
Bektemir Meliqo‘ziev: "Sparring raqiblarni har raundda almashtirishga to‘g‘ri kelmoqda"
Hozirgi kunda professional boks olamida bir qator hamyurtlarimiz ajoyib natijalarni qayd etishmoqda. Aynan, ularning mag‘lubiyatsiz odimlari va chiroyli janglari tufayli, ular xorijdagi etakchi sport nashrlarining ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqdalar. Isroil Madrimov, Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliev haqidagi qiziqarli maqolalar, intervyular xorij matbuotida ham chop etilgandi. Endi, yana bir mahoratli bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziev bilan “Nyfights.com” sayti muxbiri Abraxam Gonsales uyushtirgan suhbat e’lon qilindi. Quyida, mazkur intervyuni tarjimasini taqdim etamiz.
Boks olami dunyoning turli burchaklaridan kelgan, bir kun kelib jahon chempioni bo‘lishni orzu qilgan ko‘plab jangchilarni kashf etishda davom etmoqda. Alohida ta’kidlab o‘tish joizki, o‘z vaznlarida shov-shuvga sabab bo‘layotgan, ko‘p jang o‘tkazmasdan turib, nufuzli kamarlarni qo‘lga kiritayotgan, bir guruh o‘zbekistonlik jangchilar etishib chiqmoqda. Misol uchun, Shohjahon Ergashev (18-0), WBA va IBF chempioni Murodjon Ahmadaliev (8-0), Isroil Madrimov (5-0), Shahram G‘iyosov (9-0), Bektemir Meliqo‘ziev (5-0) kabi bokschilarni aytib o‘tish mumkin.
Bugungi qahramonimiz esa “Mir Boksa” hamda ““Golden Boy” promouterlik kompaniyalari bilan shartnoma imzolagan va professional boksning super o‘rta vaznida faoliyatini olib borayotgan Bektemir Meliqo‘zievdir. Bektemir atiga 5 ta jang o‘tkazgan bo‘lishiga qaramasdan janubiy Kaliforniya shtatida allaqachon e’tirofga sazovor bo‘lib ulgurgan. Uning kuchli zarbasi bor va hozirdanoq jahonga u aslida kim ekanini isbotlashga tayyor deb o‘ylaymiz. 28 avgust kuni DAZN telekanali orqali translyatsiya qilinadigan jang kechasida Bektemir Xorxe Linares va Xavier Fortuna jangi anderkardida ringga ko‘tariladi. Asosiy jangga qiziquvchilar juda ko‘p, lekin Bektemir Alan Kampani (17-5) to‘xtata oladimi yoki yo‘q, deya qiziqayotganlar ham etarlicha topiladi. "Bek Bully" taxallusiga ega Bektemir Meliqo‘ziev, o‘zining mashg‘ulot lageridan turib, biz bilan kelajakdagi orzulari to‘g‘risida gaplashishga vaqt ajratdi.
- Bektemir, jangga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishingizga qaramay ushbu intervyuga vaqt ajratganingiz uchun tashakkur. Sizni tanimaydiganlar uchun kim va qaerdan ekanligingiz hamda bolaligingiz borasida biroz ma’lumot bera olasizmi?
- Ismim Bektemir va men o‘zbekistonlikman. Oilam - otam, onam va ikkita akamdan iborat. Ota-onam o‘qituvchi va men to‘qqiz yoshimda sport bilan shug‘ullanishni boshlaganman. Bolaligimda doim janjal va muammolarga aralashib yurardim.
- Qanday qilib boksga qiziqish paydo bo‘ldi?
- Oilamizdagi 3 o‘g‘ilning kenjasiman. Yoshligimda akalarim bilan tortishib qolardim va doimo ustun kelardim. Otam har doim o‘g‘illaridan biri sportchi bo‘lishini xohlardi. Bolalik vaqtimdagi odatiy ko‘cha janglaridagi mahoratimni ko‘rgach, otam aslida, karate bo‘yicha murabbiy bo‘lgan do‘stidan boks bo‘yicha shug‘ullantirishni so‘ragandi. Ushbu murabbiy bilan boksga oid mashg‘ulotlar qilardim. Biroq bu sport turiga unchalik qiziqmasdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, o‘n yoshimda asl boks bilan shug‘ullanganman. " Bully " (bezori) laqabi esa yoshligimda har doim janjal va muammoga sabab bo‘lishimdan kelib chiqqan.
