
Andrey Shipilov: Jeparovga o‘xshagan professionallar tobora kamayib bormoqda (2-qism)
Yaqinda «Metallurg» klubi bosh murabbiyi Andrey Shipilov bilan uyushtirilgan suhbatimizning birinchi qismini e’tiboringizga havola qigandik. Bu safar esa murabbiy bilan muloqotimizning ikkinchi qismini taqdim etamiz va o‘ylaymizki, bu safargisi yanada qiziqarli kechgan.
- Muxlislar orasida ko‘p yurganimiz bois shu qabildagi gap-so‘zlarni eshitishimizga ham to‘rg‘i keladi: «Metallurg» - «Paxtakor»ning ukasi. Bejizga «Paxtakor» unga o‘z o‘yinchilarini bermaydi, o‘z navbatida «Metallurg» «Paxtakor» uchun «yo‘llarni tozalab beradi»… «Paxtakor»da ishlagan mutaxassis sifatida bunday fikrlarga munosabatingizni bilmoqchi edim. Aslida hammasi qanday ko‘rinish olgan?
- Bu kabi savolingizga javob berishga tayyorman. Chunki shunday mazmundagi gap-so‘zlar menga ham etib keladi. «Metallurg»da ish boshlaganimdan beri yuqoridagiga o‘xshash gaplarni etarlidan ortiq eshitishimga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, safarlarga chiqqan paytimizda mendan shu haqida ko‘p so‘rashadi. Bunday mazmundagi iddaolar o‘tgan mavsum 2-tur doirasida «Nasaf»ga qarshi o‘ynaganimizda bildirila boshlangandi. Ha, men «Metallurg»ni shoshilinch tarzda qabul qilib oldim. Men jamoada ish boshlagan paytimda bir qancha futbolchilar «Metallurg»ni tark etishga ulgurishgandi. Ularning o‘rnini to‘ldirish uchun imkoniyatdan kelib chiqqan holda o‘yinchilarni klubga taklif qildik. Shundan kelib chiqqan holda uchrashuvlarni o‘tkazishga tushdik. Namanganga bordik, uyda «Lokomotiv» bilan durang o‘ynadik. So‘ngra «Nasaf» mehmoni bo‘ldik. Bellashuv oldidan menga xuddi siz yuqorida aytgandek savollar bilan murojaat qila boshlashdi. «Paxtakor»da o‘zim bilan ishlagan futbolchilarning «Metallurg»ga kelishi qanday yuz bergan? Ular klubga kerak bo‘lmay qolgandi. Masalan, Akbar Ismatullaevni 10 yildan beri taniyman. Ammo negadir biror-bir jurnalist «Metallurg»da ish boshlagan paytimda Qashqadaryodan uch nafar futbolchi - Javohir Ilyosov, Zafar To‘raev va Shaxzod Shaymanov bo‘lgani haqida hech so‘ramaydi. Keyin Namanganga o‘ynash uchun ketdik. «Navbahor» yutar ekan, hammaning kayfiyati chog‘, haqiqiy bayram bo‘ladi. Biz uchrashuvni yaxshi o‘tkazdik va 0:0 hisobidagi durangni qayd etdik. O‘yindan keyin menga xuddi yuqoridagiga o‘xshash savollar bilan murojaat qilishgan.
