
"Buxoro"ga o‘tayotganim rost, lekin..." yoxud hujumchidan himoyachiga aylangan futbolchi klubini nega o‘zgartirayotganini aytdi
Bu yil 30 yoshni qarshi oladigan futbolchi Ixtiyor Toshpo‘latovning faoliyatida o‘zgarish bo‘ladigan bo‘lib turibdi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, u o‘tgan yili “Metallurg” safida to‘p surdi va Superligada 20 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Shartnomasi tugagan o‘yinchi yangi mavsumni boshqa klubda davom ettirish ehtimoli juda yuqori. Sports.uz jurnalisti bu masalada Toshpo‘latov bilan suhbatlashdi.
- Eshitishimcha, “Buxoro” klubiga o‘tayotgan ekansiz. Avvalo, shu xususida batafsil to‘xtalib o‘tsangiz. Bu holat amalga oshyaptimi?
- Avvalambor, barchani o‘tgan yangi yil bilan tabriklayman. Ha, mening “Buxoro” klubiga o‘tayotganim rost. Lekin hali shartnoma imzolaganim yo‘q.
- “Metallurg”ni tark etish fursati kelganmidi? U erdan ketishingiz nima bilan bog‘liq?
- To‘g‘risini aytsam, “Metallurg”dan ketaman deb o‘ylamagandim. 26 dekabrda yig‘inga kirishdik. Shu kuni klubdagilar bilan gaplashdim va so‘ngra ketishga qaror qildim.
- Bekoboddagi faoliyatingizda sizga eng ko‘p yoqqan narsa nima edi?
- “Metallurg”dagi faoliyatimdagi eng qiziq holat shuki, men hujum chizig‘ida o‘ynardim, keyin o‘ng qanot himoyachisi bo‘lib ketganim esda qolarli bo‘ldi.
- Adashmasam, sizga xorijdan ham takliflar bo‘layotgan ekan. Sir bo‘lmasa qaerdan aniq takliflar tushdi va o‘zingizni legioner bo‘lib sinab ko‘rish niyatingiz ham bormi?
- Rostini aytadigan bo‘lsam, taklif bo‘ldi. Lekin o‘zim O‘zbekistonda qolishni niyat qildim.
- Aslida hujumchi sifatidagi asosiy maqsadingiz qanday edi?
- Ha, men hujumchi edim. Lekin 2019 yil Samarqandning “Dinamo” jamoasiga kelganimda meni Davron aka Fayziev o‘ng qanot yarim himoyachisi sifatida o‘ynatdi. Bundan juda xursand bo‘ldim va yarim himoyachi bo‘lib o‘ynadim. 2020 yili “Metallurg” klubiga kelganimda 3-turda “Paxtakor” qarshi o‘yinda o‘ng tomon himoyachimiz qizil kartochka olgandi. Shu o‘yinda meni Andrey Shipilov himoyada o‘ynashimni aytdi. Futbolchi maydonning qaerida to‘p surishini murabbiy hal qiladi. Shu bilan men himoyachi bo‘lib ketdim.
- Sir bo‘lmasa, oldingizga yana qanday takliflar bor edi?
- To‘g‘risi, 2-3 ta klublardan takliflar bor edi. Ammo menga “Buxoro” jamoasining taklifi yoqdi.
- Siz uchun Superligamizdagi eng yoqtirgan murabbiyingiz kim?
- Men ko‘plab murabbiylar bilan birga ishladim. Hammasi o‘ziga yarasha uslubga ega. Barchasini hurmat qilaman. Bu borada bir kishini alohida ajratib ayta olmayman.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar