
Bugun 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezboni aniqlanadi
Bugun O‘monning Maskat shahrida bo‘lib o‘tayotgan OOKning 39-Bosh Assambleyasida 2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezboni aniqlanadi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti xabar tarqatmoqda.
Ushbu qit’a O‘yinlarini tashkil etishga Qatarning Doha va Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shaharlari da’vogarlik qilmoqda.
“Qiyin kelgan yilimiz oxirida Bosh Assambleyamizni o‘tkazish uchun olimpiya harakatimiz birlashganidan juda mamnunmiz. Biz juda muhim uchrashuvda ishtirok etish uchun kela olgan Milliy olimpiya qo‘mitalari rahbarlariga minnatdorligimizni bildiramiz. Biz, shuningdek cheklovlar sababli uchrashuvimizda shaxsan ishtirok eta olmayotgan boshqa MOQ rahbarlari duch kelgan murakkab vaziyatlarini tushunib turibmiz”, – dedi OOK prezidenti shayx Ahmad al-Fahad as-Sabah.
OOK prezidenti, shuningdek, Osiyo Olimpiya Kengashining baholovchi qo‘mitasi noyabr oyida da’vogar har ikki shaharda bo‘lganligi va Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan rejalar, muhim dasturlar, jahon standartlariga javob beradigan sport infratuzilmalarining mavjudligi, shuningdek ulardagi ulkan zavq-shavq va ruhlanish o‘zlarida juda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
2030 yilgi Osiyo o‘yinlari mezboniga ovoz berish hatto Maskatdagi uchrashuvda hozir bo‘lgan MOQ rahbarlari uchun ham onlayn tarzida o‘tkaziladi.
OOK Bosh Assambleyasi yig‘ilishida O‘zbekiston nomidan Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, Markaziy Osiyo MMA konfederatsiyasi raisi Otabek Umarov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, MOQ Bosh kotibi, Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo o‘yinlari direktori Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosarlari Saken Polatov, Azizjon Kamilov, MOQ raisi maslahatchilari Iskandar Shodiev va Sherzod Asatullaev, O‘zbekiston Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev, O‘zbekiston zamonaviy beshkurash federatsiyasi raisi Bahrom Gaziev, shuningdek, Toshkent shahar hokimiyati vakillari ishtirok etishmoqda. Assambleyaning biz uchun ahamiyatli jihati, bugun OOK va O‘zbekiston tomoni o‘rtasida 2025 yilda Toshkentda yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha shartnoma rasman imzolanadi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo o‘yinlari birinchi marotaba 1951 yilda Hindistonning Nyu-Dehli shahrida o‘tkazilgan edi. XIX Osiyo o‘yinlari Xitoyning Xanchjou shahrida 2022 yil 10-25 sentyabrda, XX Osiyo o‘yinlari Yaponiyaning Ayti-Nagoya shahrida 2026 yilning 19 sentyabridan 4 oktyabrigacha bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar