"Buxoro" bosh direktori: "Jamoani Superligaga olib chiqqanidan keyin qanday qilib Fuzaylovga javob beraman?"

  • 29 dekabr, 2022, 14:32
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pro ligada 2-o‘rinni egallab Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kirita olgan “Buxoro” klubi endi bor e’tiborini elitada munosib ishtirok etishga qaratgan.

Tecno

Jamoada o‘zgarishlar boshlandi. Bosh direktor O‘tkir Qodirov Sports.uz jurnalisti bilan suhbatda oxirgi yangiliklar haqida xabar berdi.

- Bosh murabbiy Hakim Fuzaylov bilan yangi shartnoma imzolandi, deb eshitdim. U bilan hamkorlik uzaytirilayotganida asosiy e’tibor nimaga qaratildi?

- Hakim Qayumovich bu yil “Buxoro” jamoasini Superligaga olib chiqishda katta hissa qo‘shdi. Shuncha mehnat qildi. Klubga qanchadan-qancha murabbiylar kelib-ketdi. Biroq biror-bir natijaga erishilmadi. Hakim Qayumovich bu erga kelib jamoani shakllantirib, Superligaga olib chiqqanidan so‘ng men qanday qilib Fuzaylovga javob beraman? Qo‘pol qilib aytganda, ish bajarilgach, eshagim loydan o‘tdi, deyish yaxshi emas-da. Shuning uchun bosh murabbiyga Superligada ham imkoniyat berishga qaror qildik. U bilan ochiq-oydin gaplashib oldik va shartnomaga ham kerakli bandlarni kiritib qo‘ydik. Avvalo, hammasi Xudodan. Fuzaylov jamoa bilan yuqori o‘rinlarni egallasa, o‘z ishini davom ettiraveradi. Mabodo, muvaffaqiyatsizliklar kuzatilaversa, unda murabbiy bilan xayrlashamiz. Bu narsa shartnoma bandida ham ko‘rsatib qo‘yilgan. Lekin biz hozircha Hakim Qayumovich bilan bir yillik shartnoma imzolaganmiz.

- 2023 yilgi chempionatda Fuzaylovning oldiga aniq maqsad qo‘yildimi?

- Albatta. Hech bo‘lmasa kuchli beshtalikda bo‘lish – bu bizning rejamiz. Hozirda yangi o‘yinchilar bilan muzokaralar olib boryapmiz. Hisobimiz bo‘yicha Superligadan 7-8 nafar futbolchi olmoqchimiz. Jamoani baribir 50 foizini saqlab qolamiz, mehnat qilgan yigitlar bor. Xullas, vazifamiz kuchli beshtalikka kirish.

buxoro33_3

- “Buxoro”ning dastlabki yig‘ini yakunlandi. Tarkibda bir-ikkita yangi o‘yinchilarga ko‘zim tushdi. Masalan, Abbos Otaxonov...Klubdagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot bersangiz...

- Ha, “Nasaf” bilan ikkita o‘ynadik. Yig‘in davomida 40 tacha futbolchimiz bor edi. Bilasiz, bizda hozir selektsiya ishlari olib borilyapti. Ayni chog‘da Abbos Otaxonov bilan kelishuvga erishdik. U bilan barchasini gaplashib oldik. Yozda “Paxtakor”dan Humoyunmirzo Iminovni ijaraga olgandik. Bu futbolchining shartnomasini to‘liq sotib oldik. Futbolchi endi to‘laqonli ravishda “Buxoro” a’zosiga aylandi. 3 yanvar kuni Toshkentda to‘planamiz. Qolgan o‘yinchilar bo‘yicha poytaxtdagi yig‘in davomida gaplashib olamiz.

- Yangi mavsum uchun tayyorgarlik rejasi haqida ma’lumot bera olasizmi?

- Hozir aytganimdek, 3 yanvardan Toshkentda yig‘inimiz boshlanadi. 16 yanvargacha o‘sha erda shug‘ullanamiz. Hozir rahbariyat bilan gaplashyapmiz. Nasib bo‘lsa, 20 yanvardan 10 fevralgacha Turkiyaning Antaliya shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazmoqchimiz.

- Tarkibdagi qaysi o‘yinchilar jamoani tark etdi?

- Yangi yildan keyin bu xususida bosh murabbiyimiz aytaman dedi. Taxminan 8-9 ta futbolchi bilan xayrlashamiz. Hozircha xayrlashgan futbolchilarimiz – legioner SongLongji va Arislan Yusupbaev bo‘lib turishibdi. Ikkisini yig‘inga chaqirmadik. Bulardan tashqari, yana boshqa xayrlashadigan o‘yinchilarimiz bor.

buxoro11_1

- Darvozabon Nikola Stoshich masalasi nima bo‘ldi?

- Stoshich Xudo xohlasa 3 yanvar kuni jamoamizga qo‘shiladi. U bilan muzokara olib borganmiz, bizda qoladi.

- Pro liga to‘purari Ro‘zim Ahmedov ham “Buxoro”da qoladigan bo‘ldimi?

- Ro‘zim Ahmedov ham, Obid Jo‘raboev ham jamoada qoladi.

- Tarkibda yana yangi legionerlarni ko‘rishimiz mumkinmi?

- Hozircha legioner masalasida Stoshichni ko‘ryapmiz. Albatta, yaxshi legionerlar bo‘lsa olamiz. Ammo birinchi navbatda asosiy e’tiborni o‘zimizni futbolchilarga qaratganmiz.

- Qarzdorlik masalasi nima bo‘ldi? Hamma bilan hisob-kitob qilinganmi?

- Bu yil hisobidan qarzdorligimiz yo‘q. Futbolchilardan va ishchi-xodimlarning birortasidan qarzimiz qolmagan. Faqat “O‘zbekiston” mehmonxonasidan qarzimiz qolgan, xolos. Buni ham tez kunlarda bartaraf qilamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!