Xo‘p, endi o‘ylab ko‘raylik, Oston O‘runov qaysi klubning tarbiyalanuvchisi? «Paxtakor»nikimi, «Paxtakor»niki. Sherzod Karimov, Davron Hoshimov – bular ham «Paxtakor»da o‘ynashganmi, o‘ynashgan. Keling, narsalarning o‘z oti bilan ataylik. «Lokomotiv» mehmoni bo‘ldik. Bir o‘yinchi kam to‘p surgan holda gol o‘tkazib yubordik. Hammaning dimog‘i chog‘, stadionda ajiotaj yuzaga kelgan. Muxlislar baqir-chaqir qiladi. Bunday muhitda o‘ynash juda yoqimli. Endi o‘zingiz xolis ayting, «Lokomotiv»ning tarkibida «Paxtakor»dan chiqqan qancha futbolchi bor? Ignatiy Nesterovdan tortib Anzur Ismoilovgacha olish mumkin bo‘lsa, «Lokomotiv»ning tarkibidagi «paxtakorchi»lar «Metallurg»nikidan ham ko‘pligini ko‘rasiz. Namanganda uchrashuvni zo‘r o‘tkazgan holda durang o‘ynadik. Lekin jamoamga nisbatan o‘rinsiz e’tirozlar bildirilayotganiga hech tushunmayman. Bunday «tikonli» gap-so‘zlar faqat me’daga tegadi xolos. Demokratik davlatda yashayapmizmi, hammasiga haqqoniy qarashni ham bilish kerak. Misol uchun «Nasaf»dan chiqqan 10 futbolchi ayni chog‘da «Paxtakor» uchun to‘p surmoqda. Ammo men shuni bilsam ham baqir-chaqir qilmay jim yuribman. Umuman aytganda, bu masalada boshqalar ham hech qanday munosabat bildirmaydi. Hammasini to‘g‘riligacha qabul qilishni qachon o‘rganar ekanmiz? Odamlar «Nasaf»da ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgani va shuning evaziga qator iqtidorli futbolchilar etishib chiqqanini negadir tushunishni istashmaydi. «Nasaf»da o‘z sohasining bilimdonlari ishlashgan. Jumladan, Anatoliy Demyanenko, Edgar Gess, Usmon Toshev, Ro‘ziqul Berdiev. Ular tufayli Qashqadaryoda ko‘plab malakali futbolchilar etishib chiqdi. «Mash’al», «Sho‘rtan», «Nasaf» - ushbu jamoalarda yaxshi o‘yinchilarni etishtirib chiqib, keyin sotish biznes darajasiga ko‘tarilgan. Futbol ham bamisoli bozordek gap: Sotuvchi bormi, demak xaridor ham topiladi. Cheran bilan Hamrobekovni «Paxtakor»ga ko‘chirib o‘tishdi. Shuningdek, samarqandlik Farruh Sayfiev ham «Paxtakor» a’zosiga aylangan. Ammo negadir bu xususida birov churq etmaydi. Lekin «Metallurg»ga kelganda negadir vaziyatga noto‘g‘ri baho berish holatlari kuzatiladi. Shunday bo‘lsa ham indamaygina o‘z ishimni bajarishda davom etyapman.
Jarohat olgan Aleksandr Lobanovni kim tarkibga qo‘shib olishni istadi? Hech kim. Lekin men shunday bo‘lgan taqdirda ham tavakkalga yo‘l tutib, Lobanovni «Metallurg»ga olib keldim. Yoki bo‘lmasa Ilyosovni misol sifatida olish mumkin. U «Lokomotiv»ga mening klubimdan o‘tgan. So‘ngra milliy terma jamoaga jalb etildi. Bunday bo‘lishida jamoamizning darvozabonlar murabbiyi Alisher Ahmedovning hissasi katta. U bir yil ichida katta o‘sishga erishdi. Bugungi kunda Ilyosov milliy terma jamoada uchinchi darvozabon sanaladi. Uni doim termaga chaqirishadi. Demak, biz ham kimlargadir o‘sishiga yordam berganmiz. Xuddi shunday fikrni 1999 yilda tug‘ilgan Yo‘ldoshev borasida ham bildirish mumkin. Uni hech kimga kerak bo‘lmagan paytda «Metallurg»ga olib keldim. U yoshlar terma jamoasi a’zosiga aylandi. Negadir boshqalar «Metallurg» murabbiylari amalga oshirgan ishni munosib baholashni istamaydilar. Nega endi umumiy holatga barmoq orasidan boqish urfga aylanyapti? Ravshan Haydarov Toshqo‘ziev bilan Sattorovni ham terma jamoga chaqirgan. Shuningdek, bizda Odil Abdumajidov bor. Andijonlik bu yigit ham terma jamoadan chaqiruvlar olyapti. O‘tgan yili «Andijon»da o‘ynamagandi. Boshqalarga kerak bo‘lmagan futbolchilar «Metallurg»da o‘ynab ketayotgan ekan, nega buni tan olishni istashmaydi? 2000 yili tug‘ilgan Qudratullaev «Paxtakor»da tarbiyalangan va unga ham boshqalar e’tibor bermaganida men uni jamoamga chaqirdim. Yigitcha ko‘chada qolgandi. «Paxtakor»da «Xirmon» doim bo‘lgan va bo‘lib keladi. Lekin bundayroq jamoalarda bir-ikki yil ichida «xirmon» ko‘tarish amrimahol. Yuqoridagi misollar bilan o‘zimni zo‘r murabbiy sifatida ta’riflamoqchi emasman. 10 yil davomida «Bunyodkor»da olib borilgan ishlar mana endi o‘z mevasini bermoqda. Xuddi shunday mulohazani «Nasaf», «Sho‘rtan» va «Mash’al» misolida ham davom ettirish mumkin. Bunday ishlar o‘z-o‘zidan yuz bermaydi. Buning uchun avvalo hokimlarni tilga olib o‘tish kerak. Agar men bo‘lmasam, boshqa hamkasbim ham terma jamoa saviyasiga javob bera oladigan futbolchini etishtirib berishi mumkin-ku.
