
Bu mavsumda "Mash’al" jumboq jamoa rolidami?
“Mash’al” klubining Superligaga qaytganini ko‘pchilik iliq qarshi olishdi. Boisi, muborakliklar bungacha boshidan og‘ir kunlarni o‘tkazganini hali unutganimiz yo‘q. 2017 yilgacha “Mash’al” oliy ligada barqaror ishtirok etib kelayotgan jamoa edi. O‘sha mavsumda ular 7-o‘rinni egallashgandi. Biroq chempionat tizimida ro‘y bergan islohotlar natijasida “Mash’al” klubi buning qurboniga aylangan holda yangi tashkil etilgan pro-ligaga tushirib yuborilgandi. Oqibatda klubning barcha rejalari ostin-ustun bo‘lib ketadi va 2018 hamda 2019 yilgi mavsumlarni quyi ligada o‘tkazishga to‘g‘ri keldi.
Majburiy ravishda quyi ligaga ravona qilinganidan keyin “Mash’al”ning siyosati o‘zgardi va tarkibidagi barcha etakchilarni boshqa klublarga qo‘yib yubordi. Ularning o‘rniga esa asosan yoshlarni o‘ynatishni boshlashdi. O‘tgan yilgi mavsumda esa “Mash’al” o‘sha yoshlar bilan pro-ligada peshqadamlikni oxirigacha saqlab qoldi. Natijada ikki yillik tanaffusdan so‘ng muborakliklar yana elitaga qaytishga muvaffaq bo‘lishdi. Shuni aytish kerakki, Superliga tashkil etilganidan beri “Mash’al” unda ilk bor ishtirok etadi. Klub boshiga tushgan turli qiyinchiliklarni engib o‘tdi. Bu jamoaning o‘zbek futbolida o‘z o‘rni bor edi, xo‘sh, ular o‘sha o‘rnini yana qaytara oladimi? Yangi mavsumda yangilangan “Mash’al” qanday karomat ko‘rsata oladi?
Hozircha rasmiy ravishda Superliganing debyutanti sanaladigan bu klub boshqalar uchun go‘yoki jumboq jamoadek bo‘lib ko‘rinmoqda. O‘z nomi bilan “Mash’al” bo‘lsa-da, ammo ularda allaqachon ishlash uslubi, klubdagi tizim o‘zgargan, ya’ni yoshartirib yuborilgan. Qolaversa, moddiy ta’minotni ham unutmaslik lozim. Bu jamoa esa Superligaga asosan “jimgina” tayyorgarlik ko‘rib kelmoqda. Balki bu jimlikning ortida nimadir yashiringan bo‘lishi ham mumkin. Ikki yil davomida quyi ligada ishtirok etib qaytgan “Mash’al” kuchlilar orasiga qaytib nimanidir isbotlashga hozirlik ko‘rayotgandek. Lekin tarkibiga qarasangiz, juda kamtarin va jiddiy o‘zgarishlarsiz. Shu kungacha bu jamoa biror-bir shov-shuvli transferni amalga oshirgani yo‘q. Aslida esa “Mash’al” bunday selektsiya bilan shug‘ullanmagan va shug‘ullanmasa ham kerak. Qiziq jihati jamoa quyi ligada o‘ynagan paytida bir qator iqtidorli o‘yinchilarini Superliga klublariga ijaraga berib yuborgandi. Muborakliklar ham elitaga qaytishgach, endi ijaradagi futbolchilarni qaytarib olgan holda tarkibini kuchaytirishini taxmin qilganimiz ham rost. Ammo bu vaziyatda “Mash’al” rahbariyati yana boshqacha yo‘l tutishdi. Oqibatda milliy terma jamoa darajasigacha o‘sishga erishgan tarbiyalanuvchilarini yana boshqa klublarga berib yubordi. “Nasaf”da porlagan Humoyun Murtazoev bilan Sardor Abduraimov “Bunyodkor”ga ketishdi. Iskandar Shoyqulov yana “So‘g‘diyona”da qoldi. “Andijon”da to‘purar bo‘lgan Shahzod Ubaydullaevni esa “Metallurg”ga berib yuborishdi. Bunga o‘xshash misollarni yana keltirishimiz mumkin.
