Davron Hoshimov yangi mavsumni qaerda o‘tkazishi, Abramov nega terma jamoaga chaqirmayotgani va yana boshqa mavzular haqida gapirdi

  • 28 dekabr, 2020, 17:40
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Davron Hoshimovning qanday futbolchi ekanligini ko‘pchilik yaxshi biladi. U maydonga tushganida haqiqiy jangchiga aylanadi va to‘p uchun kurashlarda o‘zini ham, raqibini ham ayab o‘tirmaydi. Himoya bilan hujum o‘rtasida bog‘lovchilik vazifasini ham yaxshi uddalaydi.

Tecno

U kabi qanot himoyachilari hamma klubga ham kerak. “Navbahor” esa Hoshimovni ancha-munchaga qo‘yib yubormaydi. Chunki kelasi yilda ham uning xizmati klub uchun kerak. “Navbahor”da esa murabbiylar tasdiqlandi, tarkib shakllantirilmoqda. Davron Hoshimov sports.uz saytiga klubga va o‘ziga taalluqli mavzular bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. 

“Navbahor”dagi taqdiri

- Avvalo barchaga kirib kelayotgan yangi yil omadli bo‘lsin. “Navbahor” jamoasiga keladigan bo‘lsak, bosh murabbiy masalasiga aniqlik kiritildi va No‘’mon Hasanov o‘z ishini davom ettiradigan bo‘ldi. Mening klub bilan bir yarim yillik shartnomam bor edi. 2021 yilning 31 dekabr kunigacha. Namanganda yana bir bor rahbariyat bilan hammasini muhokama qildik va yangi mavsumni ham “Navbahor”da o‘tkazaman. Klub rahbariyati bilan barchasini kelishib oldik.

Yangi mavsumdagi rejalar haqida

- Klubda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda rahbarlar oldimizga kuchli uchlikka kirish vazifasini qo‘ydilar. Bundan tashqari, qanday bo‘lmasin Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz muhimligini ham ta’kidlab o‘tdilar. Shunga yarasha barcha sharoitlarni yaratib berishni va’da qildilar.

xoshimov3

Yakuniga etgan chempionat to‘g‘risida

- Hammaning xabari bor, 2020 yilni “Lokomotiv” safida boshladim. U erda ishlarimiz yomon ketmayotgandi, karantin sababli o‘yin amaliyotini yo‘qotib qo‘ydik. Jamoa o‘yinida pasayish bo‘ldi, natijalarimiz ham salbiy ko‘rinish oldi. Ikkinchi davra arafasida “Navbahor” meni taklif qildi. Bu jamoaning karantingacha o‘tkazgan o‘yinlarini kuzatgandim, juda yaxshi taassurot qoldirgan. “Navbahor”ga qiziqishim kuchli edi. 2018 yili ham Namanganda to‘p surganman. Shuning uchun bu klubga qandaydir iliqligim bor edi. Karantindan keyin o‘yinlar biz uchun bir tekis ketmadi. 10 nafar futbolchimiz koronavirusga chalinib qoldi, jamoa o‘ziga kelguniga qadar ko‘p ochkolarni yo‘qotdik. Bosh murabbiy Andrey Kanchelskis ham shu ahvolga tushdi. Bizga rosa qiyin bo‘ldi. Keyinchalik Kanchelskis ketdi, No‘’mon Hasanov bosh murabbiy lavozimida ishladi. Murabbiy almashgan paytda jamoa sport formasiga kirib bo‘lgandi. Natijada qo‘ldan kelganicha maksimal ochkolarni olishga harakat qildik. Mavsumni 8-o‘rinda tugatdik. Kubok musobaqasida esa biroz omadimiz etishmadi. Endi yangi mavsumga No‘’mon Hasanov boshchiligida rejalar tuzilyapti. Bu murabbiy ham o‘zini ko‘rsatib bera oldi deb o‘ylayman. Kelasi yili ushbu murabbiy bilan ishlash yanada osonroq kechadi deb o‘ylayman. Futbolchilar bu murabbiyga ko‘nikishdi.

Babayan va Hasanov haqida

- “Paxtakor”da Samvel Babayanning qo‘lida to‘p surganman. Uning shogirdiman desam ham bo‘ladi. No‘’mon aka Hasanov bilan ham “Paxtakor”da bir necha yil birga faoliyat olib borganmiz. Ikkalasiga iliq munosabatdaman. Menga kim bo‘lishidan qat’iy nazar jamoamiz kuchayishini xohlardim. Murabbiydan ko‘ra, jamoamizning shakllanishi haqida bosh qotirdim. Ya’ni, klubda kimlar qoladi, kimlar ketadi, degan o‘y-hayolda bo‘ldim. 

“Lokomotiv” yana qaytarmoqchimidi?

- To‘g‘risi, “Lokomotiv” jamoasi menga yana qiziqish bildirdi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Faqat “Navbahor” bilan shartnomam borligi uchun u erga bora olmasdim. Qolaversa, viloyat hokimiga hamda klub rahbarlariga yangi mavsumda ishonchni oqlash bo‘yicha va’da berdik. Ularning yuzini erga qaratmaslik uchun ham “Navbahor” bilan yuksak o‘rinlarni egallashga harakat qilamiz. Bizga ishonishyaptimi, demak bu ishonchni astoydil oqlashimiz lozim. Shuning uchun boshqa variantlarga qiziqmadim. Bor e’tiborimni “Navbahor”ga va klubni Osiyo Chempionlar ligasiga chiqishi uchun munosib hissa qo‘shishga qaratganman. 

xoshimov2

Futbolchining Namangandagi maqsadi

- 2018 yili Namanganda to‘p surganimdan keyin milliy terma jamoaga tushgandim. O‘sha paytdayoq bu klub menda iliq taassurot qoldirgan. Bu safar “Navbahor”ni yana bejiz tanlamadim. Bu erda muxlislarning ajoyib muhiti bor. Ishqibozlarning sizga ishonayotganini va shu bilan birga bosimni his qilib o‘ynaysiz. Bu esa sizni yanada kuchliroq qiladi. “Navbahor” faqat g‘alaba uchun kurashadigan jamoa. Sovrinlarga munosib klub. Bu erga kelishimdan avval “Qizilqum”dan ham taklif bo‘lgan. Lekin reytingimni yanada oshirish uchun “Navbahor”ni tanlaganman. Futbolchi sifatida ushbu jamoada yanada yuksak natijalarga erisha olaman deb o‘ylayman. Qolgani o‘yinchining o‘ziga bog‘liq. Terma jamoaga yana qaytishga va Oston O‘runov singari xorijda to‘p surishga harakat qilamiz.

Terma jamoaga qaytishiga ishonadimi?

- Bu – futbol, unda murabbiylar har xil bo‘ladi. Balki Vadim Abramovga qaysidir jihatlarim yoqmayotgandir. Baribir o‘zimning o‘yin uslubimda qolaman. Chunki bundan boshqacha o‘ynay olmayman. Faqat ustimda ishlashda davom etaman. Kun kelib Abramovning ham ishonchini qozonaman deb o‘ylayman. Hali yoshman, ishlashdan to‘xtamasligim kerak. Oldimda yana katta maqsadlar bor.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Umar Umar
28/12/2020 21:06
Яхши спорт формасида бўлса МТЖ га олиш керак
77 77
28/12/2020 20:14
Ким нима деса десин лекин даврон хакийкий жангчи омад даврон
&
Ободон
28/12/2020 17:49
Маладес Даврон 2021йил омадли келсин ниятингга ет.