Baxtiyor Hamidullaevning "Andijon"dan ketishi, murabbiylikdagi qiyinchiliklari, "Paxtakor"dagi hayoti va boshqalar haqida

  • 1 aprel, 2020, 08:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bizning bugungi maqolamiz qahramoni futbol ishqibozlariga, ayniqsa, yoshi ulug‘ hamda zukko muxlislarimizga yaxshi tanish bo‘lgan Baxtiyor Hamidullaevdir. O‘z vaqtida uning o‘yinlarini ko‘rgan muxlislar hamisha Hamidullaevning hatti-harakatlaridan, gollaridan zavqlanishgani ham ko‘p gapirishadi. Ishqibozlar esa unga “Batigol” deb nom berishgandi. Futbolchilik faoliyatining katta qismini “Andijon”da o‘tkazgani sababli uning rosa gullagan davrlari ushbu jamoada kechdi. Ayniqsa, bir necha bor to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatgan va o‘sha paytdagi yoshlar unga o‘xshashni havas qilishardi.

Tecno

“Andijon”dan ketishi haqida

Hamidullaev futbolchilik faoliyatidan keyin o‘zini murabbiylikka bag‘ishlashga qaror qildi. O‘tgan yili esa u o‘zi uchun qadrdon bo‘lgan “Andijon” jamoasining U-21 tarkibiga boshchilik qila boshladi. Natijalar ham chakki emasdi, biroq mavsum yakunidan keyin Hamidullaevning u erdan ketgani ma’lum bo‘ldi va hozirda U-21 jamoasini boshqa murabbiy boshqarmoqda. Avvalambor Baxtiyor u erdan nima uchun ketganiga oydinlik kiritdi.  

- Aslida o‘tgan yili “Andijon” klubi bilan bir yillik shartnoma tuzgandik. Ushbu muddat tugab, yangi mavsum uchun tayyorgarlik boshlanganidan so‘ng menga klubdan qo‘ng‘iroq qilib, o‘tgan yilgi ishlar uchun minnatdorchilik bildirishdi va endi bu yildan U-18 va U-21 jamoalariga, o‘zimizning akademiyadagi tarbiyalanuvchilarga ko‘proq e’tibor qaratishlarini aytishdi. Xullas, shu tariqa, “Andijon”dagi faoliyatim to‘xtadi.

Albatta, o‘tgan yili “Andijon”ning yoshlar jamoasidagi ishimdan qoniqish hosil qildim. Ammo o‘rinbosarlar jamoasiga bo‘lgan sharoit unchalik yaxshi emasdi. O‘ylaymanki, shunga qaramay, yomon natija qayd etmadik. Agar bir-ikkita xatolarga yo‘l qo‘ymaganimizda bemalol sovrinli o‘rinlar uchun kurashadigan jamoani  shakllantira olgandik. Rejamiz bo‘yicha o‘sha tarkib bilan bu yil chempionlikni ham qo‘lga kiritishga kurashish niyatimiz bor edi. O‘zimizning harakatlarimiz ham aslida shunga qaratilgandi.

Litsenziya olishdagi qiyinchiliklar to‘g‘risida

Boya ta’kidlaganimizdek, “Batigol” futbolchilik faoliyatidan keyin ham o‘zini yana yoqtirgan sport turiga bag‘ishlagan holda murabbiylikka qadam qo‘yishga qaror qildi. Biroq futbolda nom qozongan Baxtiyor Hamidullaevni bu borada hali murabbiylikda ko‘rganimiz yo‘q. Yoki buning uchun unda to‘siqlar paydo bo‘lyaptimi? Balki hali murabbiylikda o‘zini ko‘rsatishi uchun biroz vaqt kerakdir. Albatta, buning uchun yanada o‘qib, izlanishi talab etiladi. Bu masalada Hamidullaevning munosabatini bilishga qiziqqanimizda litsenziya olishda qiyinchiliklarga duch kelganini va tizimda qanday muammolarga duch kelgani haqida ma’lum qildi.    

