
"Bunyodkor" stadioniga yangi direktor tayinlandi!
O‘tgan haftaning so‘nggi kunlarida esa “Bunyodkor” stadioni, ya’ni “Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direktsiyasi”ning faoliyatiga oid tanqidiy majlis o‘tkazilgan edi.
Direktsiya “Bunyodkor” stadionidagi inshootlarni yaxshi holatda saqlab turgan hamda musobaqalar va o‘yinlar uchun kerakli xonalar va boshqa joylarni etarli holatda ta’minlay olayotgan bo‘lsada, futbol o‘ynash uchun eng dolzarb bo‘lgan jihat – maydonni, mana bir necha mavsumlarki, ko‘ngildagiday darajada tayyorlay olmayotganligini tanqid qilgan edi “Bunyodkor” futbol klubi prezidenti.
Bosh homiy “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan direktsiyaning faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligiga qaramasdan, asosiy masala – maydon va chim holatining yaxshi emasligi ko‘pchilikning, ayniqsa, futbol jamoatchiligining e’tirozlariga sabab bo‘layotganligi aytilib, buni yaqindagina o‘tkazilgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Osiyo kubogi o‘yinlari ham yaqqol ko‘rsatganligi bildirilgandi.
Natijada, 24 iyun kuni “Bunyodkor” stadioniga ham yangi direktor tayinlandi. Bu lavozimni shu kungacha “Nasaf” jamoasining uy arenasi – Qarshidagi "Markaziy" stadionda direktor bo‘lib ishlab kelgan Sherzod Haqberdiev egalladi.
“Bunyodkor” FK prezidenti Sh.Haqberdiev oldiga, birinchi navbatda, maydon chimining holatini butunlay hamda talabga javob beradigan qilib yaxshilash vazifasini qo‘ydi. Shuningdek, “Bunyodkor” stadioni binolari va inshootlaridan foydalanish direktsiyasi”ning boshqa yo‘nalishdagi faoliyati ham tahlil qilib chiqilib, zarur xulosalar yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi belgilandi.
Fikrlar