Debyut: Quvonch Tayg‘onboevning professional boksdagi sarguzashtlari qanday boshlangan edi?

  • 8 aprel, 2020, 17:04
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Quvonch Tayg‘onboevni o‘rta va katta yoshli boks ihlosmandlari yaxshi eslasa kerak, u o‘z vaqtida havaskor hamda professional boks bo‘yicha yurtimiz sharafini munosib himoya qila olgandi.

Tecno

Ayniqsa, professional yo‘nalishdagi faoliyati orqali ko‘plab muxlislar mehrini qozona olganligini ham aytib o‘tishimiz mumkin. U professional boksda 37 ta jang o‘tkazib, ularning 31 tasida g‘alaba qozongan. 6 bora mag‘lubiyatga uchragan edi. Raqiblarini 19 bor nokautga uchratgandi.

Havaskorda ham maqtansa arzigulik natijalari bor. Jumladan, O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempionati kumush medal sohibi, jahon chempionati ishtirokchisi bo‘lgan.

Lekin uni professional bokschi sifatida yaxshi bilishgan va butunjahon bo‘ylab ko‘plab muxlislari bor edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayniqsa, u o‘z vaqtida chempionlik janglarida Feliks Trinidad, Oskar De La Xoya, Ayk Kovarteylar bilan shiddatli bahs yuritgan Oba Karrni mag‘lub etganidan so‘ng, u okean ortida ham ko‘plab ishqibozlar auditoriyasiga ega bo‘lgandi. Qolaversa, mutaxassislar tomonidan umidli bokschi sifatida e’tirof etilib, bir necha yo‘nalishlar reytingida kuchli 10 talikdan ham o‘rin olgan. Bir so‘z bilan aytganda ajoyib bokschi bo‘lgan. Shuningdek, faoliyati mobaynida WBO Asia Pacific  kamarini ham qo‘lga kirita olgandi.   

Qisqasi, “Debyut” ruknining bugungi “qahramon”i aynan, “Kuva” nomi bilan mashhur bo‘lgan, ushbu charmqo‘lqop ustasi bo‘ladi.

Tayg‘onboev 1997 yil Ruslan Chagaev bilan AQShga yo‘l oladi va “Millenium Events” promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qila boshlaydi. U 1997 yil 3 sentyabrda ushbu yo‘nalishdagi ilk jangini o‘tkazadi. Unga AQShlik Alfredo Servantes raqiblik qiladi. Jang bor yo‘g‘i bir raund davom etadi va unda yurtdoshimiz texnik nokaut evaziga g‘alaba qozonadi.

Servantes bunga qadar ikki bor jang o‘tkazib, bir g‘alaba va bir durang qayd etgan edi. Ilk mag‘lubiyatini esa, Tayg‘onboevdan qabul qilib oladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, uning “qora” kunlarini hamyurtimiz boshlab bergan edi. Chunki ushbu jangdan so‘ng, ketma-ket  4 marotaba muvaffaqiyatsiz seriya davom etadi.

Shu tarzda Quvonch Tayg‘onboev professional boksdagi sarguzashtlarini boshlaydi...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!