Bobur Omonov: "Buxoro"ga qaytishimda pul asosiy rol o‘ynagani yo‘q

  • 21 avgust, 2019, 21:49
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Futbolchilarning jamoa almashtirishi yoki sobiq klubiga qaytishi kabi vaziyatlar oddiy holatga aylangan. Masalan, buxorolik himoyachi Bobur Omonov katta futbolga «Buxoro» klubi orqali kirib kelgan. Mavsum boshida esa ilk bor faoliyatida jamoasini almashtirishga qaror qildi va shunga asosan u «Buxoro»dan «Andijon»ga ko‘chib o‘tgandi. Aytish kerakki, birinchi davrada Omonov o‘zidan yaxshi taassurot qoldirgandi. Biroq birinchi davra tugaganidan keyin futbolchi yana «Buxoro»ga qaytib ketishga ahd qildi. Shu bois Omonov bilan bog‘lanib, klubini yana nima uchun almashtirgani va sobiq jamoasiga qaytgani haqidagi bir qator savollarga javob oldik.

Tecno

- Birinchi davrada «Andijon»da o‘ynab yurgan kezlaringizdayoq sizni ikkinchi davrada yana «Buxoro»ga qaytishingiz haqida eshitgandik va yakunda bu o‘z isbotini topdi. Bunday qaror qabul qilishingiz asosan nima bilan bog‘liq edi?

- Niyatim uyga qaytish va «Buxoro»ga yordam berish edi. To‘g‘risi, bunday qiyin vaziyatda jamoani tashlab ketib bo‘lmaydi. Shuning uchun yana qaytdim. Buxorolik bo‘lganim uchun «Buxoro»ga yordam berishni istadim. Axir bu jamoa oxirgi o‘rinlarda boryapti va bunday paytda men ham jimgina qarab tura olmasdim.

- «Andijon»ga mavsum boshida qo‘shilgandingiz va yarim mavsumdan keyinoq  u erda ketdingiz. Bundan chiqdi, mazkur klubga kelishingiz siz uchun xatolikmidi?

- Yo‘q, men bunday deb o‘ylamayapman. U erda ham men uchun yaxshi edi. Doimiy ravishda o‘yin amaliyotiga ham ega bo‘lib keldim. O‘ylaymanki, «Andijon»da yomon o‘ynamadik. Taassurotlarim ham chakki bo‘lmadi.

- «Buxoro» qiyin vaziyatdan chiqib keta olmayapti. Vaholanki, birinchi davradan keyin tarkibda ancha-muncha o‘zgarishlar bo‘ldi. Shunga qaramasdan mag‘lubiyatlar seriyasi davom etyapti. Sizningcha, klubga nima etishmayapti?

- Jamoamizga biroz xarakter etishmayapti deb o‘ylayman. Aslida esa «Buxoro»da yaxshi jamoa bor. Bizda ortiqcha kamchilik yoki muammolar yo‘q. Ba’zi uchrashuvlarda esa bizdan omad ham yuz o‘giryapti.

- Bosh murabbiy Muhsin Muhammadiev bilan ilk bor ishlayapsiz. U qanday murabbiy?

- U haqida fikrim yaxshi. Muhsin Muslimovich ham jamoani kuchaytirish hamda natijalarini yaxshilash uchun bor kuchi bilan ishlayotgani ko‘rinib turibdi. Boya aytganimdek, bizda yaxshi jamoa bor. Muhammadiev hammani bir maqsad yo‘lida jipslashtiryapti. Murabbiy bu erga kelgach, ancha-muncha ko‘nikmalarga ega bo‘ldi va tez orada natijalarimiz ham ijobiy tomonga o‘zgarib borishiga ishonaman.

- Aslida «Buxoro» klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanasiz. Faoliyatingizni ushbu klubda boshlagansiz. «Andijon» esa faoliyatingizdagi ikkinchi jamoaga aylandi. Lekin bu erda ko‘p bo‘lmadingiz va darhol yana ortingizga qaytdingiz. Bundan chiqdi, «Buxoro»dan boshqa joyda o‘zingizni uydagidek his qila olmaysizmi?

- Yo‘q, nimaga? Hamma joyda bir xil. Axir men O‘zbekistondaman-ku. Agar chetga ketganimda bu boshqa gap edi va ana shundagina o‘zimni noqulay his qilishim mumkin edi. O‘zimizda o‘ynasam  hammani taniyman. O‘zimni boshqa joyda begonadigek his qilmayman.

- Birinchi davrada «Andijon» klubi tomonidan olib borilgan selektsiya ishlarida eng yaxshisi deya sizning taklif etilganingiz haqida ko‘p eshitdik. Umuman aytganda, u erdagi yarim yillik faoliyatingiz haqida nimadir deya olasizmi?

- To‘g‘ri, «Andijon»dagi faoliyatim uzoq davom etmadi. Ammo shunday bo‘lsa-da, men bu jamoaga tez moslashib keta olgandim. To‘g‘ri, boshida buning uchun menga biroz vaqt kerak bo‘ldi. Lekin hammasi joyida edi.

- Baribir futbolchilarning klubdan-klubga ko‘chib o‘tishlarida moliyaviy imkoniyatlar ham asosiy rolni bajaradi. Ayting-chi, sizning yana «Buxoro»ga qaytishingizda moliyaviy holat qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

- Yo‘g‘e, mening «Buxoro»ga qaytishimda hech qanday pul muhim rol o‘ynagani yo‘q. Doimgidek, bir xil holatdagi sharoit va takliflar. Yuqorida aytganimdek, ona shahrimga yordam berishni istaganim uchun qaytib keldim xolos. Klubdagilar menga ishonishgani uchun qaytdim-da.

- U holda mavsum boshida nima uchun «Buxoro»dan «Andijon»ga ketgandingiz?

- Ha, endi o‘sha paytda shunaqa vaziyat bo‘lib qoldi-da. Boshqa jamoada o‘zimni sinab ko‘rish istagim bor edi. Lekin baribir bu xohishim uzoq davom etmadi va yana qaytib keldim. Lekin yomon bo‘lgani yo‘q.

- «Buxoro»ning turnir jadvalida oxirgi o‘ringa tushib qolgani sizlarga qanchalik ta’sir o‘tkazyapti?

- Albatta, buning o‘ziga yarasha ta’siri seziladi. Chunki kim ham oxirgi o‘rinda yurishni xohlaydi? Ammo biz o‘zimizga-o‘zimiz ishonishimiz kerak. Ayrim paytlarda esa jamoaga ruhiy ishonch etishmayotgandek. Biz tezroq hozirgi vaziyatdan chiqib olishimiz kerak. O‘ylashimcha, bitta g‘alabaga erishsak, keyin jamoamiz yanada «ochilib» ketadi. Jamoamizda muhit joyida. Faqat yutishimiz kerak. Muxlislarimizga rahmat, ular bizni yutqazayotgan paytlarimizda ham yolg‘iz tashlab qo‘yishmayapti va doim qo‘llab-quvvatlab turishibdi. Baribir ishqibozlarimiz oldidagi ishonchni yo‘qotmasligimiz kerak. Shu bois qachondir bu omadsizlikka chek qo‘yishimiz shart.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Ramazonov Murod
21/08/2019 23:02
Бобир молодец хаконий Бухоро фарзанди!