
«Charm to‘p-2019». Qoraqalpog‘istonning «Taxiatash» jamoasi Toshkentga keladi
Yurtimizda yosh avlodni har jihatdan etuk, jismonan sog‘lom va barkamol ruhda voyaga etishlari, iqtidor va salohiyatlarini to‘la namoyon etishlari uchun keng shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilayotir. Ayniqsa, bolalar futbolini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida mamlakatimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga bag‘ishlab mahallalar yoshlari, xususan, 18-30 dagi havaskor futbolchilardan tashkil topgan jamoalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Charm to‘p» an’anaviy respublika turniri ana shu sa’y-harakatlar samarasi sanaladi.
Ayni damda, joylarda ushbu turnirning uchinchi bosqichi nihoyasiga etmoqda. Buning barobarida, bayramona tarzda uyushtirilayotgan uchrashuvlar futbol ixlosmandlarida katta taassurot qoldirayotir.
Joriy yilning 14-15 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida«Charm to‘p» an’anaviy turniri markaziy «Turon» stadionida ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqada 16 ta jamoa ishtirok etib eng kuchlilar g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishdi.
Musobaqa final bosqichidagi o‘yinlar natijasiga ko‘ra birinchi o‘rinni Taxiatash tumani, ikkinchi o‘rinni Qo‘ng‘irot tumani yigitlari qo‘lga kiritgan bo‘lsa, faxrli uchinchi o‘rin Nukus tumaniga nasib etdi.
Taxiatash tuman jamoasi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan final bosqichiga yo‘llanmani ko‘lga kiritdi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra g‘olib va sovrindorlarga tashkilotlar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Fikrlar