- Hozirgi paytda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga murabbiylik o‘qishi uchun borganlar ancha engillik bo‘libdi deb aytishyapti. Lekin 5-6 yil oldin u erdagi vaziyat bunday emasdi. Masalan, futbolchilik faoliyatimni tugatganimga 8 yil bo‘lgan bo‘lsa, shuning 6-7 yilini federatsiyaga borib kelish bilan o‘tkazganman. O‘sha paytlarda federatsiyaga borib, litsenziya bo‘limiga kirsam ustimdan kulishardi. Murabbiylarni o‘qitadigan mutaxassis Usmon Toshev menga, sen futboldagi natijalaring va mehnatlaring orqali bemalol “V” litsenziyasidan boshlab o‘qisang bo‘laveradi derdi. Men esa shunga qaramay, o‘qishni “S”dan boshlaganman va federatsiyaga borib, “S” litsenziyasini olganman, endi “V” uchun tezroq o‘qishim kerak, vaqt o‘tib ketyapti desam u erdagilar ustimdan kulishgandi. O‘shanda murabbiylikka o‘qiyotganlarni ko‘rsangiz edi... Agarda men boshqa soha odami bo‘lib, aytaylik savdogar yoki biror-bir zavodda ishlab turib, ularning yoniga borib, pul berib meni ham o‘qishga qo‘shib qo‘yinglar desam bu boshqa gap. Ammo o‘zim futbolning ichidan chiqqan inson sifatida yana murabbiylik ta’limi uchun pul berib, o‘qishim noto‘g‘rida. Shundan keyin Qirg‘iziston futbol federatsiyasi bilan gaplashganman. Masalan, o‘zimizdagilar qancha hujjat tayyorlab kelsam ham u kam, bu kam deyaverishardi. Qirg‘izistonliklar esa pasportim, “S” litsenziyam va oliy ma’lumotlik haqidagi diplomimni olishdi hamda ular hujjatlarimni OFKga yuborib javob xati olishgach, menga kelaver, o‘qishing mumkin ekan deyishdi. Natijada “V” litsenziyasini o‘sha erdan oldim. Yana shunda ham bu litsenziya o‘zimizga o‘tmaydi deyishdi. Unda men nima qilishim kerak? Akademiyadagi murabbiylarni o‘qitayotgan bo‘lsa, unda bizga qachon navbat keladi? Boshqalarni murabbiylikka o‘qitishdiyu, ammo ularning boshchiligidagi bolalarning o‘yinini ko‘rsangiz, yaxshi holatda emas. Ko‘chadan kelib murabbiylik uchun o‘qib ketganlar yoshlarga to‘g‘ri tizimni o‘rgata olishmayapti. Mana, o‘tgan yili o‘rinbosarlar jamoasidagi ishimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, 18-19 yoshdagi o‘yinchilar kelishadi va ular shu paytgacha futbolni qanday o‘ynash va nima qilish kerakligini bungacha o‘zlarining murabbiylaridan o‘rganib bo‘lgan bo‘lishlari kerak edi. Ammo ish boshlaganimda dastlabki 2-3 oy davomida ularning miyalarini futbolga to‘g‘rilash bilan vaqt o‘tkazdik. Ishonasizmi, ularni zo‘rg‘a futbolchi sifatida tarbiyalab oldik.

Yaqinda tojikistonlik Tohir Mo‘minov menga qo‘ng‘iroq qilib, yozda “A” litsenziyasi uchun o‘qish bo‘lar ekan, seni ham ro‘yxatga qo‘shib qo‘yaymi, o‘zim yordam beraman degandi. Shuningdek, qirg‘izistonliklar bilan aloqam bor va ularga ham “A” litsenziyasi uchun o‘qish niyatim borligi haqida aytganman. Lekin avvalo yana bir bor o‘zimizning assotsiatsiyaga borib ko‘raman. Yaqinda sobiq futbolchilar – Lochin Soliev, Muqim Toshmatov kabilar ham litsenziya uchun o‘qishganini, vaziyat ancha o‘zgarganini, bemalol borib o‘qishim mumkinligini aytishdi. Agar rostdan vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargan bo‘lsa, o‘zimizda o‘qishga nima etsin. Menga ham Tojikiston yoki Qirg‘izistonga borib o‘qish havas emas.