Jamoaning tarkibiga e’tibor qaratar ekanmiz, chindan ham biror-bir nomi chiqqan futbolchilar chaqirilganini ko‘rmaymiz. Asosan o‘tgan yilgi tarkib va qo‘shni klublardan taklif etilgan sobiq tarbiyalanuvchilarini ko‘rish mumkin. O‘tgan mavsumda “Buxoro” darvozasini qo‘riqlab tajriba orttirgan Rahimjon Davronov yangi mavsumda katta ehtimol bilan “Mash’al”ning asosiy posboni bo‘ladi. Shuningdek, o‘tgan mavsumda “Sho‘rtan”da faoliyat olib borgan yana bir darvozabon Botir Nosirov ham yaqinda “Mash’al”ning mashg‘ulotlarida ishtirok etishni boshladi. Balki u darvozabonlar murabbiyi sifatida ham ish boshlashi mumkin. Davronov bilan birga “Buxoro”da to‘p surgan futbolchi Jamoliddin Ubaydullaev ham ilgari “Mash’al”da to‘p surgandi. Klub esa uni ham qaytardi. Samarqandning “Dinamo”sida to‘p surgan yarim himoyachi Abbos Shodmonov ham oldin “Mash’al”da to‘p surganini inobatga olsak, u ham sobiq jamoasiga qaytgan deyish mumkin. Klubning yana bir tarbiyalanuvchisi Sirojiddin Rahmatullaev o‘tgan yili G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasida faoliyat olib borgandi, endi yana “Mash’al” uchun o‘ynaydi. Shuningdek, “Nasaf”da o‘ynagan hujumchi Sherzod Temirov ham muborakliklar safida to‘p suradigan bo‘ldi. “Bunyodkor”dan esa asli andijonlik bo‘lgan hujumchi Jahongir Abdusalomov taklif etildi.
Ko‘rib turganingizdek, “Mash’al”da nomdor futbolchilar yo‘q, hammasi hali tanilishga ulgurmagan, ammo o‘ynash uchun ishtiyoqi yuqori bo‘lgan futbolchilardir. Lekin tajribali ijrochilar ham baribir kerak. Shuning uchun bo‘lsa kerak, “Mash’al”ga xorijlik legionerlar ham qo‘shilishgan. Masalan, 1987 yilda tug‘ilgan ukrainalik Denis Vasilev hozirda “Mash’al” yig‘inida qatnashyapti. U markaziy himoyada to‘p suradi. U faoliyati davomida Ukraina, Gruziya, Qozog‘iston, Bolgariya klublarida to‘p surgan. Nigeriyalik Ifeani Ifeani ham jamoa yig‘inida ishtirok etmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, u hujumkor yarim himoyachi hisoblanadi. Qolaversa, kotdivuarlik Ella Kin ham “Mash’al” murabbiylarida iliq taassurot qoldirish uchun harakat qilmoqda. Kuni kecha jamoa Toshkentdagi yig‘inini yakunladi. Oxirgi nazorat uchrashuvini esa “Qo‘qon-1912” jamoasiga qarshi o‘tkazib 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lishdi.
“Mash’al”ning asosiy tarkibida quyidagi futbolchilar maydonga tushishdi: Rahimjon Davronov, Abbos Shodmonov, Jamoliddin Ubaydullaev, Denis Vasilev, Najmiddin Normurodov, Nikita Pavlenko, Sirojiddin Qo‘ziev, Sirojiddin Rahmatullaev, Ifeani Ifeani, Ella Kin, Sherzod Temirov.
“Mash’al” klubi yangi mavsumning ilk uchrashuvini 29 fevral kuni o‘z maydonida “So‘g‘diyona”ga qarshi o‘tkazadi. Endilikda jamoa bor e’tiborini ushbu bahsga qaratgan. Hozircha ikki nafar legioner – Vasilev bilan Ifeani “Mash’al” bilan kelishuvga erishgan. Shuningdek, klubda murabbiylar masalasi ham oxirgi paytlarda asosiy mavzuga aylangandi. Bungacha rahbariyat evropalik mutaxassislar bilan muzokaralarga kirishishgandi. Lekin ishlar o‘xshamaganidan so‘ng “Mash’al” mahalliy kadrlarga tayanishga qaror qildi. Yaqinda klub menejeri Ilhom Qurbonov ta’kidlab o‘tganidek, jamoaning sobiq futbolchisi Dilyaver Vaniev natija uchun asosiy javobgar hisoblanadi. Unga Viktor Jalilov bilan Botir Qoraev yaqindan yordamlashishmoqda. Superligada ilk bor qatnashayotgani va hozirda jamoaning holatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, “Mash’al” avvalo o‘z-o‘zidan ligada qolish uchun kurashishi tabiiy hol. Bizningcha, bunday vaziyatda jamoadan bundan ortig‘ini ham kutib bo‘lmaydi. Agarda klub shunday kamtarona tarkib bilan ham nimagadir erishishni ko‘zlagan holda shunga hamoxang tarzda shu yilning o‘zidayoq natijalar ko‘rsatishni boshlasa, unda “Mash’al” chinakamiga syurpriz jamoaga aylanishi hech gap emas.
Fikrlar