
"Bir nechta individual sovrinlarni birgina jamoaviy sovringa almashtirmayman". "Qizilqum" ustozi Kubokdagi vazifasi, to‘purar hujumchisi va yirik g‘alaba haqida
“Qizilqum” klubi Superliganing navbatdagi turida o‘z maydonida autsayder – “Dinamo”ni qabul qilib yirik 4:1 hisobida raqibini tiz cho‘ktirdi. Natijada mahalliy muxlislar Nikola Lazarevich boshchiligidagi jamoaning o‘yinidan va natijasidan mamnun bo‘ldilar.
“Qizilqum” har bir bahsda ishqibozlarini mana shunday tarzda ajoyib o‘yin hamda natija orqali xursand etishni xohlaydi. Navoiyliklarning maqsadi sovrindorlar qatoridan joy olish va bu yo‘lda ular oxirigacha kurashishlari aniq. “Dinamo”ga qarshi bellashuvdan so‘ng “Qizilqum” bosh murabbiyi Nikola Lazarevich avvalo taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Bevosita o‘yinga to‘xtalsam, biz doimgidek bu bahsga ham yaxshi tayyorgarlik ko‘rdik. Biroq raqib ham kuchli qarshilik ko‘rsatganini aytishim kerak. Futbolchilarimiz ushbu uchrashuvda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalana olishdi. Bu esa bizga nihoyatda foydali bo‘ldi, ayniqsa, birinchi bo‘limda. Fikrimcha, birinchi taymni a’lo darajada o‘tkazdik. Ikkinchi bo‘limni xotirjamroq o‘tkazishga harakat qildik. To‘pni ko‘proq o‘zimizda saqlashga urindik. Chunki natija ko‘ngildagidek bo‘lib turgandi. Yakunda o‘zimiz uchun qoniqarli natijaga erisha oldik. Yana shuni ham aytishim kerakki, tartib-intizom masalasida ham barchasi yaxshi bo‘ldi. Yigitlarning hammasi o‘z ishiga va o‘yinga jiddiy munosabatda bo‘ldilar. Lekin “Dinamo” bilan uchrashuv oson bo‘lmasligini o‘zimiz ham bilardik. Chunki “Dinamo”ning yutqazadigan narsasi yo‘q edi. Ularni faqat g‘alabagina qoniqtirardi. Umuman olganda, o‘yindan qoniqdim. G‘alaba qozonganimizdan va futbolchilarning imkoniyatlardan foydalanganidan xursandman. Umid qilamanki, biz yana shunday davom etamiz. Oldimizga qo‘yilgan vazifamiz ham shundan iborat.
Albatta, “Dinamo” klubidagi vaziyat og‘ir. “Qizilqum” bilan o‘yinda ko‘pchilik mezbonlarning g‘alabasini taxmin qilgandi va bu o‘zini oqladi. Garchi “Dinamo”da tarkib va bosh murabbiy o‘zgargan bo‘lsa-da, hozircha natija bo‘layotgani yo‘q. Xo‘sh, bu klub hozirda Superlamizning yaqqol kuchsiz jamoasimi? Bu borada Lazarevich shunday dedi:
- Bilasizmi, birinchi davradagidan ko‘ra farqi bor. Ikkinchi davrada jamoa umuman boshqacha kayfiyatda o‘ynayapti. Ya’ni, o‘zgacha shakllantirilgan. Ular safini yaxshi futbolchilar bilan to‘ldirishgan. Yangi jamoa shakllantirilayotganida albatta yangi o‘yinchilarga vaqt kerak bo‘ladi. Chempionat yakunlanishiga yana 10 tur bor. Bu yog‘i qanday kechishini yana ko‘ramiz. Ikkinchi davra uchun taklif qilingan futbolchilarning saviyasi ancha yuqori. Bunga yana o‘yinlar davomida aniqlik kiritib olamiz.
“Qizilqum” klubi navbatdagi o‘yinini O‘zbekiston Kubogi 1/8 final doirasida o‘z maydonida “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘tkazadi. Qiziq, navoiyliklarning Kubokdagi asl maqsadi qanday? Masalan, bu jamoaning Kubokni yutishiga salohiyati qanchalik etarli? Nikola Lazarevichdan shu xususida so‘raganimizda uning javobi quyidagicha bo‘ldi:
- Yo‘q, biz hali bu haqida o‘ylamayapmiz. Avval aytganimdek, hozircha natijalardan mamnunman. Biz faqat keyingi bahs – “Qo‘qon-1912”ga qarshi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Bor kuchimiz bilan o‘ynashga harakat qilamiz. Boya aytdim, hozircha Kubok haqida jiddiy o‘ylamayapmiz. Lekin imkoni qadar uzoqroqqa borishga harakat qilamiz. Final bo‘ladimi yoki yarim finalmi, bunga e’tibor bermaymiz. Biz faqat har bir o‘yinda g‘alaba qozonishga intilamiz. Shunchaki, o‘zimizning o‘tkazayotgan har bitta uchrashuvimizda yutishni istaymiz.
“Qizilqum”ning g‘alabalarida ayniqsa hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqovning hissasi katta. Chunki to‘purar futbolchi 10 ta goli bilan Superligada eng ko‘p gol urgan o‘yinchi bo‘lib turibdi. “Qizilqum” ustozi ushbu futbolchining imkoniyatlari to‘g‘risida ham fikr bildirdi.
- Temurxo‘ja Abduholiqov juda tajribali futbolchi. U o‘zbek futbolining eng yaxshi hujumchilaridan biri. Uning chempionatda shu kungacha urgan 10 ta goliga keladigan bo‘lsak, bunga u to‘la munosib. Chunki Temurxo‘ja har bir mashg‘ulotda tinim bilmasdan mehnat qilyapti, qattiq ter to‘kyapti. O‘yinlarda borini beryapti. Abduholiqovni faqat o‘zini o‘ylaydigan, bor e’tiborini gol urishga qaratadigan futbolchi deb o‘ylamayman. U ham jamoaga qolgan o‘yinchilar singari foyda keltirishga harakat qilyapti. Albatta, individual sovrinlar yaxshi. Lekin biz uchun birinchi navbatda jamoaviy sovrinlar turadi. Bir nechta individiual sovrinlarni birgina jamoaviy sovringa umuman almashtirmaymiz.
Fikrlar