
Bir kun kelib Mbappe hamda Xoland "Real"da o‘ynaydi
Florentino Peres "Real" Chempionlar ligasi finalida g‘alaba qozonsa, "El Chiringuito" studiyasiga kelib, ularning barcha savollariga ochiqchasiga javob berishini aytgandi. U o‘z va’dasida turdi va bir qator dolzarb masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Kilian Mbappening muvaffaqiyatsiz transferi haqida:
- Bilaman, "Real"da o‘ynash uning orzusi edi. Biz uni o‘tgan yilning avgust oyida sotib olmoqchi edik, ammo PSJ buni rad etdi. Kilian "Real"da o‘ynashni xohlayotganini aytishda davom etaverdi. U qolishini e’lon qilishidan ikki hafta oldin vaziyat o‘zgardi. May oyining boshida bizga fikridan qaytganini aytishdi.
- Bunga siyosiy va iqtisodiy bosim sabab bo‘ldi. Uni Frantsiya prezidenti hamda Parij meri chaqirdi. Shuningdek, u Qatarga bordi va aqldan ozdiradigan taklif oldi. Gap nafaqat moliyaviy taklif haqida, balki futbolchiga bo‘lgan nomutanosib ta’sirlar haqida ham bormoqda. Bu yaxshi holat emas. "Real"da bunday narsalarni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
- Mbappe bosimga berilib, uning ta’sirida o‘zgargan yosh yigit. To‘g‘risini aytsam, bu meni hayratda qoldirdi. Sababi, futbol jamoaviy sport turi va klubdan hech kim yuqori bo‘la olmaydi. Bu biz "Real"ga olib kelmoqchi bo‘lgan Mbappe emas. Bolalik orzusi og‘irlingan boshqa bir yigit.
Mbappe kelajakda "Real"ga o‘tishi mumkinmi?
- Bu haqda gapirish juda g‘alati. Mbappe - PSJ futbolchisi. Yillar o‘tganidan so‘ng ko‘ramiz, u "Real"ga kerakmi yoki yo‘q. Biz har doim eng yaxshi futbolchilar bilan shartnoma imzolaymiz.
Zidan PSJni boshqarishi haqida
- Men u bilan yaqinda gaplashdim. Zidan uchun "Real" hamda Frantsiya terma jamoasi ustuvor maqsad bo‘lib kelgan. Albatta, har kim o‘z fikrini o‘zgartirishi mumkin.
Xolandning transferi nima sababdan amalga oshmagani haqida
- Bizda sayyoradagi eng yaxshi "to‘qqizlik" hujumchi bor. Shunday ekan, Xolandni zaxirada olib o‘tirish ahmoqlik bo‘lardi, to‘g‘rimi? Xolandning shartnomasidagi ikki yildan so‘ng belgilangan summaga sotib olish bandiga keladigan bo‘lsak, bir narsa deyish qiyin. Aytadigan gapim yo‘q. Biz har doim yosh iqtidorli futbolchilarni "Real"da ko‘rishni istaymiz. Xoland bu ta’rifga juda mos keladi.
Orelena Tchuameni transferi haqida:
- Chuameni "Real"da o‘ynash istagi borligini aytdi va gapida turdi. U menga PSJdan taklif bo‘layotganini aytdi. Mbappe unga Parij klubiga o‘tishni tavsiya qilgan, biroq u bunga rad javobini berdi. Bilishimcha, "Liverpul" ham uni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi edi. Biz qo‘limizdan kelganini qildik va Orelen "Real" futbolchisiga aylandi. Bu erda uning istagi ham ko‘p narsani hal qildi.
Yozgi transferlar haqida:
- “Hozircha boshqa transferlarni amalga oshirish haqida o‘ylaganimiz yo‘q. Ammo aniq bir narsa deya olmayman. Yoz uzoq va biz o‘zimiz uchun kerakli bo‘lgan futbolchilarning o‘yinini kuzatmoqdamiz”. Albatta, Benzemaga o‘rinbosar olib kelamiz. Asensio? Barcha shaxsiy savollarni eng yaxshisi sport direktorimiz Xose Anxelyuga bering.
Karlo Anchelotti haqida:
- Men unga "Real"ga kelgani uchun rahmat aytdim. O‘tgan mavsum klubdagi muhit super darajada edi. Bu uning xizmati. Karlo barcha futbolchilarga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘ladi. Uning hodimlari futbolchilarni har bir o‘yinga jismonan tayyorlaydi, bu esa muvaffaqiyat uchun asosiy omil hisoblanadi. Yoshlik va tajriba uyg‘unligi menga yoqadi. Misol tariqasida, "Siti"ga qarshi o‘yinda qariya futbolchilar maydonni tark etdi va hammasini yoshlar hal qildi. Tajribali futbolchilar va yoshlar o‘rtasidagi bog‘liqlik uning sharofati bilandir.
Benzema bilan tuzilgan shartnoma haqida:
- Men Karim bilan uning uyiga gaplashgani bordim. U juda hijolat tortdi. O‘shanda Benzema 20 yoshda edi. Men undan, "Real"ga o‘tishni istaymizmi, deb so‘radim. Karim bunga javoban boshini qimirlatib qo‘ydi.
"Galaktikos" haqida:
- "Galaktikos" davrida bizning moliyaviy holatimiz o‘zgardi. Sayyoramizdagi eng yaxshi futbolchilarni jamoaga taklif qilish orqali biz homiylik shartnomalaridagi raqamlarni o‘zgartirdik. "Teka" bilan hamkorlik evaziga 400 million pul oldik. "Siemens" nomi yozilgan futbolkalarni kiyish orqali salkam 4 milliard daromad qildik. Endi "Galaktikos" yo‘q. Sababi, eng zo‘r futbolchilar sotilmaydi yoki juda ham qimmat. Buyog‘iga o‘zimiz iqtidorlarni tarbiyalashimiz lozim.
Vinisius haqida:
- U sotilmaydi. Vinisiusning o‘zi ham har doim Madridni tark etmasligini aytadi. O‘ylaymanki, u ham "Oltin to‘p" sohibiga aylanadi. Vini yil sayin yaxshilanib bormoqda. Biroq nafaqat Vinisius, balki Rodrigo hamda Valverde ham o‘sishda davom etmoqda.
Boshqa klublar bilan munosabatlar haqida:
- Bizning dushmanlarimiz yo‘q. Bu Madrid klubining qadriyatlariga to‘g‘ri kelmaydi. "Barselona" kuchli bo‘lishini istayman. Robertni ularning safida ko‘rsam, faqat xursand bo‘laman. O‘ylaymanki, "Barsa" va "Real" dunyodagi eng yaxshi ikki klub. Bu ikki jamoa o‘ynaganda, dunyo bo‘ylab 600 mingga yaqin inson ushbu uchrashuvni tomosha qiladi. PSJ? Yo‘q, biz dushman emasmiz. Ularning barchasi futbol maydonida biz uchun raqib. Sababi, hamma Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishni istaydi. Biz barcha klublar bilan til topisha olamiz - "Manchester Siti", PSJ, "Chelsi" va hokazo.
Xudayqulov Karim tarjimasi
Fikrlar