
Andrey Shipilov: "Birovga yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilmaganman" (1-qism)
Bugungi kunda Bekobodning “Metallurg” klubi yangicha qiyofaga kirib bormoqda. O‘tgan yildan jamoada katta o‘zgarish va islohotlar yuz berishni boshladi. Bosh murabbiylikka bungacha «Paxtakor»da jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlab kelgan Andrey Shipilovning taklif etilishi natijasida uni bu lavozimda kuzatish yanada qiziq tuyulmoqda. Hozircha uning bosh murabbiylikdagi ishi chakki emas. Har holda Andrey Sergeevichning zamonaviy mutaxassisligi ko‘rinib turibdi.
Shipilov juda talabchan va “Metallurg”da katta loyihalarni amalga tatbiq etish bo‘yicha ham rejalar tuzib qo‘ygan. Yaqinda bekobodliklar ustozi bilan uchrashdik va bir qator masalalar bo‘yicha murabbiy o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Lekin Andrey Sergeevich bilan muloqotimiz uzoq davom etgani uchun u bilan suhbatni ikki qismga ajratishga qaror qildik. Dastlabki qismida uning “Paxtakor”dagi faoliyati, “Metallurg”ga ko‘chib o‘tib, bu erda amalga oshirayotgan ishlari, shuningdek, jamoaga g‘oliblik ruhini qay tariqa singdirish mumkinligi borasidagi o‘zining batafsil fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Andrey Sergeevich, Bunga qadar «Paxtakor»da jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlagansiz. U erdagi faoliyatingizdan qanday xotiralar qolgan?
- Ha, gapingiz rost. Men 10 yildan ziyodroq vaqt davomida «Paxtakor»da jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida ishlaganman. Omadim bor ekan, ma’lum vaqt milliy terma jamoada ham ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldim. Albatta, o‘tgan vaqt davomida o‘zim bilan birga ishlagan murabbiylar va rahbarlarning hammasiga rahmat aytmoqchiman. Jumladan, Samvel Babayanni alohida aytib o‘tishim kerak. Shuningdek, jamoada Serbiya va Chernogoriyadan ham mutaxassislar kelib ishlashgan. Deyan Jorjevich va Miodrag Radulovichni e’tirof etmoqchiman. Keyinchalik bir yarim yil davomida Samvel Vyacheslavovich bilan milliy terma jamoada ishladim. Albatta, bu juda yaxshi vaqtlar edi. Eslashga arzigulik jihatlar juda ko‘p. O‘yinchilar juda samimiy bo‘lib, ular bilan mashg‘ulotlarda va yig‘inlarda ishlash menga yoqqan. Shu davr mobaynida etarlicha tajriba to‘pladim, deya olishim mumkin. Xususan, klub bilan Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokni alohida aytib o‘tishim kerak. Milliy terma jamoadagi ishlar ham eslashga arziydi. Biz Eron, Janubiy Koreya kabi kuchli raqiblar bilan kurash olib borgan holda jahon chempionatining final bosqichiga chiqishga juda yaqin qolganmiz. Afsuski, so‘nggi pallada buning iloji bo‘lmagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Babayanning terma jamoa bilan xayrlashuvi ko‘ngildagidek chiqmadi.
