
"Bunyodkor"ning g‘alabasi qaysi futbolchiga bag‘ishlandi? Klubda moliyaviy ahvol o‘zgardimi yoxud Lutfulla To‘raev faoliyatidagi eng chiroyli golni urdimi?
Kecha “Bunyodkor” Superliganing 17-turida o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ni qabul qilib 2:1 hisobida g‘alabaga erishdi. Shunday qilib, “Qaldirg‘ochlar” ketma-ket to‘rtta o‘yindani beri mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda, uchta g‘alaba, bitta durang.
“Bunyodkor”ning etakchisi Lutfulla To‘raev joriy chempionatdagi birinchi golini “Qo‘qon-1912” darvozasiga chalqancha uslubda kiritdi. O‘yindan keyin futbolchi Sports.uz saytiga taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Futbol o‘ynamaganimizga ancha bo‘ldi. Xabaringiz bor, milliy terma jamoamizning yig‘ini va o‘yini uchun chempionatimizda biroz tanaffus yuz bergandi. Biz mana shu ikki hafta mobaynida “Qo‘qon-1912”ga qarshi tayyorgarlik ko‘rdik. Maqsadimiz ushbu uchrashuvga jiddiy hozirlanish va g‘alaba qozonish edi. Maydonda barchamiz bir bo‘lib o‘ynadik. Shuning uchun uch ochkoga erishdik, deb o‘ylayman.
- Birinchi taymdan keyin hisob 2:1 edi. Ikkinchi bo‘lim “Bunyodkor” uchun jiddiy xavotirda o‘tdimi?
- Jiddiy xavotirda o‘tmadi-yu, boya aytganimdek, orada FIFA kunlari bo‘lgani uchun ma’lum vaqt o‘ynamadik. Yana o‘yindan-o‘yinga hammasi joyiga tushadi. Hozir eng asosiysi, natija.
- Chalqancha uslubda urgan golingiz o‘yinning bezagi bo‘ldi. Bu turning ham chiroyli gollaridan biri bo‘ldi. O‘sha vaziyatni qanday izohlaysiz? Hammasi tasodifan yuz berdimi yoki...
- Bunday gollar o‘ylanib uriladigan emas. To‘p menga kelib qoldi. Albatta, jarima maydoni ichida to‘p kelishi bilan gol uraman deb turgandim. Ammo aynan chalqancha holatda tepaman, deb o‘ylaganim yo‘q. Faqat men turgan joyga nisbatan to‘p biroz orqaroq kelgani uchun shunday holatda tepdim. Balki to‘p oldinroqqa uzatilganida boshqacha tepishim yoki bosh bilan zarba berishim mumkin edi. Faqat orqaroqdan kelgani uchun tavakkal qilib tepdim. Golim jamoamga yordam berib, uch ochko keltirganidan xursandman. Yana shuni aytmoqchimanki, milliy terma jamoamiz safida Shvetsiyaga qarshi uchrashuvda jarohat olgan Farrux Ikromovga ushbu g‘alabamizni bag‘ishlaymiz. Shu bola uchun ham yutishimiz kerak edi.
- Adashmasam, bu mavsumdagi birinchi golingiz bo‘ldi-a?
- Ha, Superligada birinchi gol.
- Ushbu gol faoliyatingizda eng chiroylisimi yoki bundan ham chiroylisi bormi?
- To‘g‘ri, bu boshqacha gol bo‘ldi. Haqiqatan chiroyli chiqdi. Superkubokda urgan golim ham chiroyli edi. Ya’ni, “Bunyodkor” maydonida “Lokomotiv” safida “Paxtakor” darvozasiga uzoqdan urgan golim ham chiroyli ko‘rinish olgandi. Lekin bunisi boshqacha. U paytda uzoqdan urgan bo‘lsam, bunisi yaqindan va teskari turgan holda. Menimcha, eng chiroyli golim shunisi bo‘lsa kerak. Birinchi o‘ringa qo‘yaman.
- Oxirgi urgan golingizni eslay olasizmi?
- O‘tgan yili o‘z maydonimizda o‘ynaganimizda “Andijon”ga gol urgandim. Hozir himoyaga yaqinroq joyda o‘ynayapman. Ilgari biroz oldinroqda o‘ynaganimda 3-4 ta gol urib turardim. Muhimi, gollarimiz jamoaga ochko olib kelsa bo‘ldi. Qanaqa gol bo‘lishini farqi yo‘q.
- O‘yindan keyin “Qo‘qon-1912” ustozi Baxtiyor Ashurmatov siz haqingizda fikr bildirib, yoshi men bilan teng bo‘lsa ham o‘ynab yuribdi, degan gapni aytdi. Bunga munosabatingiz qanday?
- Buni izohsiz qoldiraman.
- “Bunyodkor” oxirgi to‘rtta o‘yinda uchta g‘alaba va bitta durang qayd etdi. Klubda moliyaviy qiyinchilik borligi haqida aytilayotgan bir vaziyatda jamoaning g‘alabali seriyani boshlab olgani tahsinga loyiq.
- Moliyaviy qiyinchilik, deb tashlab qo‘ysak ham bo‘lmasdi. Bu bilan o‘zimizga-o‘zimiz yomon qilgan bo‘lamiz. Barcha o‘yinchilar mashg‘ulotlarda astoydil ishlashyapti. Rahbariyat bizga kuchli uchtalikka kirish vazifasini qo‘ygan. Kubokda esa finalga chiqishimiz kerak. “Paxtakor” ancha oldinlab ketgan bo‘lsa-da, undan keyingi o‘rinlardagi jamoalar katta farq bilan oldinda emas. Harakat qilsa bo‘ladi, hammasi o‘z qo‘limizda.
- G‘alabali seriya ko‘proq omad bilan bog‘liqmi yoki tajribami?
- Omad kimga kulib boqadi?
- Kuchlilarga!
- Kuchlilarga va mehnat qilayotganlarga. Shuning uchun mehnat qilyapmiz va bizga omad kelyapti.
- O‘tgan safar gaplashganimizda maoshlar borasida uzilishlar borligi haqida aytgansiz. Hozir ahvol qanday?
- Klub o‘rtada qolib ketgandi. Hammasi yaxshi bo‘lyapti. Homiy yana o‘ziga qaytarib oldi. Oylik maoshlarni berishni boshladi, bundan muammo yo‘q. Bu esa jamoani ruhlantiryapti. Bu eng muhimi.
Fikrlar