uchun o‘zini ruhan yo‘lga solib olish ish jarayonida bir tekis ketishi uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Yana takrorlayman: tanaffus mening foydamga ishladi. Shu vaqt davomida nazariy bilimlarimni yana bir qator tekshirib oldim. Chunki murabbiyning ishi faqat amaliy jarayon bilan cheklanib qolmaydi. Unga nazariy bilimlar ham juda kerak bo‘ladi. Futbolchilar maydonda uchrashuvlarni o‘tkazib, mashg‘ulotlardan keyin dam olishlari mumkin. Ammo bunday holat murabbiylarda kuzatilmaydi. Murabbiy hatto oilaviy sharoitida ham faqat xayolida ishni o‘ylaydi. Bu paytda u mashg‘ulot rejalarini tuzadi. Qo‘l ostidagi shogirdlarining ruhiy va jismoniy holatlarini qanday yaxshilash haqida bosh qotiradi. Bularning bari kishidan kuch talab qiladi. Ayniqsa, ruhiy holatimni ancha sozlab oldim.
- “Andijon”dan ketgach, sizga yana bosh murabbiylikka takliflar bo‘ldi. Lekin bu amalga oshmadi va keyin “Buxoro”da maslahatchi lavozimida ishladingiz. Doimo asosiy vazifada bo‘lgan mutaxassis uchun ikkinchi rolga aylanish qanday tuyuldi?
- “Andijon”ni tark etganimdan so‘ng, bir qancha klublardan takliflar oldim. Agar pandemiya bilan bog‘liq tanaffus yuzaga kelmaganida o‘zim uchun ma’qul bo‘lgan takliflardan birini qabul qilardim. Afsuski, tanaffus cho‘zilib ketdi. Vaqt qo‘ldan boy berildi. Shuningdek, mavsum qayta davom ettirilgan paytda ham xizmatimga takliflar bo‘ldi. Shu vaqt mobaynida muzokaralar o‘tkazildi. Gohida muzokaralar bahs va tortishuvlarga aylanib ketdi. Bir so‘z bilan aytganda, ish quruq gapdan nariga o‘tmadi. Albatta, bosh murabbiy va maslahatchi murabbiy vazifalari o‘rtasida katta farq bor. Bularning bari bir-biriga o‘xshasa-da, aslida unday emas. Ha, Jamshid Saidov mening eski do‘stim hisoblanadi. U bilan ilgari “Mash’al” va “Andijon”da ham hamkorlik qilganman. Shu sabab Saidovning taklifini qabul qilishni ma’qul topdim. U meni o‘ziga maslahatchi murabbiy sifatida ishga taklif qildi. Bunga bajonidil rozilik berdim. Shuni alohida ta’kidlashim joizki, maslahatchi murabbiyda xuddi jamoa ustozi singari gardanida katta mas’uliyat bo‘lmaydi. Chunki klubga va uning natijalariga taalluqli bo‘lgan qarorlarni bevosita bosh murabbiy qabul qiladi. Aytishim kerakki, Jamshid Saidov bilan birga maslahatchi murabbiy sifatida ishlashim meni unchalik zo‘riqtirgani yo‘q. To‘g‘ri, gohida unga u yoki bu ishni mana bunday qilish kerak edi, deb maslahatlar berib turdim. Bunday paytda maslahatchi murabbiy o‘yinlarni bemalol hech qanday zo‘riqishsiz va boshini turli xayollarga band qilmagan holda kuzata oladi.
- Sizda yana “Andijon”ga qaytish uchun imkoniyat bor edi. Ammo taklifni qabul qilmadingiz. Nega?
