
“Chelsi” Evropaning eng zo‘r o‘yinchisini rekord summaga sotib olmoqchi
Evropa chempionatining eng yaxshi o‘yinchisi sovrinini qo‘lga kiritgan Italiya milliy terma jamoasi hujumkor futbolchisi Federiko Keza tez orada “Yuventus”ni tark etishi kutilyapti.
- “Chelsi” transferlarga mas’ul hisoblangan Marina Granovskaya iste’dodli futbolchiga haqiqiy “ov” boshladi, - deb xabar tarqatmoqda Marca nashri.
“Aristokratlar” Chempionlar ligasida “Yuventus”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda Kezaning o‘yinini sinchkovlik bilan kuzatgan va bu o‘yinchini olish bo‘yicha yakuniy qarorga kelgan.
“Chelsi” mutasaddilari Federiko Kezaning transferi uchun turinliklarga 100 million evro taklif qilmoqchi. Ular bu summa “Yuventus” vakillarini qoniqtiradi, deb hisoblamoqda. Chunki, “Yuventus” keyingi paytda raqobatbardoshligini boy bermoqda va klub xo‘jayinlari jamoani qayta shakllantirish yo‘lini tutgan. Bu jarayonda klubga katta miqdorda pul kerak, Keza singari mahoratli o‘yinchilar esa tezroq sovrinlarga ega bo‘lish uchun barqaror va qudratliroq klublarda to‘p tepishni istaydi.
Fikrlar