
Anvar G‘ofurov: "Terma jamoamiz BAAdan har taraflama kuchli"
O‘zbekiston milliy terma jamoamizni 5 iyun kuni safarda BAAga qarshi juda muhim uchrashuv kutib turibdi.
Agar vakillarimiz mazkur o‘yinda kerakli natijaga erisha olsa, muddatidan ilgari o‘z tarixida ilk bor mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Shu sababli ham hammaning e’tibori bo‘lajak bahsga qaratilgan.
Terma jamoamizning sobiq futbolchisi Anvar G‘ofurov esa BAAga qarshi o‘yin oldidan ayrim savollarga javob qaytardi.
- Anvar aka, terma jamoamizni mehmonda BAAga qarshi juda muhim o‘yin kutmoqda. Ijobiy natija biz uchun mundial eshiklarini ochadi. O‘yin oldidan nima deya olasiz?
- Albatta, BAAga qarshi o‘yin juda muhim. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar, biz bu uchrashuvda favorit deb o‘ylayman va men terma jamoamizga 100 foiz ishonaman. Xudo xohlasa, ijobiy natija bo‘ladi hamda bizni xalqimiz kutgan kun nihoyat keladi.
- Xabaringiz bo‘lsa kerak, BAA termasida murabbiy almashdi. Bu o‘zgarish biz uchun qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb o‘ylaysiz?
- Albatta, o‘ziga yarasha o‘yinni boshida qanaqadir ozgina tushunmovchilik bo‘lishi mumkin. Lekin bizning murabbiylar shtab va futbolchilarimiz bo‘lajak vaziyatni tezda tushunib, to‘g‘ri ko‘rsatmalar bilan hal qilishadi, bunga ishonaman. Terma jamoamiz har taraflama raqibdan kuchliroq.
- Terma jamoamizda ilgari o‘ynagansiz va ma’lum vaqt murabbiy sifatida ham ishlagansiz. Ayting-chi, hozirgi tarkib eng optimal tarkibmi? Yoki sizningcha, yana kimdir tarkibdan tushib qolganmi?
- Hozirgi tarkibimizni optimal deb bilaman. Bu tarkibni eng katta plyusi - raqobat bor va u juda kuchli. Albatta, ushbu tarkibga ideal bo‘lishi uchun yana bir qancha futbolchilarni qo‘shsa bo‘ladi.
- Raqibni kuchli va kuchsiz taraflari nimada, deb o‘ylaysiz?
- Agar raqibimiz ikkinchi raqam bilan maydonga chiqsa, bu qanaqadir qiynchiliklar tug‘dirishi mumkin. Agar BAA terma jamoasi ochiq futbol o‘ynashga chiqsa bizga maqsadimizga etishish uchun osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. BAA termasini hurmat qilaman. Ammo jamoalarni solishtirsak, bizning jamoa kuchli.
- O‘yin oldidan shaxsan sizda qandaydir xavotir yo‘qmi? Masalan, chiziqlar bo‘yicha, hakamlik yo boshqa jihatlar borasida...
- Xavotir yo‘q. Terma jamoamizga va har bir vakiliga ishonaman. Bu terma jamoamiz jahon chempionatida ishtirokchi bo‘lishiga ishonchim komil.
Fikrlar