Yaqin-yaqinda ham Namangan va Farg‘onadan ko‘plab iqtidor egalari etishib chiqardi. Biroq iqtisodiy muammolar tufayli negadir bu jarayon to‘xtab qoldi. O‘ylaymanki, oqqan suv yana oqaveradi. Albatta, Namangan va Farg‘ona yana vakillarini terma jamoaga yuboradigan darajaga qaytadi. Ayniqsa, bu masalada «Navbahor»ning imkoniyati ko‘proq, nazarimda. Namangan viloyatida etishib chiqqan o‘yinchilarning «Paxtakor»ga jalb etilgani haqida batafsil to‘xtalish shart emas. Futbol xo‘jaligi shundayki, qisqa vaqt davomida har tomonlama etuk ijrochini shakllantirishning iloji yo‘q.
- Server Jeparov kelganidan so‘ng u bosh murabbiyning ishiga qanchalik yordam bera olyapti?
- Serverni nima uchun jamoaga chaqirdim? Oldingi xizmatlari uchun emas, albatta. Serverni anchadan beri taniyman. U bilan ilgari ishlaganman. Jeparov «Navbahor»da o‘ynashni boshlagandayoq uni bilardim. Keyinchalik futbolchi shakllanishda davom etdi, «Paxtakor»ga jalb etildi va milliy terma jamoada maydonga tushishni boshladi. So‘ngra Server faoliyatini chet davlatlarda – Eron, Saudiya Arabistoni va Koreyada davom ettirdi. Shunday ijrochi bilan milliy terma jamoada birga ishlash menga nasib etganidan xursandman. Birinchi navbatda men o‘yinchining o‘ta mashhur yoki taniqli bo‘lgani uchun emas, balki insoniylik xususiyatlariga qarab baho beraman. Masalan, Anzur Ismoilov yoki Aziz Haydarov bilan ham munosabatim juda samimiy. Ular bilan tanishgan paytimda qanday kamtar bo‘lishgan bo‘lsa, hozir ham sira o‘zgarishmagan. Ma’lumki, o‘zgaruvchan odamlar ham ko‘plab topiladi. Bunday insonlar moliyaviy tomondan ahvollarini yaxshilab olganlaridan so‘ng butunlay o‘zgarib qolishadi. Ammo shunday maqomda ham o‘zligini saqlab qoladigan kishilarni juda hurmat qilaman. Serverni bekorga «Metallurg»ga taklif qilmaganman. U bilan muzokaralarni boshlagan paytimizda ishontirish uchun ortiqcha gap-so‘zlarga hojat ham bo‘lmadi. Men hammasini ro‘y-rost, ochiqchasiga tushuntirdim. Albatta, Serverga tuzib qo‘ygan rejalarim borasida ma’lumot berdim. Agar bu rejalar yaqin 3-5 yil ichida ish bersa, klubda yaxshigina o‘zgarish bo‘ladi. Chunki biz kelajakka e’tibor qaratyapmiz. Jeparov – haqiqiy professional. Boz ustiga bunday professionallar soni tobora ozayib bormoqda. Undaylarni sanash uchun bir qo‘ldagi besh barmoq ham etarli, deb o‘ylayman. U esa mana shunday insonlardan biridir. Server, Ignatiy Nesterov va Aziz Haydarov – bular o‘z ishining haqiqiy professionallaridir. Agar kimlarnidir unutib qo‘ygan bo‘lsam, meni kechirishsin. Darhaqiqat, Odil Ahmedov xususida ham faqat yuqoridagi fikrni aytishim mumkin. Kamoliddin Tojiev ham shundaylar sirasiga kiradi. Bunday ijrochilarning borligi har qanday jamoaga faqat foyda keltiradi xolos. Ayniqsa, yosh avlod vakillari ulardan o‘rnak olishga intilishadi. Mana shunday professionallar jamoadagi ichki muhitga ijobiy ta’sir ko‘rsatadilar. Shundan kelib chiqqan holda Jeparovni «Metallurg»ga taklif qilganman. Bundan ko‘zlagan maqsadim – yoshlarning undan ibrat olishini istashi xolos.
