«Barselona»ning qarzi 900 million?! Qolgan grandlarda transfer uchun pul yo‘q?! Evropa futbolida nimalar bo‘lmoqda?

  • 26 yanvar, 2021, 09:00
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Pandemiyadan so‘ng, ko‘plab jamoalarda moliyaviy muammolar paydo bo‘ldi. Kichik klublarning ayrimlari esa, bo‘ynigacha qarzga botib ketdi. Xo‘sh, futbol uchun sinovli kunlarda o‘tib borayotgan bir paytda, grandlarda ahvol qanday? Bugun shu mavzuga atroflicha to‘xtalib o‘tamiz.

Tecno

«Barselona»ning yangi prezidentiga havas qilib bo‘lmaydi!

fasad

Hozircha birorta da’vogar jamoaning moliyaviy ahvolini yaxshilash haqida o‘z rejasini oshkor qilgani yo‘q. Hamma Messini olib qolish va tarkibni kuchaytirish haqida fikr bildirmoqda. Ularning maqsadi o‘z saylov kompaniyasining keng qamrovda ish olib borishini ta’minlash, xolos.

Ayni damda, klub zudlik bilan ortga qaytarishi lozim bo‘lgan summa 420 million evroni tashkil etmoqda. Bartomeu va uning sheriklari o‘zlari uchun kattagina maoshlar yozib olayotgan bir paytda, klub ancha botqoqqa botib qoldi. Endilikda, klubni qarzlardan xalos qilish uchun jamoa xarajatlarini keskin kamaytirishi lozim. Bunday paytda Messini tarkibda olib qolish imkonsiz. Argentinalik futbolchi klubga vafodor ekanligini haqida bong urgan bo‘lsa-da, hatto jamoada qolgani uchun olishi kerak bo‘lgan 39 million evrodan voz kechgani yo‘q. U bu pullarni 2025 yilda to‘lab berishlariga imkon yaratdi.

Messi chekinmaydi. Bu orada bankdan olingan kreditlar klubni yanada pastga tortishi aniq. So‘nggi ikki yil davomida jamoa 600 million evrodan ayrildi. Endi klubni Dembele yoki Grizmanni sotib yuborish qutqarib qolmaydi. Hozir klub moliya ishlarida chinakam inqilob qilish lozim.
Agar yangi prezident o‘z nomini qora qilishni istamay Messini olib qolsa, bu klubni tez orada bankrot bo‘lishiga olib keladi. Gap shundaki, jamoaga hozir o‘z ishining ustasi bo‘lgan bankir kerak. Turli piarlarga suyangan holda saylovda yutib chiqmoqchi bo‘layotganlardan klubga hech qanday naf yo‘q.

PSJ Mbappeni qo‘yib yuboradi, ammo faqat Messi uchun

fasad2

Parij klubi o‘tgan mavsumda 204 million evro zarar ko‘rganini rasman tan oldi. Bu avvalgi natijalardan ikki barobar ko‘proq degani. Gap shundaki, Frantsiya chempionati vakillarida teletranslyatsiya borasida muammolar paydo bo‘ldi. Oqibatda, klub 400 ta personal xodimni ishdan bo‘shatdi. Ish kunlarini kamaytirdi.

Jamoa pullarini tejayotgan bir paytda, Leonardo Messini Parijga olib kelish haqida fikr bildirdi. O‘zi shundoq ham UEFAning e’tibor markazida turgan klub Messining barcha injiqliklari uchun pul to‘lashi vaziyatni og‘irlashtirib yuborishi mumkin. Buning uchun birgina chiqish yo‘li, Mbappeni 250 million evro evaziga transfer qilish.

Parijda Leoni olib kelish haqida gap-so‘z ko‘paygan bo‘lishiga qaramay, jamoada buning uchun mablag‘ mavjud emas. Muxlislarning oqimi to‘xtagan, Parijga sayyohlarning qadami uzilgan paytda, Mbappe, Neymar va Messi uchun klub maosh to‘lashga qodir emas. Agar bu ish amalga oshsa, UEFA «feyr pley»ga rioya qilmaslikda aylblashi va bu klub imijiga keskin ta’sir qilishi aniq.

«Liverpul» himoyachi olishga ham qo‘rqmoqda

fasad6

Klopp «Liverpul»ning bugungi kundagi muammosi himoyada emasligini bir necha bor aytdi. U qishda markaziy mudofaa vakilli xarid qilinishidan foyda yo‘q ekanligini, muammo aslida gollarning yo‘qligida ekanligini oshkor qildi.

Bu shunchaki bahona ekanligini kundek ravshan. O‘z vaqtida, «Liverpul» Virjil uchun «Manchester Siti»dan ham ko‘proq to‘lashga pul topa oldi. Alisson uchun kurashda ham jamoa kuchini ko‘rsatib qo‘ydi. Endi esa, murabbiy hujumdagi muammolar ortiga berkinmoqchi bo‘lmoqda. Yillik byudjeti 600 million evroni tashkil etuvchi klubda hozir 50 million evro ortiqcha pul yo‘q. Bunisi achchiq haqiqat. Aks xolda, Jotani qo‘lga kiritish uchun jamoa butun boshli bir kombinatsiyani amalga oshirmagan bo‘lar edi.
Aslida, pandemiya boshlanishiga qadar, «Liverpul»ning homiylari Kilian Mbappeni olib kelish uchun reja tuzib qo‘ygan edi. Homiylik kompaniyalari orqali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan transferga pandemiya kuchli zarba berdi.