xamidullaev2

Bugungi chempionatimiz mavqei Hamidullaevni qoniqtirmasligi xususida

Darhaqiqat, ko‘pchilik oldingi chempionatning saviyasi bir muncha yuqoriroq ekanligi haqida gapirishadi. Ayniqsa, unda bevosita ishtirok etgan sobiq futbolchilar bunday vaziyatda bugungi va oldingi futbolimizni yaxshiroq solishtira oladilar. Shunday ekan, sobiq hujumchi ham o‘zi o‘ynagan paytdagi chempionat bilan hozirgisi o‘rtasidagi farq katta ekanligini ochiq aytdi.

- Hozir o‘zbek futbolini yaxshi holatda deya olmayman. Oldin biz o‘ynagan paytdagi chempionatning saviyasi ancha baland edi. Oliy ligaga o‘tishdan oldin men birinchi ligada Islom Ahmedov ustozligidagi “Shahrixon” jamoasida o‘ynaganman. Ishonasizmi, o‘sha paytdagi jamoamiz hozirda Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashayotgan klublar bilan bemalol raqobatlasha olardi. Men hozir birinchi liga jamoasi haqida gapiryapman. U paytda oliy liga deganda, u erda qanday qilib o‘ynarkanmiz, eplab keta olarmikinmiz deb o‘ylanardik. Masalan, o‘zim ham boshida birinchi ligada o‘ynab yurgan kezlarimda oliy ligada to‘p surishimni aqlimga sig‘dira olmasdim. Chunki futbolchilar ancha baquvvat bo‘lishgan. To‘g‘risi, o‘sha paytdagi futbol bilan hozirgi futbolimiz o‘rtasida katta farq bor. Afsuski, hozirgi paytda futbolimiz orqaga ketgan. Duch kelgan odamlarni poyma-poy murabbiylikka o‘qitaverishdi va ular endi qanday futbolchilarni tarbiyalashyapti? Afsuski, boshqa murabbiylar ham o‘zimizdagi o‘yinchilar shu ekan-da, deb o‘shalar bilan majbur ishlab yurishibdi.

“Paxtakor”da nima uchun o‘ynab keta olmagani xususida

Zukko ishqibozlar Hamidullaevning “Paxtakor”da ham ma’lum muddat faoliyat ko‘rsatganini yaxshi biladilar. Bungacha “Andijon”da to‘purarlik salohiyatini ko‘rsatib kelgan hujumchiga “Paxtakor”dek klubdan jiddiy taklif bo‘lishi tabiiy edi. Biroq andijonlik futbolchining u erdagi faoliyati negadir ko‘ngildagidek chiqmagan. Baxtiyor nega “Paxtakor”ga borgani va nima sababdan u erni tark etgani haqida o‘zi quyidagilarni gapirdi.

- O‘yinchilik paytimda O‘zbekistondagi barcha klublarga istalgancha gol urib, o‘zimdagi kuchni his qilganman. Men esa futbolchi sifatida yanada o‘sishni istaganim uchun endi o‘sha gollarimni Osiyo Chempionlar ligasida ham urishni hoxlaganman. “Andijon”ning esa xalqaro maydonlarda o‘ynash imkoniyati juda kam edi, chunki o‘rtamiyona jamoa edi. Natijada “Paxtakor”dan tushgan taklifni qabul qilib, u erda ham to‘purarlik mahoratimni ko‘rsatishni istaganman. Ammo, borib qarasam u erdagi holat boshqacharoq edi. Xalqaro uchrashuvlarda zaxirada qolib ketyapman, o‘zimizning chempionatda esa o‘ynayapman. Lekin men uchun o‘zimizning chempionatda to‘p surish u qadar qiziq bo‘lmay qolgandi. Chunki boya aytganimdek, Osiyo maydonlarida o‘zimni ko‘rsatish ishtiyoqida edim. Agar o‘zimizning chempionatda o‘ynashim kerak bo‘lsa, u holda o‘zimizning “Andijon” jamoasida ham o‘ynayveraman degan fikrga kelganman va shu bois qaytganman. Lekin “Paxtakor”ga o‘tish ham katta gap edi, chunki u erga har kimni ham chaqiraverishmasdi.

