
Braziliyalik "hindu" raqibini yanchib tashlaydi! (So‘rovnoma)
6 oktyabr kuni "UFC 307" turniri tashkil etiladi. Ushbu jang kechasining asosiy to‘qnashuvi yarim og‘ir vazn (93 kg) toifasi chempioni Aleks Perreyra va Xalil Rountri o‘rtasida kechadi. Albatta, bu qarama-qarshilikda yaqqol favorit Perreyra sifatida etirof etilmoqda. Biroq, bu MMA va ushbu vazn toifalarida sensatsiyalar ro‘y berib turadi. Biz an’anaga muvofiq mazkur jangdagi imkoniyatlar borasida o‘zbek yakkakurash olami vakillarining fikriga quloq tutdik.
Shuhratbek Abdumutalibov - murabbiy
- Hamma Aleks Perreyraning imkoniyatini yuqori baholamoqda. Aynan ushbu omillar uning zarariga ham ishlashi mumkin. Ya’ni, raqibni mensimaslik va hotirjamlik unga pand berib qo‘yadi, deb o‘ylayman. Ko‘p narsa Perreyraning bu jangga qanday yondoshishiga bog‘liq bo‘ladi. To‘g‘ri, Perreyra "stoyka"da istalgan raqibni yanchib tashlashi mumkin. Biroq, Rountirining ham muaytaydan chiqqanini esdan chiqarmaslik kerak. Uning lou-kiklari juda og‘ir bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, baribir Perreyraning g‘alaba qozonish imkoniyati yuqori. 55/45 degan bo‘lardim. Chunki Perreyra chempion va katta nom. Pullik translyatsiyalarni inobatga olgan holda, ochkolar bilan hisoblanuvchi har qanday vaziyatda g‘alaba Perreyraga beriladi.
Donyorbek Ro‘ziev - murabbiy
- To‘g‘risi, Perreyraga bu raqibni berishini kutmagandim. Kuchliroq va mashhur raqib bilan jang qilsa, qiziqarliroq bo‘lardi. Shubhasiz, bu jangda yaqqol Perreyra favorit va u jangni muddatidan avval o‘z foydasiga hal qiladi. Uzog‘i 2-raundda nokaut bilan g‘alaba qozonadi. Imkoniyatlar 70/30 Perreyra foydasiga!
Mardonbek Kimsanboev - murabbiy
- To‘g‘ri, bu MMA bo‘lib ham UFC, yarim og‘ir vazn toifasi va bu divizionda har qanday vaziyatlar, "apset"lar bo‘lishi mumkin. Lekin bu jangda emasda... Bu qarama-qarshilikda g‘olib nomi ma’lum. Bu Aleks Perreyra! Braziliyalik "hindu" yaqqol ustun. Jang muddatidan avval nokaut bilan yakunlanadi. 80/20 Perreyra.
Mirafzal Axtamov - MMA jangchisi
- Bir-biriga mos bo‘lmagan raqiblarning to‘qnashuvi, deb o‘ylayman. Bu qarama qarshilikda Aleks Perreyra yaqqol dominant bo‘ladi. Jang muddatidan avval yakunlanadi. Uzog‘i 2 -raundda Perreyra TKO yoki KO bilan g‘alabaga erishadi. Imkoniyatlarni 80/20 degan bo‘lardim.
Abdurahmon Fozilov - MMA jangchisi
- Markaziy jangga mos bo‘lmagan raqiblar bahsi bo‘ladi. Menimcha Rountridan boshqa yaxshiroq nomzodlar bor edi. Bilmadim Dana Uayt nimaga Xalil Rountri nomzodida to‘xtaldi. Imkoniyatlar borasida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Perreyra bu jangda muddatidan avval g‘alabani qo‘lga kiritadi. Rountrining kuchli jihati kurash bo‘lganda ham biroz unda imkoniyat bo‘lgan bo‘lardi. Biroq, Rountrining ham kuchli jihati "stoyka" hisoblanadi. "Stoyka"da esa Perreyra o‘zini suvdagi baliqdek xis qiladi. Imkoniyatlarni 70/30 deya baholagan bo‘lardim.
Fikrlar