
"Bosimni ko‘tara oldik" yoxud "Lokomotiv" himoyachisi Qirg‘iziston - KXDR uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi!
Kecha “JCh-2026” 3-saralash bosqichi doirasida Qirg‘iziston terma jamoasi Bishkekda KXDRni qabul qildi. O‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining ushbu bosqichiga etib kelgan qirg‘izistonliklar dastlabki g‘alabasini tantana qildilar. Yagona gol Qirg‘iziston terma jamoasiga tarixiy g‘alabani taqdim etdi. Natijada O‘zbekiston bilan Eron peshqadamlik qilayotgan guruhda yon qo‘shnimiz oxirgi pog‘onadan 5-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
Qirg‘izistonning KXDRga qarshi o‘yinidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Maksim Lisitsin shunday dedi:
“KXDR terma jamoasi ijrosida etarlicha murakkab pressingli hamda bosimli futbol ko‘rdik. Biz yagona golimizni standartdan urishga muvaffaq bo‘ldik. Bu esa o‘yinning keyingi borishiga ta’sir qildi. Biz natijadan qoniqdik. Keyingi o‘yinlarga tayyorgarligimizni reja bo‘yicha davom ettiramiz”.
Shuningdek, Qirg‘iziston terma jamoasi tarkibida Superligamizda to‘p surib, muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan futbolchilar ham faoliyat olib bormoqdalar. KXDRga qarshi bellashuvda qirg‘izistonliklarning tajribali himoyachisi va jamoa sardori Valeriy Kichin uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etildi.
Bilasiz, Kichin bugungi kunda Toshkentning “Lokomotiv” klubida ham o‘ynab kelmoqda. “Temiryo‘lchilar” a’zosi KXDRga qarshi bahsda chindan ham ajoyib o‘yin namoyish etdi. Uning boshchiligida himoyada ishonchli o‘yin ko‘rsatishdi. Eng yaxshi o‘yinchiga aylangan Kichin esa quyidagicha fikr bildirdi:
“Juda murakkab o‘yin bo‘ldi. Raqib kurashuvchan. Shuning uchun ham maydonning har bir qarich eri uchun qaqshatgich kurash bordi. Ammo biz bosimni ko‘tara oldik va ularning zaif joylarini topishga harakat qildik. Turnir jadvalidagi o‘rnimizni yaxshi tushunib turgandik. Eng asosiysi, muxlislarimizni xursand qila oldik”.
Fikrlar