Ha, u erda odam ajratishlar bo‘lgan. Masalan, biz mavsumga tayyorgarlikni Turkiya va BAAda o‘tkazganmiz. Esingizda bo‘lsa, 2002 yili Janubiy Koreya jahon chempionatida hammani hayron qoldirib, kuchli raqiblarni yutgan. Biz esa adashmasam, Dubaydagi yig‘inimizda Koreyaning qaysidir kuchli jamoasiga qarshi nazorat o‘yinini o‘ynaganmiz. Ularning tarkibida esa o‘sha jahon chempionatida o‘ynab, o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar bor edi. Biz esa o‘shalarni 3:2 hisobida yutganmiz va men ikkita gol urganman. Umuman, “Paxtakor” bilan qishki yig‘in davomida Rossiyaning bir qator klublariga ham qarshi o‘ynaganmiz. Deyarli barcha uchrashuvlarda gol urganman va o‘zimga bo‘lgan ishonch juda ortgan. Bunday vaziyatdan keyin hisob bo‘yicha “Paxtakor”ning asosiy tarkibida men o‘ynashim kerak bo‘lgan. Lekin asosiy bahslarda menga emas, boshqalarga ishonch bildirishgan. Bunday e’tiborsizlikdan keyin klubdan ketish haqida o‘ylay boshlaganman. Bir kuni klub shifokori yonimga kirib, endi o‘zing o‘ynaysan, chunki pistonchi futbolchi jarohat oldi, boshqasi ketyapti, unisi murabbiyga yoqmayapti, endi hamma e’tibor senga qaratiladi, bizda qol deb aytgan. Biroq men qarorimni qabul qilib bo‘lgandim va “Paxtakor”dan ketganman.

hamidullaev3

Bugungi hujumchilar haqida Hamidullaev qanday fikrda?

Tan olaylik, ilgargidek, Zafar Xolmurodov, Umid Isoqov, Baxtiyor Hamidullaev, Ja’far Irismetov, Anvar Berdiev, Rustam Do‘rmonov va boshqalardek to‘purar hujumchilar deyarli qolmadi hisob. O‘z o‘rnida Hamidullaev bugungi hujumchilar haqida fikr bildirar ekan, shunday dedi:

- Hozirda golga chanqoq hujumchilarimiz juda kam. Masalan, biz o‘ynagan paytda to‘purarlik uchun ham jiddiy kurash kechardi. Aytaylik, Ja’far Irismetov 40 dan ortiq gol urgan bo‘lsa, men 30 dan ziyod gol urganman. Hozir esa butun boshli jamoa mavsum davomida shuncha gol ura olmayapti. Selektsiya ishlariga yanada jiddiyroq qarash kerak. Masalan, o‘zimizning Andijonda ham iqtidorli yoshlar ko‘p. Shunchaki, ularni istab topib, imkoniyat berish va o‘ynatish kerak. Biroq ana shunday iqtidorlarni topa biladiganlar kam. Lekin bolalar futbolida boshqacha holatlar ham bo‘lar ekan. Masalan, bolaning ota-onasi pul bersa, uning farzandiga ko‘proq e’tibor bo‘lib qolyapti. Haqiqiy iqtidorlar esa bir chekkada qolib ketishyapti.

Hozirda Cheran gollar uryapti, unda tajriba bor. Agar u yanada yoshroq bo‘lganidami, bundan-da ko‘proq gollar urardi. Baribir unda tajriba katta va shuning evaziga gollar urishda davom etyapti. Uning o‘yinlari yaxshi chiqyapti.

Xo‘sh, Hamidullaevning keyingi rejalari qanday?