Taqdir taqozosi bilan 10 yil davomida o‘zimni jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy sifatida sinadim, etarlicha tajriba to‘pladim. Albatta, shu vaqt davomida malakamni oshirish uchun o‘qishdan to‘xtamadim. Institutda ta’lim oldim, murabbiylik toifalari bo‘yicha kurslarni o‘tadim. Buning samarali o‘laroq «V» va «A» toifadagi litsenziyalarga ega chiqdim. Shundan o‘ng «Pro» litsenziyasini ham oldim. Hammasi asta-sekinlik bilan, bosqichma-bosqich yuz berdi. Shuni alohida aytishim kerakki, men o‘zim egallaydigan joyni qidirganim yo‘q. Chunki jamoalar unchalik ko‘p emas. Kimlarningdir ostonasida turishni o‘zimga ep ko‘rmayman. Birovga yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilmaganman. Chunki bunday yo‘l tutgan taqdirimda kimningdir o‘rniga ko‘z tikkan bo‘lardim. Darhaqiqat, «Paxtakor»da o‘zgarishlar yuz berdi. Jamoaga boshqa odamlar kelishdi, ular bilan ishladim. Shundan keyin «Paxtakor»da qolishim to‘g‘ri bo‘lmasligini ich-ichimdan his eta boshladim. Bu mening ichki kechinmalarim. Avvalo birortasiga hech qanday gina-qudratim yo‘qligini ta’kidlab o‘tishni istagan bo‘lardim. Axir «Paxtakor» men uchun qadrdon klub bo‘lib qolgan. Ish jarayonida murabbiylik tajribamni aynan shu klubda oshirganman, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Albatta, «Paxtakor»dan ketish o‘zimning shaxsiy qarorim bo‘lgan. Ish jarayonida rahbariyat bilan istasangiz-istamasangiz bahs-tortishuvlar ham bo‘lib turadi. Ammo jamoadan ketishim qisqa fursatlar oralig‘ida hal bo‘ldi. «Paxtakor»dan ketaman deb qattiq oyoq tirab olmadim. Lekin klubda qolishim og‘ir bo‘lishini ich-ichimdan his qilib turardim. Eng asosiysi, «Paxtakor»ga ham, o‘zimga ham zarar keltirmaslik payida bo‘ldim.
- «Metallurg»da ikkinchi mavsum bosh murabbiy sifatida ishlayapsiz. Tabiiyki, «Paxtakor»dagi ishingiz bilan taqqoslaganda bu bir-biridan farqlanadigan vazifalardir. Shaxsan o‘zingiz faoliyatingizdagi bunday o‘zgarishlarni qanday sezyapsiz?
- Albatta, menga ishonch bildirgan «Metallurg» rahbariyatidan minnatdor ekanligimni aytishim kerak. Birgalikda jamoani boshqarib kelyapmiz. Tabiiyki, jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis bilan bosh murabbiyning vazifalari o‘rtasida katta farq bor. Aytishim kerakki, xuddi prezident va shifokorlar kabi bosh murabbiy vazifasini bajarish juda mashaqqatli ishdir. Har bir sohaning o‘ziga yarasha osonlik va buning aksi o‘laroq qiyin tomonlari bo‘ladi. Jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mutaxassis katta bosimni his etmasdan bemalol ishlashi mumkin. Ammo xuddi shunga o‘xshash fikrni bosh murabbiy vazifasini bajarayotgan kishiga nisbatan bildirish qiyin. Ehtimol bu masalada kimdir mening fikrimga qo‘shilmas. Lekin bosh murabbiyning gardaniga katta mas’uliyat yuki tushadi. Shuning barobarida u hamma narsaga javob bera olmasligi mumkin. Bu masalada klub ustozining atrofida yaxshi shakllangan tarkib bo‘lishi kerak. Men bu bilan murabbiylar shtabini nazarda tutyapman. Zamonaviy futbol tobora rivojlanib borayotgan bir mahalda jamoada ishlash ham shunga monand ravishda murakkablashib boraveradi. Ha, bosh murabbiy futbolchilar bilan ko‘proq muloqotda bo‘ladi. O‘z navbatida ustoz qo‘li ostidagi shogirdlarining oila-a’zolari borligini, ular uchun javobgarligini his qilgan holda ishlamog‘i darkor. Chunki o‘yinchilar har qancha professional bo‘lmasinlar, ular ham avvalo oilasi, farzandlari taqdiri uchun qayg‘urishadi.