Chirchiqlik oddiy yigitning futbol orqali tirik afsonaga aylanishi xuddi ertakka o‘xshaydi. Ammo bu ertak emas. Yoshlar o‘z ishiga sidqidildan yondashgan taqdirda shunday darajaga ko‘tarilish mumkinligini his qilib ter to‘kar ekanlar, bundan avvalo o‘zlari foyda ko‘rishadi. Oddiy oiladan chiqqan yigitning Osiyoda ikki bor tengsiz futbolchi deb tan olinishi – bu juda katta natijadir. Bilasizmi, eng kuchli futbolchilar aksar hollarda oddiy oilalardan chiqishadi. Moddiy tomondan to‘kinlikda voyaga etganlar orasida bu darajaga ko‘tarilganlarni bilmayman. Oddiy oila farzandlari esa futbol orqali ko‘p narsaga erishish mumkinligini sezgan holda ishlashadi. Bu gap nafaqat futbol, balki sportning boshqa ommabop turlari – boks, kurash, dzyudo, samba bilan shug‘ullanadiganlarga ham tegishli. Sport ular uchun ahvolini har tomonlama yaxshilab olish yo‘lida faqat vosita sanaladi. Men buni to‘kin hayot uchun berilgan yo‘llanma deb ham atashim mumkin. Jeparovni klubga taklif qilish bilan boshqalarga go‘yo shunday demoqchiman: ko‘ringlar, u sizlarning ichingizda, sizlar bilan birga ishlayapti, birga ovqatlanyapti, birga dam olmoqda. Eng asosiysi, Server har doim o‘zini juda sipo tutadi. Uni chetdan kuzatish juda yoqimli. Jamoamizdagi yoshlar Jeparovdan o‘rnak olishsa, bundan faqat xursand bo‘laman xolos. Boz ustiga u haqiqiy oilaparvar insondir. Serverni jamoaga taklif etish imkoni borligini bilgan zahotim uni qo‘ldan chiqarib yubormaslikka harakat qildim. Shukrki, bu harakatlarim zoe ketmadi. Mayli, u oldingidek o‘yinlarini boshidan oxiriga qadar o‘tkazmasin, ammo maydonga tushgan paytda jamoadoshlari u bilan birga ekanliklarini his etgan holda o‘z kuchlariga bo‘lgan ishonchni yaxshiroq tuya boshlaydilar. Bu shuningdek, o‘yinni tomosha qilish uchun kiradigan muxlislarga zavq bag‘ishlaydi. Bekobodlik ishqibozlarni bu masalada omadi kulgan, desam ham bo‘laveradi. Chunki «Metallurg»da Jeparov va unga o‘xshaydigan haqiqiy professionallar to‘p surishyapti.
Bekobodni 2,5 soat ichida aylanib chiqsa bo‘ladi. Mana shunday kichik shaharning jamoasida o‘z ishining haqiqiy ustalari to‘p surayotgani – bu katta natija. O‘tgan yildan boshlab yosh bolalarning jamoamiz ishtirokidagi mashg‘ulotlarni boshqacha ishtiyoq bilan kuzatishayotganiga guvoh bo‘lyapman. O‘z navbatida uy o‘yinlari chog‘ida stadion muxlislar bilan to‘lyapti. To‘g‘ri, biz bu masalada Namangan, Qashqadaryo yoki Andijon bilan bellasha olmasligimiz mumkin. Ammo Bekoboddek kichik bir shaharda mahalliy jamoa o‘ynar ekan, uni qo‘llash uchun hatto kichik yoshdagi bolalar kelayotganini ko‘rish meni xursand qilyapti. Sasha Lobanov, Server Jeparov, Kamoliddin Tojiev kabi futbolchilarni maydonda ko‘rish har qanday tomoshabinni quvontirmasdan qolmaydi. Bunday ijrochilarning klubga taklif qilinishi mahalliy bolalar va o‘smirlarni ruhlantiryapti.