O‘zini allaqachon murabbiylikka bag‘ishlagan Baxtiyor bundan keyin ham shu sohada ishlashda davom etishini ma’lum qilgan holda navbatdagi rejalari haqida shunday dedi:

- To‘g‘risi, bu yil “Andijon” yoshlari bilan chempionlikka kurashmoqchi edik. Ammo shartnomam tugagani bois u erdan ketdim. Bu vaziyatda hech kimdan xafagarchilik yo‘q. Men hammasini to‘g‘ri tushundim. Bilasiz, Shahrixonda ham futbolni qattiq sevishadi. Muxlislar esa Shahrixonda jamoa tashkil qilishimizni istashyapti. Futbolni bezaydigani – bular ishqibozlar. Agar stadionga muxlislar kelmasa u erda ishlagingiz ham kelmaydi. Lekin Shahrixonda muxlislar juda talabchan va faol. Shunday jonkuyar ishqibozlar uchun albatta u erda ham jamoa bo‘lishi lozim. Hozirgi karantindan eson-omon o‘tib olsak, Shahrixonda jamoa tashkil qilish niyatimiz bor.

“Andijon” va Xomyakov to‘g‘risida

“Andijon” uchun begona bo‘lmagan va muvaffaqiyatli faoliyatini o‘sha erda o‘tkazgan sobiq futbolchi sifatida u doim ushbu jamoa uchun qayg‘urib keladi. Baxtiyor esa shu o‘rinda “Andijon” jamoasining bugungi holati hamda bosh murabbiy Aleksandr Xomyakovning iste’fosi haqida ham o‘zining munosabatini birdirdi.

- Andijon futbolida baribir nimadir qilish kerak-da. Oxirgi yillarda klub orqaga ketdi. Quyi ligadan kuchlilar orasiga chiqib olsa, u erda bir yil qolsa qoladi, ammo keyin yana orqaga qarab ketadi. Demak, nimanidir o‘zgartirish kerak. Faraz qiling, kasal inson davolanyapti, ammo unga noto‘g‘ri tashxis qo‘yib boshqa joylarini davolayverishadi. Natijada bemor tuzalmasdan yotaveradi. “Andijon” jamoasini shu holatga o‘xshataman.

Xomyakov masalasiga kelsak, u menga yoqdi. U yaxshi murabbiy ekan. Menimcha, murabbiy o‘z xohishi bilan iste’foga chiqdi. Bu ish klub tomonidan amalga oshirilgani yo‘q. Xomyakov yoshlarga e’tibor qaratishni yaxshi ko‘radi, u ham yo‘q joydan bor qilishga harakat qilgandi. U o‘zi istagan futbolchilarni olib kelmadi, faqat ixtiyoridagi bor o‘yinchilardan foydalanib ishladi.

hamidullaev4

Faoliyatidagi eng yaxshi murabbiy kim?

Hamidullaev faoliyati davomida “Andijon”dan tashqari “Paxtakor”, “Neftchi”, “Olmaliq” kabi klublarda, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham to‘p surgan. Natijada u bir qator ko‘pni ko‘rgan, tajribali mutaxassislar bilan ham birga ishlagan. Shu o‘rinda faoliyatida o‘chmas iz qoldirgan murabbiy haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

- Har doim aytganman, Sergey Shevchenko faoliyatimda katta iz qoldirgan. U birinchi ligaga borib, meni topib, o‘ynatib yuborgan. Demak, mendagi nimanidir holatni sezgan. O‘sha yilning o‘zidanoq menda o‘sish boshlangandi. Holbuki, o‘sha paytda men o‘zimga ishonmagandim, biroq Shevchenko meni hamma narsaga ishontirib yuborgandi. Ungacha ham meni Viktor Borisov ”Andijon”ga taklif qilgandi. O‘shanda u bilan ham uchrashganimda hali oliy ligada o‘ynashga tayyor emasman, chunki o‘zimga ishonmayapman degandim. Shundan keyin 3-4 oy o‘tib, birinchi davradan so‘ng Shevchenko men bilan gaplashgan va unga ham Borisovga aytgan gaplarimni takrorlaganman. Ammo u sen avval borib ko‘r, yoqmasa qaytib ketaverasan deb olib ketgan va shu bilan uning jamoasida qolib ketganman. Esimda, dastlabki uchrashuvda “Surxon”ni 5:1 hisobida yutganmiz, keyingi turda esa “Yangier”ni 6:3 hisobida mag‘lub etganmiz va men uchta gol urganman.

  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!