“Changalzordagi urush” yohud boks tarixidagi eng yorqin janglar Top 5 ligi (video)

  • 22 dekabr, 2021, 16:05
  • Ahmadbek Eshmatov
  • 0
  • Boks
CHERY AUTO

Professional boks olamidagi eng yaxshi janglar doim ham ringdagi taktik ustunlik bilan o‘lchanavermaydi. Bir xil saviyada bo‘lgan boks yulduzlari o‘rtasidagi ajoyib to‘qnashuvlardan tortib g‘alabaga bo‘lgan kuchli ishtiyoq evaziga qozonilgan muvaffaqiyatlar bizga barcha davrlarning eng yorqin beshta jangi ro‘yxatini tuzish imkonini berdi.

Tecno

5 o‘rin: Erik Morales – Marko Antonio Barrera. 27.11.2004

Boks tarixidagi eng qiziqarli qarama-qarshiliklar trilogiyadan iborat bo‘ladi va ikki buyuk meksikalik bokschilar – Morales va Barrera o‘rtasidagi dahshatli janglar ham bundan mustasno emas. Ushbu ikki bokschi besh yillik qisqa muddat ichida uch marotaba o‘zaro to‘qnash keldilar va uchala jang ham aslida boks tarixining shedevrlari turkumidan joy olgan. Bizning ro‘yxatimizning beshinchi pog‘onasida esa ushbu trilogiyaning uchinchi jangi joy egalladi. Jang to‘liq 12 raund davom etgan va bokschilar birinchi raunddan boshlab to jang yakunigacha bir-biridan olovli zarbalar almashinuvini muxlislarga taqdim etdilar va jang oxiriga butunlay qonga bo‘yalgan holatda etib keldilar. Jang davomida biror marotaba nokdaun holati ham qayd etilmadi, ammo bokschilarning jangdan keying ko‘rinishi xuddi avtohalokatdan omon qolgan yo‘lovchini eslatardi. Deyarli tenglikda kechgan to‘qnashuvda Barrera hakamlarning ko‘pchilik qarori bilan g‘alaba qozondi va umumiy trilogiyani ham yutib chiqdi (Morales birinchi jangda, Barrera esa ikkinchi va uchinchi janglarda g‘olib bo‘lgan).

4 o‘rin: Muhammad Ali – Jorj Forman. 30.10.1974.

        1974 yilda Jorj Formanning sport formasi kosmik darajada edi. Bahaybat hamda kuchga to‘lgan Forman Jo Freyzerni jangda yanchib tashlagan, Ken Nortonni esa ikki raundda “tinchitgan” edi.  Formanning Muhammad Aliga qarshi jangi Zair (Kongo)da o‘tkazilgan va keyinchalik “changalzordagi urush” nomini olgan. Ko‘pchilik o‘sha jangda Alining g‘alabasiga xayrixohlik qilgan bo‘lsada, tan olish kerak, jang oldidan Forman favorit maqomida edi. “Luisvillik notiq” laqabini olgan Muhammad Ali o‘zidan yoshroq bo‘lgan Formanga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi va o‘zining mashhur ring chetida turib, raqibini o‘ziga chorlovchi uslubidan samarali tarzda foydalandi. Bu usulda bokschi go‘yo o‘zini chorasizlikdan ring chetida qamalib qolgandek tutadi va raqibining zarbalaridan blok yordamida himoyalanadi. Bu usuldan asosiy maqsad raqibini juda ko‘p zarba berishi natijasida holdan toydirish va keyin charchagan raqibini osonroq engishdan iborat. 8- raundgacha buni qoyillatib amalga oshirgan Muhammad Ali o‘ng qo‘l zarbasi bilan engilmasdek ko‘ringan Formanni nokautga uchratdi. Shu jangidan so‘ng Ali “eng buyuk” nomi bilan atala boshlandi.

3 o‘rin: Mikki Uord – Arturo Gatti. 18.05.2002.

Boks tarixining eng qonli trilogiyasining hech bo‘lmasa bitta jangi bu ro‘yxatimizdan o‘rin egallamasa, bu boks sport turiga nisbatan hurmatsizlik bo‘lardi. Trilogiyaning birinchi jangi ro‘yxatimizning kuchli uchligini ochib beradi. Ikki ajoyib bokschi shunday ochiq jang taklif qilishdiki, bunday holatda qaysi biri jangda g‘olib bo‘lishini taxmin qilish ham mushkul edi. Jangning hal qiluvchi epizodlaridan biri 9 -raundda sodir bo‘ldi: tanaga yo‘llanadigan zarbalarning mukammal ijrochisi bo‘lgan Uord shunday zarbalaridan biri bilan Gattini nokdaun holatiga tushirdi. Jang yakunida hakamlar shu holatni e’tiborsiz qoldira olmadilar. Hakamlarning ko‘pchilik ovozi bilan Uord g‘olib deb topildi. Ammo asl muxlislar hech qachon o‘z qahramonlarini unutmaydilar va shuning uchun ham o‘sha jangdagi dovyurak Gattini hozirgi kun bokschilaridan ham qidiraveradilar.

2 o‘rin: Marvin xagler – Tomas Xyorns. 15.04.1985.

Bu to‘qnashuv atigi uch raund davom etgan, ammo bokschilar qandaydir 8 daqiqa ichida tarixdagi hech qaysi boks jangida kuzatilmagan drama, shiddatli temp va olam-olam hayajonni muxlislarga taqdim etgan. O‘rta vaznda jang qilgan bu ikki nokautchi o‘rtasidagi jangning birinchi raundi boks tarixidagi eng yaxshi raund sifatida baholanadi. Bu raundda ular dahshatli darajadagi zarbalarni yo‘lladilar va hech biri taslim bo‘lay demasdi. Keyingi ikki raund ham xuddi shunday tempda davom etdi va ikkala bokschi ham uchinchi raundga kelib, allaqachon holdan toygan edilar. Shu raundning o‘rtasida Xagler o‘ng qo‘l zarbasi va undan so‘ng ikkita "aperkot" zarbasi bilan raqibini nokautga uchratdi.

1 o‘rin: Muhammad Ali – Jo Freyzer. 8.03.1971.

Agar Uord-Gatti boks tarixidagi eng mashhur qarama-qarshilik deb nomlansa, u holda Ali-Freyzer bemalol sport tarixidagi eng mashhur to‘qnashuv nomiga da’vogarlik qila oladi. 1971 yildagi jang “asr jangi” deb nomlangan va shunchaki chempionlik jangi emasdi. Bu go‘yoki yangicha fikrlovchi qatlam (Muhammad Ali siymosida) va konservativ ruhdagilar qatlami (Freyzer siymosida) o‘rtasidagi urush edi. Jangdan oldin Ali o‘zining buyukligini gap-so‘zlari bilan ham ko‘rsatishga uringandi, jang esa Freyzerning buyukligi uning ringdagi harakatlarida ekanini isbotlab berdi. 15 raund davomida afsonaviy bokschilar shunday shiddatli jang o‘tkazdilarki, jangdan so‘ng jarohatlar ta’sirida ulardan qaysidir biri vafot etishi mumkinligi haqida ham fikrlar yangradi. Ikkala bokschi ham ringda borini tashlab ketishdi, jang g‘olibligi esa hakamlarning yakdil qarori bilan Jo Freyzerga berildi.  

Ingliz tilidan Bekzod Nizomiddinov va Jalol Axmedov tarjimasi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!