Agar «Liverpul» qishda himoyachi sotib olmasa, kelasi mavsumda katta ehtimol bilan bor pulini Mbappening transferiga sarflaydi. Kerak bo‘lsa, Muhammad Salohni sotib bo‘lsa-da, frantsuzni «tumanli albion»ga olib kelish choralari ko‘riladi.

«Real»da doim chora mavjud

fasad8

Hozir Madrid klubi ham turli muammolarga o‘ralashib qolgan. Ramos yangi shartnoma uchun katta pul talab qilmoqda. 115 millionlik investitsiya - Eden Azar haliyam o‘ziga kelgani yo‘q. Jamoa 3-liga vakilidan engildi. EChLda g‘olib bo‘lish uchun imkoniyat deyarli yo‘q. Ronaldu ketgach, klub birorta sifatli transferni amalga oshirgani yo‘q. Florentino Peresning rejalari mavjud, biroq buni amalga oshirish uchun mablag‘ yo‘q.

Eski gvardiya a’zolari: Kroos, Modrich, Marselo, Beylni sotuvga qo‘yishdan naf yo‘q. Peres esa, Erling Xoland va Kilian Mbappeni jamoaga olib kelish g‘oyasini amalga oshirmoqchi. Bu erda, yangi stadion qurilishi boshlangan. Pandemiya sababli, Madrid superklubi ham juda noqulay ahvolda qolib ketdi. Endi barchasi Zidanning ketishi yoki qolishiga bog‘liq. “Marca” nashri «Qirollik klubi» murabbiyining o‘rnini Yulian Nagelsmann egallashi haqda ma’lumot bermoqda. Agar bu ish sodir bo‘lsa, katta ehtimol bilan jamoa Erling Xoland uchun kurashga kirishadi. Buning uchun esa, ijaradagi futbolchilarni sotuvga qo‘yishga to‘g‘ri keladi. Hozirgi tarkibni suyagi esa, yana hech bo‘lmaganda 1-2 mavsum ko‘mak beradi. Unga qadar, Madrid klubi ham o‘ziga ancha kelib olishi aniq.

«Siti» ham tejashni boshladi

fasad12

Pep yozda klubda transferlar uchun pul yo‘qligini aytdi, biroq yana o‘z odatiga sodiq qoldi va qimmat markaziy himoyachilardan bir juft (Diash, Ake) xarid qildi. Katta ehtimol bilan Aguero jamoani tark etadi, biroq bundan deyarli hech qanday naf yo‘q.

«Siti»ning badavlat egalari ham endi aql bilan ish ko‘rish lozimligini anglab bormoqda. Boz ustiga, Messi uchun kurash oson bo‘lmasligi aniq. Bunday vaziyatda, pulni tejash juda muhim. «Siti»ning birorta futbolchisi boshqa klub nishonida emas. Grand jamoalarda transfer uchun pul yo‘q bir paytda, yiliga 10 million evro maosh oladigan futbolchilarni hech kim o‘z tarkibida ko‘rishni istamaydi. Shunday ekan, «Siti» bu vaziyatdan foyda bilan chiqishi uchun sabr qilish va turli-tuman transferlardan tiyilishi lozim.

Pandemiyani barcha voqealarga asosiy sababchi qilib ko‘rsatish noo‘rin. Gap shundaki, so‘nggi 10 yil ichida futbol klublari va ulkan banklar o‘rtasidagi aloqalar keng rivojlandi. Jamoalar o‘ylab o‘tirmay, 100-200 million evroni qarzga olishni boshlab yubordi. Futbol o‘zining eng yuqori nuqtasiga etgan chog‘larda bu summa ko‘rinmay ketishi turgan gap. Turli homiylik shartnomalari, musobaqalar, chiptalar savdosi, teletransliyatsiyalar, marketing va boshqa omillar sababli katta summadagi kreditlarni 10 yil ichida to‘lab yuborish muammo tug‘dirmayotgan edi. Afsuski, pandemiya kreditlarning foizi naqadar katta ekanligini barchaga ko‘rsatib berdi. «Barselona» aynan shunday kreditlar sababli boshi berk ko‘chaga kirib qoldi.

Bu vaziyatdan qolgan grandlar ham to‘g‘ri xulosa chiqargan ko‘rinadi. Shu bois, ular ham o‘z vaqtida tejamkor «rejim»ga o‘tib olishdi. Katta ehtimol bilan, futbol olamida tejamkorlik asosiy planga chiqadi. Bu biz ko‘rinib o‘rganib qolgan futbolni o‘zgacha ko‘rinish olishiga sabab bo‘lishi mumkin. Voqealar rivojini SPORTS.uz yoritib borishda davom etadi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!