- Gapingizda jon bor, “Andijon” tepasiga yangi rahbariyat kelganida menga klubni qayta qabul qilish yuzasidan takliflar bo‘ldi. Biroq bu paytga kelib menda “Buxoro” klubida o‘ziga yarasha mas’uliyat bo‘lgani uchun “Andijon”ni taklif qilish haqidagi chaqiruvga rad javobini berdim. Ehtimol, mas’uliyat so‘zi sal balandparvozdek ko‘rinar, yuqoridagi gaplarimga taqqoslansa. Ammo muxlislar, rahbariyat va Jamshid Saidov oldida baribir gardanimda o‘ziga yarasha vazifa yo‘q emasdi. Shu sabab klubdan ketib qolish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Baxtiyor Hamidullaevga kelsak, Kumikovning iste’fosidan so‘ng, “Andijon”ning o‘yinida o‘ziga yarasha ijobiy jihatlar paydo bo‘lgandi. Eng asosiysi, klub ochkolar olishni boshlagandi. Nazarimda, Hamidullaevga boshlagan ishini davom ettirish imkonini berish to‘g‘ri bo‘lardi. Lekin uning iste’fosi bilan bog‘liq holatdan mutlaqo bexabarman. Men shunchaki o‘z fikrimni bayon qilyapman xolos. Chunki “Andijon”ning ichida qanday gap-so‘zlar bo‘lganidan xabarim yo‘q. Shuning uchun tashqaridan kuzatgan odamga buni mulohaza yuritish qiyin. Faqat boya aytganimdek, Hamidullaev qo‘l ostida “Andijon” butunlay o‘zgacha futbol namoyish etishga tushgandi.
- “Buxoro” klubining Superligani tark etganiga asosiy sabab nima bo‘ldi deb o‘ylaysiz?
- “Buxoro”ning elitadan tushib ketishiga kelsak, bunday omadsizlikning asosiy sababi mana bunda edi, deya nimadir ko‘rsatish qiyin. Bu xususida uzoq gapirish mumkin. To‘g‘risi, bu savolingizga aniq bir sababni ko‘rsatgan holda javob qaytarishim juda mushkul.
- Endi keyingi rejalaringiz qanday? Masalan, “Buxoro” bilan pro-ligada ishlashingizga ishonmayman. Yangi takliflarni qabul qilasizmi?
- Keyingi rejalarimga kelsak, hozir sizga mana bu ishni qilmoqchiman yoki palon klubda ishlamoqchiman, deyishim amrimahol. Ayni paytda uyimda dam olyapman. Ha, yangi yilga qadar Rossiyadan O‘zbekistonga qaytish rejam ham yo‘q emas. Kelganimdan keyin esa hammasi ma’lum bo‘ladi. To‘g‘ri, hozirda ko‘plab klublar chempionat tugagani bois tanaffusga yo‘l olishgan. Ammo shuning barobarida jamoalar mavsumlar oralig‘ida qanday ish qilish rejalarini tuzib qo‘yishadi. Ko‘pchilik bunday paytda jamoani shakllantirishga harakat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, hozircha hammasi mavhumlik to‘riga o‘ralashib turibdi. “Buxoro” masalasiga kelsak, hozirda rahbariyatning pro-ligadagi mavsum uchun qanday strategiya tanlashidan xabarim yo‘q. Agar biror-bir jamoadan jiddiyroq taklif olsam, albatta o‘ylab ko‘raman. Shundan so‘ng, uchrashishim, muzokaralarni boshlashim mumkin bo‘ladi.
- Qiziq, sizning telegram ijtimoiy tarmog‘ingizda “Lids” klubi bosh murabbiyi Marselo Belsaning suratini joylab qo‘yganingizni ko‘rdim. Uning ishini yoqtirasizmi?
- Marselo Belsaning portreti bilan bog‘liq savolingizga kelsak, chindan ham uning muxlisi hisoblanaman. Uning filasofiyasi, ish uslubi menga juda yoqadi. Belsaning ishini ko‘p kuzataman va unga vaqtimni ajrataman.
- Sizningcha, bu yil O‘zbekistondagi eng yaxshi uch nafar murabbiy va futbolchilar kim bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?
- Bevosita o‘zbek Superligasidagi murabbiylarga to‘xtalsam, menga Ro‘ziqul Berdievning olib borgan ishi juda yoqdi. U “Nasaf”ni ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Shuningdek, Baxtiyor Ashurmatovni ham aytishim darkor. U jamoasi bilan yaxshi ish olib bordi. O‘yinchilarga kelsak, birinchi o‘ringa shak-shubhasiz Dragan Cheranni qo‘yardim. Undan keyin Marko Stanoevichni ikkinchi o‘ringa joylardim. U ham to‘p surayotgan jamoa o‘yinini tashkil etuvchi futbolchi sanaladi. Bu yil Stanoevich o‘zidan yaxshi taassurot qoldirdi. Uchinchi o‘ringa Jasur Yaxshiboevni qo‘ygan bo‘lardim. U Belarus chempionatida chempion bo‘ldi, laureatga aylandi. Legioner sifatida ajoyib o‘yinlar ko‘rsatdi.
