
Davletov "Nasaf"ga uchralgan mag‘lubiyat haqida nima deydi?
“Surxon” – “Nasaf” (0:1) o‘rtasidagi o‘yindan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanining ikkinchi qismida termizliklar bosh murabbiyi Fevzi Davletov savollarga javob qaytardi.
- Oxirgi ikkita turda “Bunyodkor” va “Dinamo”ga qarshi o‘yinlarning birinchi bo‘limida yaxshi o‘ynagandik. Ikkinchi bo‘limda esa biroz oqsalash bor edi. Bugun esa jamoamiz yaxshi harakat qildi. Ammo natijadan qoniqmadim.
- Oldin “Surxon” natijaga erishayotgan paytda chuqur himoyaga o‘tib olardi. Bu o‘yinda esa jamoa tashabbusga egalik qildi va birinchi raqam bo‘lib o‘ynadi.
- Ha tan olish kerak, ayrim futbolchilar 100 foiz darajada o‘yinga kirishib keta olmadilar. Ammo shuni ham aytib o‘tishim kerakki, bugungi raqibimiz ham kuchli edi. Ular ham shunga yarasha yaxshi taktikani qo‘lladilar. Ammo oldingi uchrashuvlarga nisbatan bugun ikkala taymda ham to‘pga egalik qilish bo‘yicha yaxshi harakat qildik. Bizda o‘yin sifati kuchaygan. Biroq “Nasaf” bizga munosib qarshilik ko‘rsatdi. Bitta xatoimiz evaziga raqib gol urdi. Ularda xato bo‘lganida esa biz gol urolmadik.
- Uchrashuv oxirida penalti belgilanmagan vaziyatga nima deya olasiz?
- Bu hakamlarning ishi.
- Jamoa garchi mag‘lub bo‘lsa-da, yaxshi o‘ynadi. Lekin yakuniy zarbani berishda futbolchilarga nimadir etishmadi?
- Avvalo, muxlislarimizga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Yigitlarga ham mehnatlari uchun rahmat. Rostdan ham bizda yakuniy pallada biroz etishmovchilik bo‘lyapti. Ammo yigitlar harakat qilishdi. Qanotlar faol bo‘ldi. Ha, hujum borasida biroz zaxiramiz keng emas. Biroq oxirida biroz charchoq bo‘ldi. Raqibimiz Osiyo Chempionlar ligasi ishtirokchisi edi. Ular arab klublariga qarshi munosib o‘ynadi.
- “Surxon” ikkinchi davradan o‘z maydonida o‘ynaydi, deyilyapti. Bu qanchalik rost?
- Rosti, aniq bilmayman. Ammo PFL barcha tekshiruvlarni o‘tkazadi va umid qilamanki, ikkinchi davradan Termizga qaytamiz.
Fikrlar