
"Buxoro" uchun final...
Superligada qoldirilgan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, 10 noyabr kuni “Buxoro” klubi o‘z uyida Toshkentning “Olimpik” jamoasini qabul qiladi. Aslida ushbu o‘yin 19-tur doirasida o‘tkazilishi lozim edi. Lekin bu qarama-qarshilik Kapadze boshchiligidagi terma jamoamizning Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki sababli 10 noyabrga qoldirilgandi. Ushbu muddat keldi va endi jamoalar bo‘lajak uchrashuv uchun tayyorlanishmoqda.
Turnir jadvalidagi vaziyatdan xabardor bo‘lsangiz kerak, buxoroliklar bitta o‘yin zaxirasi bilan hozircha 15 ochko to‘plab so‘nggi o‘rinda turibdi. Ulug‘bek Baqoev uchun “Olimpik”ga qarshi uchrashuv qo‘shimcha imkoniyat demakdir. Ular zaxirasidagi o‘yindan unumli foydalanishi zarur. Shundoq ham “Buxoro” Superligada to‘g‘ridan-to‘g‘ri qolish imkoniyatini yo‘qotdi. Agar uchta bellashuvni yutgan taqdirda pley-offga ilashib qolishi mumkin. Qolgan uchta o‘yin Baqoev va uning jamoasi uchun final kabi qanchalik muhimligini o‘zlari tushunib turishibdi.
Aslida shunday deymizu, ammo “Buxoro”ning o‘tgan turda Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘yinini ko‘rib, ligada qolish uchun kurashayotgan jamoaga o‘xshamadi. Futbolchilarining ko‘zi yonmagandek taassurot uyg‘otdi. Superligada qolish uchun kurashayotgan klub aslida boshqacharoq o‘yin ko‘rsatishi kerak emasmi? Aytaylik, tajovuzkor, hujumkor o‘yin qurishi lozim bo‘ladi. Biroq “Buxoro” Jizzaxdagi bahsda xuddi o‘z o‘rniga mos ravishda o‘ynagandek bo‘ldi. Agar Jizzaxdagi o‘yin takrorlansa, ijobiy natijaga umid qilish amrimahol.
Shuningdek, bo‘lajak uchrashuv oldidan ikkala klubda yo‘qotishlar bor. “Buxoro” diskvalifikatsiya sababli Behruz To‘raev hamda Otajon Avezovning xizmatidan foydalana olmaydi. “Olimpik” tarkibida esa Abdurauf Bo‘riev maydonga tusha olmaydi.
O‘zaro o‘yinlarda bu jamoalar Superligada faqat bir marotaba to‘qnashishgan. Aniqrog‘i, “Buxoro” – “Olimpik” qarama-qarshiligi joriy mavsumdan boshlandi. Birinchi davrada bo‘lib o‘tgan bahsda Timur Kapadze raqibini 1:0 hisobida taslim qilgan. Navbatdagi uchrashuv esa ularning ikkinchi o‘yiniga aylanadi.
Superligada 24-tur yakunlangan bo‘lsa, “Olimpik” boshqalardan ko‘ra eng kam o‘yin o‘tkazgan. Ularning hisobida hozircha 22 ta o‘yin bor. Shu holatida ushbu klub 25 ochko bilan 11-o‘rinni egallab turibdi. Ularning 4 ta o‘yini borligini hisobga olsak, mavsumni yuqoriroq o‘yinlardan birida tugatish imkoniyati mavjud. Oxirgi o‘rindagi “Buxoro” uchun har bir o‘yin final kabi...
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar