
"Butun dunyo Namangandagi o‘yinni translyatsiya qiladi, bizning o‘yinchilarimiz yulduzlardan kam emas" - Samvel Babayan OChLdagi qur’a va Neymar haqida intervyu berdi
Bugun Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichiga qur’a tashlandi. Unga ko‘ra, Namanganning “Navbahor” klubi “D” guruhida “Al-Hilol” (Saudiya Arabistoni), “Nassaji Mazandaran” (Eron) va “Mumbay Siti” (Hindiston”)ga qarshi o‘ynaydi.
OChL guruh bosqichidagi raqiblar ma’lum bo‘lgach, Sports.uz jurnalisti “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan bilan bog‘landi.
- Samvel Vyacheslavovich, “Navbahor”ning Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichidagi raqiblari ham ma’lum bo‘ldi. “Al-Hilol”, “Nassaji” va “Mumbay Siti”. Qur’adan oldin qanday raqiblarni kutgandingiz?
- To‘g‘risi, guruh bosqichiga chiqqanimizdan keyin bizga kim bilan o‘ynashning farqi yo‘q. Nimaga deganda, Osiyo Chempionlar ligasida kuchsiz raqiblar bo‘lmaydi. Hammasi o‘ziga yarasha kuchli. Qaytanga, guruhimiz yanada kuchliroq bo‘lsa, Namanganda futbol bayramini uyushtirmoqchimiz. Asosiysi, Namanganga OChL madhiyasini olib keldik. Bu bizning mavsum oldidan asosiy maqsadlarimizdan biri bo‘lgandi. Tabiiyki, har bir uchrashuvda namanganlik muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.
- Guruh bosqichi aniq bo‘lgach, “Al-Hilol” va Neymar asosiy mavzuga aylandi. Chunki “Al-Hilol” o‘z safiga jahon futboli yulduzlarini qo‘shib olayotganini hamma ko‘rib turibdi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Namanganga Neymar boshchiligidagi yulduzlarning kelishi hozirdanoq shov-shuv uyg‘ota boshladi. “Navbahor” OChLdagi ilk turni safarda “Al-Hilol”ga qarshi o‘tkazadi. Sizda ham bosh murabbiy sifatida o‘zgacha hissiyotlar paydo bo‘lyaptimi?
- “Al-Hilol”ga tushganimizdan keyin har xil fikrlar bo‘lishi mumkin. Lekin shuni ayta olamanki, ularga ham bosim bo‘ladi. Chunki OChLdagi birinchi o‘yin va o‘z uyida o‘ynaydi. Albatta, jamoalar natija qilish uchun kurashadilar. Ha, Namanganga Neymarning kelishi mumkinligi shov-shuv bo‘lyapti. Lekin nafaqat Namanganga, balki yurtimizga Neymar, Benzema kabi yulduzlarning kelishi O‘zbekiston futboliga rivojlanishi uchun yaxshi bo‘ladi. Ular nafaqat Saudiya, balki butun Osiyo futbolini reklama qilishyapti. Butun dunyo Namangandagi o‘yinni translyatsiya qiladi. Bunday yulduzlarning Osiyoga kelishidan unumli foydalanishimiz lozim. Biz bungacha ham kuchli futbolchilarga qarshi o‘ynaganmiz. Bunga koreyalik Song misol. Terma jamoalarimiz o‘zaro uchrashishganida Davron Hoshimov o‘z qanotida Songni shunaqangi “yopganki”, keyin chap qanotdan o‘ng qanotga o‘tishga majbur bo‘lgan. Bizning o‘yinchilarimiz yulduzlardan kam emas. Ularga qarshi tayyorgarlik ko‘ramiz. Bu – futbol.
- Birinchi vazifani uddaladingiz va “Navbahor”ni OChL guruh bosqichiga olib chiqdingiz. Ikkinchi vazifa guruhdan chiqish...
- Ha, maqsadimiz bosqichma-bosqich va guruhdan chiqish.
- OChL pley-off o‘yinida “Al-Vakra” taslim etilgach, elkangizdan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldimi va OChL ilk turida “Al-Hilol”ga qarshi bahs oldidan o‘zgacha rejalar va syurprizlaringiz bormi?
- Ha, reja qilganmiz. Ularda kuchli jamoa va kuchli futbolchilar bor. Raqib safidagi 2-3 ta futbolchi Avstraliya terma jamoasining a’zolari. Qatar terma jamoasi o‘yinchilari ham bor. Ularning kuchsiz tomonlarini ham ancha o‘rgangandik. Yigitlarimiz hujumda faol o‘ynadilar. Qizil kartochka bo‘lguniga qadar ham tashabbus biz tomonda edi. Rejamiz bo‘yicha pressingda o‘ynashimiz kerak edi. Faolligimiz evaziga ularni qoida buzishga va qizil kartochka bo‘lishiga olib kela oldik. OChL guruh bosqichi o‘yinigacha hali vaqt bor. Oldimizdagi reja 26 avgust kuni chempionat doirasidagi o‘yinimiz va shu haqida o‘ylayapmiz. Hozir barcha ishimiz, mehnatimiz va kuchimiz chempionatga qaratilgan.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar
Наманган халки буни кутмокда