
“ArMI—2022”: “Xavfsiz muhit”da ham g‘alabali yurishlar davom etmoqda
Avval aytib o‘tganimizdek, Samarqand viloyatidagi “Sazagan” dala o‘quv maydonida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz muhit” musobaqasining birinchi — “Yakka tartibdagi poyga” bahslarida O‘zbekiston jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Bugun, 23 avgust kuni ikki kunlik tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tagan jamoalar navbatdagi — “Otish tayyorgarligi” maydonchasida bellashuvlarga kirishdi.
Unchalik katta bo‘lmagan hududni o‘z ichiga olgan ushbu musobaqa maydonini bosib o‘tish ishtirokchilar uchun ko‘ringani kabi oson kechmadi. Katta tezlikda turli to‘siqlarni oshib o‘tib, nafasni rostlamasdan, ustiga-ustak gazniqobda “AKS-74” qurolidan belgilangan nishonlarni tik turgan, o‘tirgan va yotgan holda yakson qilish hamda qo‘l granatasini maydoncha tomon aniq uloqtirish harbiy xizmatchidan katta mahorat talab etadi.
Murosasiz bahslarda O‘zbekiston jamoasi vakillari ana shunday toblangik darajalarini yana bir bor namoyon etdi. Barcha nishonlar bexato yakson qilindi. G‘alabali yurishda davom etgan o‘g‘lonlarimiz barcha ishtirokchi jamoalarni yirik hisobda ortda qoldirdi.
“Otish tayyorgarligi” bosqichi natijalari quyidagicha:
O‘zbekiston:
birinchi ekipaj — 7 daqiqa 22 soniya;
ikkinchi ekipaj — 10 daqiqa 42 soniya.
Xitoy:
birinchi ekipaj — 26 daqiqa 55 soniya;
ikkinchi ekipaj — 19 daqiqa 2 soniya.
Belarus:
birinchi ekipaj 20 daqiqa 44 soniya;
ikkinchi ekipaj 24 daqiqa 50 soniya.
Vetnam:
birinchi ekipaj 24 daqiqa 9 soniya;
ikkinchi ekipaj 23 daqiqa 55 soniya.
Rossiya:
birinchi ekipaj 19 daqiqa 44 soniya;
ikkinchi ekipaj 28 daqiqa 23 soniya.
Eron:
birinchi ekipaj 30 daqiqa 33 soniya;
ikkinchi ekipaj 27 daqiqa 37 soniya.
Oldinda jamoalarni yakuniy – “Estafeta” bosqichi kutib turibdi. Jamoamiz a’zolariga uchinchi bosqichda ham birinchilikni qo‘lga kiritib, mutlaq g‘alabaga erishishlarini tilab qolamiz.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati
Fikrlar