"Bunyodkor" - obro‘li jamoa". Klub safida o‘z so‘zini aytishni boshlagan yangi futbolchi e’tibor markazida

  • 15 mart, 2023, 15:10
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Bunyodkor” klubi yangi mavsumni muvaffaqiyatli boshladi. Avvaliga Zominda “So‘g‘diyona”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratishdi. 2-turda OKMKni 3:2 hisobida taslim qildilar.

Tecno

Olmaliqliklarga qarshi uchrashuvda “Bunyodkor”ning yangi futbolchisi Shoxruh Abdurahmonov gol urdi, penalti ishladi va g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi. Shu sababli u uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisiga aylandi.

Aytish mumkinki, Abdurahmonov yangi mavsumdan e’tiboran “Bunyodkor” sharafini himoya qilyapti va debyut golini ham urishga ulgurdi. Yangi klubida 8-raqamli libosda harakat qilayotgan Shoxruh kutilganidek o‘zini ko‘rsatishni boshladi. Quyida u bilan uyushtirilgan suhbatni o‘qishingiz mumkin.

- “Bunyodkor”ning OKMKga qarshi uchrashuvidan qanday xotiralar qoldi?

- Nima desam ekan? Ishimiz shu – g‘alaba qozonish. OKMK oson raqib emasdi, qiyin edi. Uchrashuv og‘ir o‘tishini sezib turgandik. Shu bois uchrashuvga yaxshi tayyorlandik. Raqib jamoaning o‘yinini o‘rganib chiqdik. Murabbiylarning ko‘rsatmalarini bajardik va o‘zimizga kerakli natijaga erishdik. “Bunyodkor” oxirgi marta 4 yil oldin OKMKni yutgan ekan. Jamoa sifatida biz buni uddaladik.

- “Bunyodkor”dagi debyut golingizni urdingiz va uchrashuvning eng yaxshi futbolchisiga aylandingiz...

- Bu avvalo jamoaning yordami. Oldindan nima bo‘lishini bilmaysiz. Hammasi Xudodan. Bir o‘zim hech nima qila olmasdim. Agar nasib qilmaganida bunday bo‘lmasdi.

abdurahmonov

- Qishda “Bunyodkor”da ayrim muammolar ko‘zga tashlangandi. Lekin jamoa tarkibdagi ayrim o‘zgarishlardan keyin mavsumni ketma-ket ikkita g‘alaba bilan boshladi. “Bunyodkor”ning chempionatni muvaffaqiyatli start olishini nima bilan bog‘lagan bo‘lardingiz?

- Avvalambor, barchasi Xudodan. “Bunyodkor”da juda yaxshi jamoa yig‘ilgan. Biz bir oiladek bo‘la oldik. Antaliyadagi yig‘in chog‘ida murabbiylar yaxshi jamoani yig‘a oldilar. Murabbiylar shtabidan tortib, oddiy ishchi-xodimlargacha ahil-inoqlik asosiy o‘ringa chiqdi. Chempionat boshlanmasidanoq bir-birimizdan kuch ola boshladik. Bu esa o‘yinlarimizga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Futbolchilarni g‘alabaga bo‘lgan xohish va istagi juda kuchli. Bilasiz, “So‘g‘diyona” ham, OKMK ham xirgi paytlarda kuchli beshtalikdan tushmayapti. Oson raqiblar emas. Nasib qilgan ekan, yutib oldik.

- Keyingi turni Farg‘onada “Andijon”ga qarshi o‘tkazasizlar. “So‘g‘diyona” va OKMKni oson raqiblar emaslinini aytdingiz. Bo‘lajak bellashuv oldidan nima deya olasiz?

- Hozir engil raqibni o‘zi yo‘q. Buni chempionat ham aytib turibdi. “Andijon” chempionatni Qarshida “Nasaf” ustidan g‘alaba qozonib boshladi. Hamma jamoa tarkibini kuchaytirgan. Hozir mavsum boshi bo‘lgani bilan barcha jamoalar ochko yig‘ish harakatida. Shuning uchun engil o‘yinning o‘zi bo‘lmaydi. Har bir raqib jiddiy. Kutilmagan natijalar ham bo‘lyapti. Har bir uchrashuvga munosib tayyorlanamiz.

abdurahmonov2

- O‘tgan yili birinchi davrada Belarus chempionatida “Energetik-BGU” safida to‘p surdingiz. Ikkinchi davrada “Dinamo”ga qaytdingiz. “Bunyodkor”ga o‘tishingiz qanday amalga oshdi?

- Qishki transfer oynasi paytida “Bunyodkor” menga qiziqqan ekan. Agentlar orqali bu narsa amalga oshdi. Klubdagilar meni o‘z safida ko‘rishni xohlashdi va bu ro‘y berdi.

- Yangi jamoada nimaga erishmoqchisiz?

- “Bunyodkor” - obro‘li jamoa. Yurtimizdagi etakchilardan biri. Ko‘pchilik futbolchi mana shunday yaxshi klubda to‘p surishni xohlaydi. Oldimizga qo‘yilgan maqsadni bajarishga bor kuchimiz bilan harakat qilamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!