- Siz 2016 yildagi Rio Olimpiadasida ishtirok etdingiz. Bu shaxsiy va professional tajribaga qanday tasir qildi?
- Ulkan tajriba va maktab bo‘ldi. Mazkur Olimpiadadan avval ham allaqachon tajribali jangchiga aylanib ulgurgandim. Adashmasam, 150-200 tadan iborat havaskor janglarim davomida yoshlar o‘rtasida Olimpiya chempioni bo‘lganman, shu bilan birga ikki marta yoshlar orasida “Osiyoning eng yaxshi bokschisi” deya e’tirof etildim. Rio Olimpiadasida qatnashib, juda ko‘p tajriba orttirdim va saboq oldim, deya olaman.
-Aksariyat muxlis va mutaxassislar ajoyib havaskor faoliyatingiz va mahoratingiz tufayli, tezroq katta janglarda ishtirok etishingiz uchun potentsialingiz etadi, deb o‘ylashadi. Bu borada qanday fikrdasiz?
- Havaskor faoliyatim davomida ko‘p orqaga ketish ham bo‘ldi. Ayniqsa, jarohatlar pand berdi. Yaratganga shukur, so‘nggi ikki yil ichida o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Bu bilan katta gapirmoqchi emasmanu, ammo men imkon boricha tezroq o‘z vaznimda hohlagan chempion bilan jang o‘tkazishni istamayman. Keyin esa bitta yuqori, yarim og‘ir vaznda ham tezroq chempionlik jangini xohlayman! Imkon qadar tezroq kamar uchun janglarda ishtirok etish ishtiyoqidaman. O‘zimni tayyor his qilyapman va kuchim, ringdagi harakatlar umumiyligi hozirgi chempionlar darajasida deb o‘ylayman. Fursat paydo bo‘lishi bilanoq, men har qanday chempion bilan jangga tayyorman va labbay deya ringga chiqaman!
-O‘tgan yili siz “Golden Boy” bilan hamkorlik shartnomasini imzoladingiz. Ushbu kompaniya bilan shartnoma tuzishingizga nima undadi va ulardan boshqalar ham sizga qiziqish bildirganmidi?
-Hammasi menejerlarim bilan shartnomamdan boshlandi. Keyin esa biz ko‘pgina promouterlardan takliflar qabul qildik. Men uchun eng yaxshi variant “Mir Boksa” bo‘ldi. Chunki, ular bilan shartnoma qilgan boshqa do‘stlarim ham bor edi. Shu bilan birgalikda ular doimo, o‘z jangchilariga g‘amxo‘rlik qiladi. “Golden Boy” bilan shartnoma imzolashga kelsak, yoshligimda uning rahbari Oskar Dela Xoyaning janglarini tomosha qilganim va «Kanelo» ni qay darajada "yulduz"ga aylantira olgani unga bo‘lgan qiziqishimni oshirgan bo‘lsa, shartnomaning moliyaviy tomoni va shartlari bo‘yicha bizga eng yaxshi taklifni berganliklari sabab, ularning taklifini qabul qildik. Qolaversa, shartnomadan imkon boricha qisqa vaqt ichida chempionlik jangini tashkil qilish ham o‘rin olgandi.
- Joel Diasni o‘zingizga murabbiy sifatida tanlashingiz borasidagi qaroringizga nima sabab bo‘lganini muxlislarga ochiqlay olasizmi?
- Javob aniq, ular dunyodagi eng yaxshi murabbiylardir. Menga Joel qatori uning akasi Antonio ham murabbiylik qilishini ko‘p odamlar bilishmaydi.
