
Azar bilan «Real» bir kishi kam bo‘lib qolmoqda
Eden Azar Madridga ko‘chib o‘tgach, butun umr dunyoning eng kuchli klubi – «Real»da to‘p surish orzusida bo‘lganini ta’kidladi. Unga ishonch bildirishdi. Hatto Krishtianu Ronalduning 7-raqami ham tuhfa etildi. Oradan bir oy o‘tgach, mashg‘ulotlarda uni hech kim taniy olmadi. Belgiyalik vinger shu qadar ortiqcha vaznga ega ediku, hatto mavsum oldi tayyorgarlik chog‘ida klub media xizmati Azarning rasmini fotoshop yordamida ommaga e’lon qilishga majbur bo‘ldi.
Futbolchini «Chelsi»dagi faoliyatidan yaxshi bilgan muxlislar Azar uchun ta’til - «oshqozon bayrami» ekanligini ta’kidladi va hammasi tez orada o‘rniga tushib ketishini taxmin qildi. Afsuski, bu safar Eden o‘z formasini tiklay olmadi. Oqibatda, mavsumoldi mashg‘ulotlar chog‘ida kerakli yuklamalarni olishga ulgurmadi. Keyin jarohatlar ceriyasi boshlandi.
Achinarlisi shundaki, bu ceriya hali-hamon o‘z yakuniga etgani yo‘q. Ish shu qadar chigallashib ketdiki, hatto futbolchi yana jarohat olishdan cho‘chib qoldi. Qahramonimiz bu qo‘rquvni engib o‘tish uchun ruhshunosga murojaat qildi. Uning eng yaxshi ruhshunosi sifatida bemalol Zayniddin Zidanni ko‘rsatishimiz mumkin. Futbolchi har safar jarohat olganida yoki omadsiz o‘yin ko‘rsatganida murabbiy doimo ishonch bilan bir jumlani qaytaverdi:
«Eden o‘zini ancha yaxshi his etmoqda. Tez orada, u o‘z klassini namoyish etadi.»
Zidanning so‘zlariga qanchalik ishonishga harakat qilmang, bari befoyda. Yaqinda Belgiya futboli tarixidagi eng yaxshi futbolchi 30 yoshni qarshi oladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, biz uni «qaymoqranglilar» safida pik formaga chiqqanini boshqa ko‘rmaymiz. Bir yarim yil davomida vinger atigi 30 ta o‘yin o‘tkazdi. Sermahsullik bobida ham ishlar pachava. 3 ta gol va 7 ta assist.
Ushbu statistika o‘z o‘rniga. Eden butun boshli «Real»ning o‘yin sxemasiga ta’sir ko‘rsatishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, u qanotdan hujum qiluvchi asosiy kuchga aylanishi lozim edi. Qog‘ozda ajoyib transfer bo‘lib ko‘ringan futbolchi amalda befoyda ijrochiga aylanib bo‘ldi.
Eng qizig‘i shundaki, Azar maydonga tushgan uchrashuvlarda, murabbiy uning imkoniyatlaridan kelib chiqib tarkib tanlashga majbur bo‘lmoqda. 90 daqiqa to‘liq harakat qilishi va o‘zini erkinroq his qilishi uchun qanotda va markazdagi futbolchilar Azarga yaqinroq to‘p surishi lozim. Bu esa, «Real»ning o‘yinlaridagi tezlik va agressivlikning yo‘qolishiga olib kelmoqda. Azar maydonda bo‘lgan uchrashuvlarda, Ferlan Mendi ko‘proq himoyada bo‘lishi lozim. Sababi, Azarning to‘pni oldirib qo‘yishi odatiy holga aylanib bo‘ldi. Shuningdek, Toni Kroos ham imkon qadar Azarga yaqinroq to‘p suradi. U futbolchini o‘yindan uzilib qolmasligi uchun mobillikni ta’minlaydi. Oqibatda, markazda Luka Modrich yolg‘izlanib qoladi.
Murabbiy so‘nggi paytlarda Edenni asosan ikkita pozitsiyada maydonga tushirmoqda. Ulardan biri chap qanot vingeri bo‘lsa, ikkinchisi hujumchi ortidagi yarim himoyachi ampluasi. Ming afsuski, bu pozitsiyalarning birortasida «Qirollik klubi» futbolchisi kutilgan effektni bermayapti. Ochig‘i, birin-ketin omadsizliklarga qaramay, Ispaniya nashri u haqida negativ maqolalar e’lon qilishga shoshilmayotgan edi. «Atletik»ka qarshi kubok bahsidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, futbolchi tanqidlar yomg‘iri ostida qolib ketdi.
Uning transferida asosiy rolni ijro etgan Zidan hali-hamon futbolchini «Chelsi»dagi darajasini ko‘rsatishiga ishonchi komil. Shu bois, o‘ta muhim o‘yinlarda ko‘proq unga ishonch bildirmoqda. O‘tgan mavsumda EChL pley-offida «Manchester Siti» bilan to‘qnashuvni bir eslang! Zidan uchrashuvning startida Edenga imkoniyat bergan edi. Belgiyalik futbolchi esa, o‘yindagi eng yomon statistikani qayd etgani bilangina muxlislar yodida qoldi.Vaholanki, Ronalduning o‘rnini egallashi kutilgan futbolchi aynan shunday o‘yinlarda jamoa joniga oro kirish uchun xarid qilingan.
Qaysidir ma’noda, Zidan Azarga suyanishga majbur. Asensio og‘ir jarohat olgan, Vinisiusda sermahsullik yo‘q, Rodrigoga barqarorlik etishmaydi. Shunga qaramay, agar Zidan istasa, albatta boshqa futbolchi bilan bu pozitsiyani berkitishi mumkin. Misol uchun Federiko Valverde ortiqcha muammosiz asosiy tarkibga suqilib kirishni uddaladi. Agar murabbiy Edenning iqtidoriga ortiqcha baho bermasa, vaziyat oydinlashadi. Zayniddinning shaxsan o‘zi tanlagan ijrochi bir mavsumda 50 ta gol uradigan Ronalduning o‘rnini bosa olmayapti! Bosa olmasa ham kerak.
Yaqinda Ispaniyaning taniqli radiostantsiyasi – Cadena COPE Azar borasida fikr bildirdi. Unga ko‘ra, Florentina Peres allaqachon Azardan umid uzgan. Yozda jamoa Krishtianu singari og‘ir vaziyatlarda qo‘llab yuborishga qodir top futbolchining transferini amalga oshiradi. Azarga berilgan ishonch kreditlari esa, o‘z yakuniga etdi.
Ya.U
Fikrlar