"Balki u xohlagan o‘yinchi emasdirman" - "Qizilqum" bilan orani ochiq qilgan futbolchi

  • 23 dekabr, 2024, 21:57
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Navoiyning “Qizilqum” klubida ham o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Tarkib yangilanyapti. Bir qator o‘yinchilarga javob berildi. Jumladan, 29 yoshli yarim himoyachi Asror G‘ofurov ham jamoa bilan xayrlashdi.

Tecno

Yodingizda bo‘lsa, u “Qizilqum”ga shu yilning yozida qo‘shilgan bo‘lib, bungacha bir necha mavsum davomida Bangladesh chempionatida to‘p surgan. Ikkinchi davrada navoiyliklar safida 13 ta o‘yinda maydonga tushdi va 1 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Ma’lumki, “Qizilqum”ga serbiyalik Nikola Lazarevich bosh murabbiy sifatida ish boshlamoqda. Aftidan, uning boshqa rejalari bor. G‘ofurov esa klubdan ketishi sababini quyidagicha tushuntirdi:

“Jamoadan ketishim sababi, o‘ylashimcha, yangi murabbiyning o‘yin taktikasiga tushmaganim, balki u xohlagan o‘yinchi emasdirman. “Qizilqum”dagi yarim mavsum oson o‘tmadi. Chempionatda jon saqlash uchun borimizni berdik va buni uddaladik. Keyingi rejalarni vaqt ko‘rsatadi”.

Shuningdek, Asror bir necha yil Bangladeshda o‘ynab qaytgach, jamoaga va chempionatga moslashish qanday kechganini, qanday o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgani xususida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Qizilqum” klubiga kelganimda chempionatda qolish maqsadi qo‘yilgandi. Mavsum oralig‘ida Bangladesh jamoasidan kelib qo‘shildim. O‘zim uchun isbotlashim kerak bo‘lgan maqsadlarim bor edi. Ya’ni, Superligada o‘ynashga hali ham qodirmanmi yoki yo‘q, degan. O‘ylashimcha, o‘zim uchun buni isbotladim. Albatta, muxlislar baho beradi.

Superligada o‘ynash qiyinchilik tug‘dirmadi. Aksincha, futbolni sog‘ingandek maroqli o‘tdi.

Bangladeshdagi maydonlarning sifati bizni Superligamizdan orqada va havo harorati ham katta farq qiladi.

Hozirgi Superligamizdagi maydonlarda o‘zgarishlar katta. VAR tizimi har uchrashuvda bor. Projektorlar ham javob beryapti”, - deydi Asror G‘ofurov.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!