Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga rais etib saylandi
Bosh vazir o‘rinbosari, Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi, shuningdek, badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi etib saylandi.
Bugun O‘zbekiston shaxmat federatsiyasida navbatdan tashqari hisobot-saylov konferentsiyasi o‘tkazildi. Kun tartibidagi asosiy masala federatsiyaga yangi rais saylash bo‘lgan va bunga Aziz Abduhakimov nomzodi ko‘rsatilgan. Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Abduhakimov shaxmat federatsiyasining yangi raisi etib saylangan.
Qayd etish joiz, hozirga qadar ushbu lavozimda Dmitriy Li ishlab kelayotgan edi. U bir vaqtning o‘zida prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktori vazifasini ham bajarib kelardi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 14 yanvar kuni «Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi barcha maktablarda «Shaxmat sinflari» ochilishi, 150 ta ixtisoslashtirilgan shaxmat maktabi tashkil etilishi belgilandi.



Fikrlar