- “Mash’al”da 10 yildan ziyod vaqt davomida ishladingiz. Lekin shundan keyin “Andijon” va “Buxoro”da ishlash orqali murabbiylikda biroz sarson bo‘lib qoldingiz. Qolaversa, orada “Surxon” hamda “Qizilqum” bilan ham muzokaralarga kirishgandingiz. Ayting-chi, aslida “Mash’al”dan ketish uchun siz to‘g‘ri qarormidi?
- “Mash’al”da 10-12 yil ishlash bu chindan ham juda katta muddat. Shubhasiz “Mash’al” men uchun xuddi ikkinchi uyimdek bo‘lib qolgan. Aynan shu klubda murabbiy sifatida shakllandim. “Mash’al”dagi ishim barqaror davom etdi, rahbariyat ketishimni ham istamagandi. Biroq “batareykamni zaryadlab” olish uchun shunday yo‘l tutish kerak edi. O‘zimni boshqa klubda sinab ko‘rish istagi yuqori turgandi. Holbuki, “Mash’al”da hamma bilan munosabatim a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgandi. Boz ustiga biz bir-birimizni gapirmasdan turib, shunday ko‘zimizga qarab tushunadigan darajaga etib qolgandik. Shunday payt keldiki, o‘zimni chetda sinab ko‘rish istagi “Mash’al”da qolishdan ko‘ra afzal ko‘rindi. Shu boisdan ham “Andijon”ni qabul qildim. Aytishim kerakki, klub bilan muzokaralar davom etayotgan paytda menda “Buxoro”da ishlash varianti ham yo‘q emasdi. Xullas, oxir-oqibat “Andijon”ga kelishni ma’qul topdim.
- Taqdirni qarangki, Superligada jon saqlab qolish uchun “Buxoro” bilan “Andijon” kurashdi va yakunda sobiq klubingiz elitada qoldi. Bundan xursandmisiz?
- To‘g‘ri, “Andijon”dagi faoliyatim uzoq davom etmay, tez fursatda nihoyasiga etdi. Lekin shuning barobarida bundan xursand ham bo‘ldim. Chunki mintaqa bilan yaqindan tanishdim. Baxtga qarshi dastlabki uchta turdagi g‘alabasiz o‘yin u erdagi faoliyatimni belgilab berdi. Ammo men iste’foga chiqarilishimni baribir anchagacha xazm qila olmadim. Nazarimda, rahbariyat iste’fo masalasida shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ydi. Chunki vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun vaqt yo‘q emasdi. Jamoani shakllantirish, natijalarni yaxshilash imkoni bor edi. Biroq ketma-ket mag‘lubiyatlar tufayli tashqi bosim ortib ketgani uchun iste’foni qabul qilishimdan boshqa chora qolmagandi. Umuman aytganda, vodiydagi faoliyatimdan nolishim uchun asosli sababni ko‘rmayapman. Agar ishni “Andijon”da davom ettirish haqida variant yuzaga kelsa nima qilishim mumkin? Boya aytganimdek, klubdagi faoliyatim uzoqqa cho‘zilmadi. Qolaversa, iste’foga chiqish chog‘imda qizishib ketganimni endi tushunib turibman. Eng asosiysi, natijaning yo‘qligi muhitning salbiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Ehtimol, uydagi uchrashuvdan so‘ng, ha iste’ofga chiqaman, deb shoshgan bo‘lishim mumkin. Chunki inson hissiyotlarga berilgan paytda nima deyayotganini ham anglamay qolarkan. Ustiga-ustak inqirozli davr boshlangani bunga turtki berdi. Shubhasiz, natijalar o‘xshamaganidan tashqari “Andijon”da moliyaviy muammolar ham chuqurlashib borayotgandi. Oradan ancha vaqt o‘tdi, “Andijon” bir amallab bo‘lsa ham elitadagi o‘rnini saqlab qoldi. Men bundan juda xursand bo‘ldim. Kelajakda “Andijon”ga muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilab qolaman.
Fikrlar