Ular buyuk murabbiylardir! Chunki, Joel dunyo miqyosida mashhur bo‘lsa, Antonio o‘z vaqtida ajoyib jangchi bo‘lgan. Shaxsan, ular bilan yaxshi munosabatdaman va ularning meksikancha uslubdagi mashg‘ulotlaridan juda mamnunman. Ular ham agressiv jangchilarni yoqtiradilar, mashg‘ulotlarda tanaga zarba beruvchi mashqlarda ular jangchiga bosim qilib yaqinlashib kelaverishadi va bu narsa menga juda yoqadi. Men tanaga zarba berib ishlashni yaxshi ko‘raman. Boshqa murabbiylar bilan ham mashq qildim, ammo hech kimni Joel va Antoniolar bilan taqqoslay olmayman. Shuningdek, o‘zim yashab mashg‘ulot olib boradigan Indio shahri ham yoqadi. Sababi, bu er tinch va sokin… Sportchini ortiqcha chalg‘itadigan muhit yo‘q.
-28 avgust kuni Alan Kampaga qarshi Linares-Fortuna jangi anderkardida ringga ko‘tarilasiz, Kampa haqida nima deya olasiz? Qolaversa, pandemiya holati davom etayotgan bir vaqtda mashg‘ulotlar qanday kechmoqda va tomoshabinlar bo‘lmaydigan kechada jang qilish bo‘yicha qanday fikrdasiz?
-Pandemiya vaziyatidagi mashg‘ulotlarning eng salbiy tomoni shundaki, biz tashqaridan (AQShdan boshqa joylar nazarda tutilmoqda) sparring sheriklarni olib kela olmaymiz. Ko‘proq biz meksikalik sparring hamkorlarni olib kelardik. Chunki, ular bizga jiddiy raqobat qila oladigan yagona hamkorlar edi. Boshqa sparring sheriklar esa ko‘proq raund turib bera olishmaydi. Hozirda biz mahalliy jangchilar bilan ishlamoqdamiz. Sifatli tayyorgarlik ko‘rishim ya’ni, ringda uzoqroq turib bera olishlari uchun ularni har raundda almashtirishga to‘g‘ri kelmoqda. Sport zallari yopiq holatda, shuning uchun biz kichik bir joyda mashg‘ulot o‘tkazmoqdamiz.
Raqibga kelsak, biz hozirgi vaqtda imkoni bo‘lgan eng yaxshi bokschini tanladik. Kampa chidamli va oson taslim bo‘lmaydigan jangchi. U yaqinda “Golden Boy” ning ikkita mijozi bilan jang qildi va ularga jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. Ochiqroq qilib aytganda, ular menga uzoq raund turib bera oladigan jangchini tanlashdi. Muxlislar tashrif buyurgani juda yaxshi, chunki ularning ko‘z o‘ngida jang qilish juda qiziqarli, lekin qo‘lqopni kiyib ringga chiqishim zahotiyoq bunday omillar ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. Bu raqibimni DAZN orqali tomosha qilayotgan muxlislarim uchun ham to‘g‘ri ma’noda yakson qilmoqchiman.
-28 avgust kuni DAZN orqali jonli efirda jangingizni tomosha qilmoqchi bo‘lgan muxlislarga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlaringiz bormi? Shuningdek, muxlislar sizni qaysi ijtimoiy tarmoqlarda kuzatishi mumkin?
-Avvalo, menga bee’tibor bo‘lmaganingiz uchun katta rahmat. Gracias! Men hohlagan narsa bu - butun dunyo bo‘ylab muxlislarni hursand qilish va ular hohlagan jangni namoyish etishdir.
Meni Tvitterda @BMelikuziev yoki Instagramda @bektemirmelikuziev manzilida kuzatishlari mumkin bo‘ladi.
Bektemir havaskor yo‘nalishda ulkan tajribaga ega bo‘lgan va professional boksda jahon chempionlik kamariga 15, 20 ta janglar orqali etib boruvchi, boshqa jangchilardan farqli ravishda tezroq ko‘tarilish imkoniyatiga ega bo‘lgan bokschidir. Uning raqibi haqida esa bardoshli va so‘ngi ikki jangida juda kuchli bokschilar bilan uzoqroq raundlarga qadar, bora olganligini aytishimiz mumkin. Bektemir va uning qattiq qo‘llari Kampani mag‘lub etishga qodirmi yoki raqibi uni charchatib, masalani hakamlar qarori hal qilishigacha olib boradimi? Bu savollarga javob topishning yagona yo‘li 28 avgust kuni DAZN orqali translyatsiya qilinadigan jang oqshomini tomosha qilishdir!
Jalol Ahmedov tarjimasi
Fikrlar