Bobur Davlatov: "Aslida "Nasaf"ni tark etish niyatim yo‘q edi"

  • 2 iyul, 2019, 12:54
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 8
  • Futbol
CHERY AUTO

Yana bir o‘zbekistonlik futbolchi Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tdi. Sezgan bo‘lsangiz, gap Bobur Davlatov haqida bormoqda. Yodingizda bo‘lsa, u o‘tgan yilgi mavsumni Toshkentning “Lokomotiv” klubida boshlagandi. So‘ngra mavsumning ikkinchi yarmida “Nasaf”ga ko‘chib o‘tgan holda shu paytgacha faoliyatini qarshiliklar tarkibida davom ettirib kelayotgandi. Lekin endi uning faoliyatida yana o‘zgarish yuz berdi. “Nefteximik” – Davlatovning yangi jamoasiga aylandi. Aslini olganda, hamyurtimiz ushbu jamoa safida ikki yil oldin ham to‘p surgandi. Lekin o‘shanda “Nefteximik” ikkinchi divizionga tushib ketgandi. Bu yil esa klub yana Rossiya milliy futbol ligasi (MFL)ga qaytdi. Futbolchi dastlab ushbu klubga qaytishi qanday yuz bergani haqida gapirdi.

Tecno

- “Lokomotiv”ga qarshi o‘ynaganimizdan keyin “Nefteximik”dagi murabbiyim men bilan aloqaga chiqdi. Ular Rossiya milliy futbol ligasiga yo‘l olishgandi. Shu bois meni o‘z jamoasiga taklif qildi. Shundan so‘ng o‘ylab-o‘ylab u kishiga yo‘q deya olmadim. Mana, ko‘rib turganingizdek, endi “Nefteximik”daman.

Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, Bobur Davlatov “Nasaf”ning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylanib olgandi. Qolaversa, bosh murabbiy  Ro‘ziqul Berdiev unga katta ishonch bildirayotgandi ham. Ya’ni, Berdievning rejalaridan ushbu o‘yinchi muntazam ravishda joy olib kelayotgandi. Xo‘sh, murabbiy Boburning ketishiga qanday munosabat bildirdi? Bu haqida “Nefteximik”ning yangi a’zosi shunday dedi:

- Avvalambor Ro‘ziqul Berdievga rahmat aytmoqchiman. Meni to‘g‘ri tushundi va Rossiyaga ketishimga to‘sqinlik qilmadi. Albatta, boshida Ro‘ziqul aka ham qanaqasiga ketishing mumkin deb hayron bo‘ldi. Lekin oxirida meni tushunib, ketishimga rozi bo‘ldi. Shuning uchun Ro‘ziqul Sa’dullaevichga alohida minnatdorchiligimni bildiraman. Aslida “Nasaf”ni tark etish niyatim yo‘q edi. Hammasi kutilmaganda yuz berdi.

Shu tariqa, Bobur Davlatovning Rossiyadagi faoliyati yana boshlandi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, hamyurtimiz ilgari ham “Nefteximik”da to‘p surgan va ikkinchi bor ushbu jamoaga qaytdi. Lekin 2017 yildagi mavsumda Davlatov adashmasam, ushbu klub safida faqat beshta uchrashuvda maydonga tushgandi va bizningcha ham uning u erdagi faoliyati u qadar muvaffaqiyatli kechmagandi.

- Oldingi paytdagi faoliyatim qanday muvaffaqiyatli kechmagan? Hammasi jarohatlar bilan bog‘liq edi. O‘shanda asta-sekin o‘yinlarda qatnashib, o‘zimni ko‘rsatishga intilayotgandim. Boshqa chempionatdan kelgan bo‘lsam-da, o‘sha paytda bu jamoaga tez moslashib ketgandim. Shu bois ham o‘yin tomonidan muvaffaqiyatli harakat qilganman deb hisoblayman. Faqat o‘shanda jarohatlar menga halaqit qilgan. Hozir esa bunday narsalarga e’tibor bermayman. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘lishi kerak.

Shu o‘rinda Bobur Davlatovdan “Nefteximik”da do‘stlari qolganmi yoki tarkib butunlay yangilanib ketganmi, umuman o‘tgan vaqt davomida u erda nimalar o‘zgargan deya so‘raganimizda shunday dedi:

- “Nefteximik”da bundan ikki yil oldin o‘ynagandim. O‘sha paytda tarkibdagi futbolchilar boshqa edi. Hozir esa o‘sha tarkibdan 4-5 nafari qolishgan va o‘shalar bilan tanishman. Baza, mashg‘ulotlar maydoni esa o‘sha-o‘sha.

