
Bekzodbek Karimov: Andijon viloyatining chekka xududlarida ham futbol bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar mavjud
So‘nggi yillarda mamlakatimizda futbolga davlat miqyosida e’tibor qaratila boshlandi. Yangi stadionlar qurildi, jamoalarimiz xalqaro arenalarda munosib ishtirok eta boshlashdi. Bir so‘z bilan aytganda futbol infratuzilmasi tubdan o‘zgartirildi. Bu borada viloyatlarda ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Natijada yurtimizning chekka-chekka xududlaridan iste’dodli futbolchilar etib chiqa boshladi.
Biz esa yuqoridagi masalalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelajak rejalar borasida Andijon viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Bekzodbek Karimov bilan suhbatlashdik.
- Futbol bilan shug‘ullanish uchun birinchi navbatda maydon kerak. Aytingchi, Andijon viloyatida ayni damda qancha futbol maydonlari mavjud?
- To‘g‘ri aytasiz, futbol bilan shug‘ullanish uchun nafaqat koptok, balki, yaxshi maydon ham zarur. Hozirgi kunga kelib viloyatimizda 29ta katta stadion va 224ta sun’iy qoplamali kichik arenalar faoliyat yuritmoqda. Shuni aytishim mumkinki, hozirda Andijon viloyatidagi barcha mahallalarda, jumladan chekka xududlarda ham futbol bilan shug‘ullanish uchun barcha sharoitlar mavjud.
- Stadionlar ko‘pligi quvonarli albatta. Aytingchi, ayni damda ularda nechta bola doimiy futbol bilan shug‘ullanmoqda.
- Hozirda viloyatimizda jami 7786 nafar bola doimiy futbol bilan shug‘ullanib kelmoqda. E’tiborlisi, ularning 780 nafarini qizlar tashkil etadi.
- Viloyatda ushbu yoshlarga futboldan saboq berish uchun murabbiylar etarlimi?
- Hozirgi kunda viloyatda jami 196 nafar murabbiy yoshlarga futboldan saboq bermoqda. Ularning 28tasi ayol murabbiylar ekanligi e’tiborga molik.
- Yaqinda internet nashrlari orqali Respublikada birinchi bo‘lib Andijon viloyatida 2-liga bahslari boshlangani haqida o‘qib qoldim. Bu boradagi tashkiliy masalalar qiyinchilik tug‘dirmadimi?
-Ha, viloyat chempionatini ham boshlab oldik. Chempionatimizda jami 22ta jamoa ishtirok etmoqda. Unda viloyatning barcha tuman va shaharlaridan jamoalar ishtirok etayotganini chempionat geografiyasining kengayishini ta’minladi. Bu esa o‘z navbatida bizga viloyatning har bir nuqtasidagi iqtidorlarni bevosita yuzaga chiqarishimzga xizmat qiladi. Ushbu musobaqani tashkil etishda shaxsan viloyatimiz hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bosh-qosh bo‘layotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
- Viloyatlardagi iste’dodlar ayni futbol o‘ynaydigan yoshga etganda “Nasaf”, “Bunyodkor” va shunga o‘xshash etakchi jamoalar akademiyalariga yo‘l olayotgani, natijada esa ular etishib chiqqan xudud mahalliy jamoalarida mahoratli futbolchilar etishmasligi hech kimga sir emas. Bu borada qanday fikrdasiz?
- Yaxshi savol bo‘ldi. Viloyatimizda tarbiya topib, endi katta futbolga qadam qo‘yadigan yoshga etganda aksariyat futbolchilar etakchi jamoalar akademiyalariga ketib qolishayotgan edi. Bunga esa birinchi navbatda ularga etarli o‘yin amaliyoti va e’tiborning kamligi sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Boisi, yosh futbolchi ko‘proq o‘ynashni, o‘zini ko‘rsatishni xohlaydi. Vaholangki, viloyatda unga o‘ynash uchun etarli jamoa bo‘lmagan. Natijada esa u o‘z omadini boshqa joydan qidirishga majbur bo‘lgan. Ana endi bunday bo‘lmaydi Chunki, yuqorida aytib o‘tganimdek hozirda viloyat 2-ligasida naqd 22ta jamoa ishtirok etmaqda. Bundan tashqari B Pro-ligada 2 ta – “Rash Milk” va “Andijon-2” jamoalarimiz qatnashmoqda. Viloyatda futbolga ko‘ngil qo‘ygan iqtidor egalari esa bemalol o‘zlarini aynan mana shu jamoalarda sinab ko‘rishlari mumkin. Ularda o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar esa shubhasiz Superligada ishtirok etayotgan viloyatimizning bosh jamoasi - “Andijon”da o‘ynaydi. Shu o‘rinda yana bir narsani aytishim kerak, viloyatimiz hokimi yaqin yillar ichida “Andijon” jamoasini to‘liq mahalliy futbolchilar bilan shakllantirish haqida topshiriq bergan. O‘ylaymanki, bu tez orada o‘z natijasini beradi.
- Andijondagi “Sog‘lom Avlod” stadioni qayta rekonstruktsiyadan chiqarilgach o‘zgacha qiyofa kasb etdi. Endi bu arena bemalol xalqaro o‘yinlarni o‘zida qabul qila oladi.
- Ha, to‘g‘ri. Viloyatimizning bosh o‘yingohi - “Sog‘lom Avlod” stadioni viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonovning tashabbusi bilan qayta tamirlandi. Stadion haqiqatdan ham xalqaro talablarga to‘la javob beradigan holatga keltirildi. O‘tgan oy O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov viloyatimizga tashrifi chog‘ida “Sog‘lom Avlod” stadionining ochilishida ishtirok etdi va ushbu o‘yingohda terma jamoalar ishtirokidagi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazilishini aytdi. Unga asosan 21 may kuni O‘zbekiston U-18 va Germaniyaning “Berlin” U-18 jamoalari o‘rtasidagi hamda O‘zbekiston olimpiya va Misr olimpiya terma jamoalari o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvlari aynan Andijondagi stadionda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Fikrlar