
Chempionlar ligasining eng kuchli omadsizlari (1-qism)
Chempionlar ligasining joriy mavsumida yaqqol favorit aniq. Bu – “Manchester Siti”. Ammo Xosep Gvardiola kelganidan buyon dunyoning eng kuchli klublaridan biri sifatida e’tirof etiladigan jamoa hali ham Chempionlar ligasida chorak finaldan nariga o‘ta olmayapti. Agar "Manchester Siti" bu safar ham Chempionlar ligasida g‘alaba qozona olmasa, ushbu turnirni yuta olmagan eng kuchli va hatto afsonaviy jamoalar ro‘yxatiga qo‘shiladi. Keling, "shaharliklar" qaysi ro‘yxatga qo‘shilish ehtimolini ko‘rib chiqamiz.
«Arsenal» - 2003/04
“Kanonirlar”ning bu jamoasi klub tarixidagi eng mashhurlaridan biri hisoblanadi. Aynan shu jamoa Angliya premer-ligasida bir mavsumda umuman mag‘lub bo‘lmagan tarixdagi yagona jamoaga aylandi. O‘sha mavsumda “Arsenal” EChLning guruh bosqichidan 10 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi, nimchorak finalda “Selta” dog‘da qoldirildi. Ammo chorak finalda “Chelsi” “Arsenal”ni musobaqadan chiqarib yubordi. “Arsenal” dastlabki o‘yinda “Chelsi” maydonida 1:1 hisobida durang qayd etgan edi. Ammo javob bahsida o‘z maydonida kutilmaganda 1:2 hisobida imkoniyatni boy berdi.
«Chelsi» - 2004/05
Lekin oradan roppa-rosa bir yil o‘tib “aristokratlar”ning o‘zi shunday holatga tushdi. Joze Mourinoning “Chelsi”ga kelishi shov-shuvga aylandi. Boisi, portugaliyalik mutaxassis bir yil muqaddam oddiygina “Portu” bilan EChLda g‘alaba qozongan edi. Ammo APLdagi rekordlarga qaramay, u “aristokratlar” bilan Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyatini takrorlay olmadi. O‘sha paytda "Chelsi" premer-ligada 95 ochko bilan rekord o‘rnatgan va boshqa turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishga bemalol imkoniyati bor edi. “Chelsi” o‘sha mavsum APLda eng kam gol o‘tkazib yuborgan (15), eng ko‘p g‘alaba qozongan (29), eng ko‘p mehmonda g‘alaba qozongan (15), eng ko‘p gol o‘tkazmagan o‘yinlar (25 ta) soni bo‘yicha rekord o‘rnatgan edi. EChLda ham bir qarashda hammasi ajoyib ketayotgan edi. Guruh bosqichi 1-o‘rinda yakunlandi, nimchorak finalda “Barselona”, chorak finalda esa, “Bavariya” dog‘da qoldirildi. Afsuski, Mourino jamoasi yarim finalda “Liverpul”ga yutqazib qo‘ydi.
«Atletiko» - 2013/14 - 2015/16
Diego Simeone 2011 yil dekabrida bosh murabbiy lavozimini egallaganidan so‘ng, “Atletiko”da inqilob qildi. U La Ligada ettinchi o‘rinni egallagan va Evropa ligasi guruh bosqichida qolib ketgan jamoani olib, uni Chempionlar Ligasida g‘olib chiqa oladigan darajaga olib chiqdi. "Atletiko" 2014 yilda La Liga chempioni bo‘ldi va Chempionlar Ligasi finaliga chiqdi. U erda "Real" ustidan g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Ammo final o‘yini yakunlanishiga bir necha soniya qolganida, g‘alaba qo‘ldan chiqdi va yakunda hamshaharlariga 1:4 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, "Atletiko" va "Real" yana finalda uchrashdi. Afsuski, "matraschilar" bu safar ham mag‘lub bo‘ldi. Lekin bunisida g‘olib nomi penaltilar seriyasida aniqlandi.
«Valensiya» - 1999-2001
Mingyillik boshlarida, "Valensiya" Evropaning eng yorqin jamoalaridan biri edi. Ektor Kuperning shogirdlari ajoyib tarzda "Latsio" va "Barselona"ni nokautga uchratib, finalga chiqdi. Ammo Parijda "Real"ga 0:3 hisobida mag‘lubiyat bo‘ldi. Ikkinchi urinish ham yorqin kechdi. Ular "Arsenal" va "Lids"ni chiroyli tarzda mag‘lub etib finalga chiqdi, ammo endi bu safar g‘oliblik yo‘lini "Bavariya" to‘sdi. "Valensiya" ushbu bahsda hatto hisobda oldinga chiqib oldi, ammo ustunlikni saqlab qolishning uddasidan chiqmadi.
Davomi bor.
Fikrlar