Har bir jamoaning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi bo‘ladi. Bu borada Davlatov va “Nefteximik”ning maqsad va vazifalari nimalardan iborat? Bu masala bo‘yicha hamyurtimiz quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdi.

- Mening maqsadim “Nefteximik”da o‘z o‘rnimga ega bo‘lish. Bu jamoa ma’lum tanaffusdan keyin MFLga qaytdi. Shu bois dastabki vazifa milliy futbol ligasida o‘z o‘rnimizni saqlab qolishga qaratiladi. Klub bilan esa bir yilga shartnoma tuzganman. Mavsum 7 iyuldan boshlanadi va biz yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Darhaqiqat, 7 iyul kuni MFLga start beriladi va shu kuni “Nefteximik” safarda “Mordoviya” mehmoni bo‘ladi. Shuni ta’kidlash joizki, “Nefteximik”ni bir necha mavsumdan buyon Yuriy Utkulbaev boshqarib kelmoqda. Ikki yil oldin ham Davlatov ushbu klubda aynan mazkur murabbiy qo‘li ostida to‘p surgandi. Qolaversa, ular “Rubin” hamda “Aktobe”da ham birga faoliyat olib borishgan.

- To‘g‘ri, ilgari ham Yuriy Utkulbaev bilan birga ishlaganman va u meni yaxshi biladi. Tabiiyki, bu safar ham meni o‘sha murabbiy o‘z jamoasiga taklif qildi. Utkulbaev hujumkor futbolni yaxshi ko‘radi. Hozirgi paytda ko‘rsatayotgan o‘yinlarimga aslida shu kishi ham sababchi. Biz “Rubin”da tanishganmiz. Rosti, u kishi kelganidan keyin futbolga boshqacha qaraydigan bo‘lganman, - deya bosh murabbiyga ta’rif berdi, Davlatov.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, Bobur «Nasaf»ning asosiy tarkibidagi muhim o‘yinchilaridan biriga aylana olgandi. Uning ketishi esa qarshiliklar uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ladimi? Bu savolga futbolchining o‘zi quyidagicha izoh berdi:

- Yo‘g‘e, men bunday deb o‘ylamayman. Bungacha ham “Nasaf”dan shuncha futbolchi ketdi, ammo o‘rniga munosib yoshlar etishib chiqyapti. Hech kim birovning o‘rni bilinyapti deb aytmaydi ham. Ro‘ziqul Berdievni yoshlar bilan ishlaydigan O‘zbekistondagi eng yaxshi mutaxassislardan biri deb o‘ylayman. O‘rnimni boshqa bir o‘yinchi bilan to‘ldirish ular uchun muammo emas deb o‘ylayman.

Shuningdek, hamyurtimizdan “Nasaf” bilan “Nefteximik” o‘rtasida qanda farqlar borligi haqida ham so‘radik.

- To‘g‘risi, “Nasaf” bilan “Nefteximik” o‘rtasida aytarli katta farq yo‘q. Farqi shuki, “Nasaf” O‘zbekiston, “Nefteximik” esa Rossiya klubi – deydi futbolchi.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
+998914530471
03/07/2019 10:49
Hurmatli Nasafning muhlislari. Boburning ketishidan fojea yasamaylik. Boburga omad yor bo'lsin. U bilan faxrlanamiz. Ammo Nasafda Boburning o'rnini bosadigan o'yinchi bor va buni yaqinda bilib olamiz. Berdiyevga ham omad. Malaka oshirishni muaffaqiyatli tamomlab, yangi kuch va g'oyalar bilan qaytishiga qattiq ishonaman...
&
maxmud muzaffarov
07/07/2019 20:00
Nasaf yulduzlar fabrikasi olga nasaf
&
Axat Xamrayev
04/07/2019 10:20
Bobur maladse, Nasafga yaxshi foydasi tegdi. Faoliyatiga omad tilayman
&
+998914530471
03/07/2019 10:42
Boburjon senga omad yor bo'lsin. Nasafni unutma....
&
Dima Muratov
02/07/2019 21:35
Davlatovga omad tilayman.
Uylaymanki yangi jamoasida uz urniga ega buladi.
&
isroil
02/07/2019 15:24
Келгуси фаолиятингга омад
&
нодирбек.фк насаф
02/07/2019 14:30
Омадини берсин бутун КАШКАДАРЕ мухлислари сен билан фахирланади
&
xudayqul yuldashov
02/07/2019 13:07
Ukam senga omad Nasaf unutmasang buldi,