
Dastin Pore yoki Maykl Chendler yoxud ular o‘rtasidagi jang sanasi ma’lum!
UFC olamidagi yana bir shov-shuvli jang sanasi ma’lum bo‘ldi. Albatta, bu to‘qnashuv haqida turli mish-mishlar paydo bo‘lgandi va yakunda bu xaqiqatga aylandi. Ya’ni, UFC promoushenining engil vazn (70.3 kg) toifasining tom ma’nodagi yulduzlari Dastin Pore (28-7-1) hamda Maykl Chendler (23-7) o‘rtasidagi jang rasman tasdiqlandi.
Mazkur to‘qnashuv 12 noyabr kuni Nyu-York, "Medison Skver Garden" arenasida, "UFC 281" turniri doirasida bo‘lib o‘tadi. Ma’lumki, ushbu kechaning kardi ham ajoyib ko‘rinish olgan. Markaziy jangda o‘rta vazn (83,9 kg) toifasi chempioni Israel Adesanya o‘zi uchun jiddiy xavf sifatida e’tirof etilayotgan braziliyalik Aleks Perreyraga qarshi oktagonga ko‘tariladi. Ikkinchi markaziy bahs esa, ayollar o‘rtasidagi minimal vazn toifasi vakilalari chempion Karla Esprazaga qarshi Veyli Jang bahs yuritadi. Kuni kecha esa ushbu juftliklar qatoriga yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, Pore-Chendler qarama-qarshiligi ham qo‘shildi.
Albatta, bu to‘qnashuv juda va juda qiziqarli, tomoshabop o‘tishiga shubha yo‘q. Har ikkisi ham "stoyka"da ajoyib tarzda harakat qiladi. Bir-biriga xos va mos raqiblar desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Biroq, baribir bular o‘rtasida ozmi-ko‘pmi tafovut mavjud degan bo‘lardik. Chendler sobiq Bellator chempioni sifatida UFCga o‘tdi va ikkinchi jangidayoq chempionlik uchun oktagonga ko‘tarildi. Uning ushbu promoushendagi natijasi 2 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyatdan iborat. Pore esa UFCda 20 ta g‘alabani qo‘lga kiritgan va 6 ta mag‘lubiyati ham bor. Shuningdek, 1 ta hisobga olinmagan jang ham mavjud. Lekin bular bari nisbiy tushuncha hisoblanadi. Zero, Chendler ham jahonning kuchli promoushenida chempionlikni qo‘lga kiritgan va yuqorida aytib o‘tganimizdek, unda ham etarlicha salohiyat mavjud.
Endi real imkoniyatlar haqida biroz so‘z yuritadigan bo‘lsak, imkoniyatlarni 55-45 deya baholagan bo‘lardik. Albatta, Dastin Pore foydasiga! Sababiga biroz to‘xtalamiz. Shubhasiz, ular o‘rtasidagi tafovut u qadar yuqori deb o‘ylamayman. Porening ustunlik jihati shundaki, uning kardiosi Chendlernikiga nisbatan biroz yaxshiroq nazarimizda... Gabarit jihatidan ham ustunlik bor. "Teyk-daun"lardan ham yaxshi himoyalana oladi. Agar, Pore Chendlerning 1-raund boshlanishidagi kuchli bosimiga dosh bera olsa, unda imkoniyat yanada oshishi mumkin. Xullas, yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bu to‘qnashuvda Porening g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori degan fikrdamiz. Biroq, bu UFC va bu promoushendagi janglarda har doim shubhaga o‘rin bor. Leon Edvards hamda Kamaru Usman qarama-qarshiligi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Albatta, bu shaxsiy fikrlar va yakun qanday ko‘rinish oladi, buni 12 noyabr kuni bilib olamiz!
Fikrlar