- O‘zbek futbolchilari orasida chetga yo‘l olgan holda legioner sifatida to‘p surayotganlari etarli darajada kuzatiladi. Ammo negadir o‘zbekistonlik murabbiylarning xorijda ishlashi masalasida bunday deyish amrimahol. Sizningcha, nega shunday holat yuzaga kelgan?
- Juda qiyin savol berdingiz. Shu bois bunga qanday javob qaytarishni ham bilmayman. Agar nomma-nom sanab chiqib, kimlarnidir yodimdan chiqarib qo‘ysam meni noto‘g‘ri tushunishlari tayin. Bizda ham bemalol xorijda ishlashi mumkin bo‘lgan ikki-uch nafar etuk mutaxassis yo‘q emas. Biroq chetda ishlash oson emas. Qolaversa, chet mamlakatlarning futbolidagi farq ham bor. Masalan, Rossiya birinchiligining saviyasi Evropa g‘arbidagi mamlakatlar chempionatlaridan yaqqol ajralib turadi. Mening bu boradagi fikrim shunday: agar klublarimiz Osiyo maydonlarida yaxshi natija ko‘rsatishadigan bo‘lsa, o‘z-o‘zidan murabbiylarimizga ham chetdan takliflar kelib tushishi tayin. Yana qaytaraman: alohida ism-shariflarni tilga olmoqchi emasman. Balki kimlargadir shu paytga qadar chetdan takliflar bo‘lib, ammo qaysidir sabablar tufayli buni qabul qilmaganlari bor bo‘lishi mumkin. Ehtimol, masalaning moddiy yoki boshqa tomonlari ularni qanoatlantirmagan bo‘lishi mumkin. Bunday paytda ko‘p narsa klublarimiz hamda terma jamoamizning reytinglardagi o‘rniga bog‘liq bo‘ladi. Reytinglarda yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishni uddalash mumkin, deb hisoblayman. Buni amalga oshirish uchun ma’lum vaqt talab qilinadi. To‘g‘risi, o‘zbekistonlik murabbiylarning futbolchilardan farqli ravishda chetda faoliyatini davom ettirmayotganlarini ko‘rish meni ham biroz hayron qoldiradi. Bu men uchun ham jumboq. Bu masalaning obektiv tomonlari ham bor.
Agar Angliyani misol tariqasida olish mumkin bo‘lsa, u erda mahalliy mutaxassislar xizmatiga extiyoj kamligini ko‘rish mumkin. Rossiya futbolida ham legioner murabbiylarning xizmatiga bo‘lgan talab yuqori. Bunday misollarni terma jamoalar miqyosida ham ko‘rsa bo‘ladi. Qator mamlakatlarning bosh jamoalarida mahalliy emas, balki legioner maqomidagi murabbiylar ustozlik qilishmoqda. Albatta, mahalliy ustozlarga tayanadigan mamlakatlar ham yo‘q emas. Misol uchun Germaniya yoki Portugaliyada buni ko‘rsa bo‘ladi. Ukraina borsida ham shunday desa bo‘laveradi. Qatar, Saudiya Arabistoni futbolida mahalliydan ko‘ra legioner murabbiylarga bo‘lgan talab yuqoriligini o‘zingiz ham bilsangiz kerak.
- O‘zingizga ma’lum, tez orada Andijon futbolining 55 yillik yubileyi o‘tkaziladi. Hozirda bunga tayyorgarlik ketmoqda. Agar tadbirga taklif olsangiz, mehmon sifatida ishtirok etasizmi yoki «Andijon» klubining sobiq o‘yinchisi sifatidami?
- Menimcha, «Andijon» klubining sobiq o‘yinchisi sifatida ishtirok etsam kerak. Axir jamoada etti yil o‘ynaganman. Bu esa oz muddat emas.
Fikrlar