Xullas, futbol xo‘jaligida ishlayotgan kishi borki, mening bu masaladagi fikrimga to‘la qo‘shilishi tayin. Bu erda bosh murabbiy gohida vakolat doirasiga kirmaydigan masalalar bilan ham shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi. Misol uchun transport vositasi, maydonni qanday sug‘orish vahokazo. Ammo bularning bari menga juda yaxshi tanish bo‘lgan ishlardir. Qolaversa, azaldan qiyinchiliklardan qo‘rqmaganman. Shu bois jamoani murabbiy sifatida boshqarish, bir qator masalalarni hal qilish uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni bajarishga tayyorman. To‘g‘ri, o‘zim aralashishni mutlaqo istamagan ish ham yo‘q emas. Men birgina buxgalteriya masalasiga aralasha olmayman. Chunki hisob-kitob bo‘yicha kursni tamomlamaganman (kuladi). Ha, oliy ma’lumotga egaman, lekin har kim o‘z ishi bilan shug‘ullangani ma’qul. «Paxtakor»dan so‘ng «Metallurg»ga ko‘chib o‘tgach, o‘zim to‘qnash kelgan yagona jihat ko‘p ishlarni bajarishimga to‘g‘ri kelishi bo‘ldi. Negaki, klublar infratuzilmasi borasida katta farq bor. «Paxtakor» uzoq yillardan beri o‘z an’analariga ega bo‘lgan klub hisoblanadi. Unda g‘oliblarga xos mentalitet shakllangan. O‘z vaqtida «Paxtakor»da maxsus maktabini o‘taganim bois nima deyayotganimni bilaman. «Paxtakor» har doim o‘z oldiga maksimal vazifalarni qo‘yadi va chempionlik uchun kurashadi. Tabiiyki, bunday jamoada mehnat qilish ancha oson. O‘z navbatida tarkibdagi futbolchilar oldilariga qanday vazifalar qo‘yilganini bilgan holda ishlashadi. Rahbariyatdan tortib to oddiy xodimlarga qadar g‘oliblarga xos bo‘lgan ruhni sezish mumkin. «Paxtakor»ga bunday mentaltitet 10-15 yil ichida emas, balki ancha uzoq yillar oldin singib ketgan. An, Abduraimov, Krasnitskiy davridan beri desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu bilan chiroyli ohangda so‘zlamoqchi emasman. Bugungi kunda ham «Paxtakor» mamlakatning «yuzi» vazifasini bajarib kelmoqda. Bekobodga kelsak, «Metallurg» ham juda abgor holdagi jamoa hisoblanmaydi. Unda zamon talablariga javob beradigan shinam stadion, o‘ziga yarasha qadriyatlar, mahoratli ijrochilar bor. Klubda ish boshlaganimdan beri ketgan futbolchilar ham etarlicha uchradi. Ammo shuni ishonch bilan aytishim kerakki, men birortasini «Metallurg»dan haydamadim. Birgalikda asta-sekinlik bilan, hamjihat holda ishlab kelyapmiz. Biz umumiy holatga obektiv va subektiv nuqtai-nazaridan qaraymiz. Albatta, bir joyda qotib qolishni istamaymiz. «Metallurg»dagi debyut mavsumim hozirgisiga nisbatan ancha murakkab kechgan. Bizga nisbatan nazar-pisand bilan qaramaslik holatlari ham kuzatilgan. Ammo joriy birinchilikda jamoamiz o‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. Bundan tashqari, «Metallurg» ham yangi reglamentga moslashgan holda ishlamoqda. Shukrki, jamoadagi yigitlar hammasini qo‘llaridan kelgan darajada bajarishga intilishyapti. Albatta, «Metallurg»da ish boshlaganimdan keyin yangi murabbiy sifatida qandaydir o‘zgarishlarni amalga oshirishga intilyapman. Bekobod – sanoat shahri, metallurgiya kombinati ishchilaridan iborat maskandir. Ular haqiqiy ishchi, oralarida yirik tijoratchilar ham yo‘q. Qolaversa, Bekobod aholisi u qadar ko‘p emas, xuddi Andijon va Namangan viloyatiniki kabi zich joylashmagan. O‘sha shaharlarga taqqoslansa, Bekobod kichik bir shaharchaga o‘xshab qoladi. Olmaliq va Chirchiq ham sanoat shaharlari sirasiga kirgani bois bunday joylarning aholisi ko‘p bo‘lmaydi. Shu bois yoshlarni futbol bilan shug‘ullantirishga jalb etish masalasida qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. To‘g‘ri, futboldan tashqari sportning boshqa ko‘plab turlari ham bor. Masalan, Bekobodda boksni juda yoqtirishadi. Shundan kelib chiqqan holda yoshlarning e’tiborini tortish maqsadida tadbirlar o‘tkazamiz. Bunday tadbirlarga hatto chetdan Qozog‘iston va Tojikistondan mehmonlar taklif qilyapmiz. Imkoniyatdan kelib chiqqan holda «Metallurg»ning tarkibini shakllantirishga harakat qilyapmiz. Endi 1997-1999 yillarda tug‘ilgan yoshlarni jamoaga taklif qilish jarayoni boshlanmoqda. Bunday yoshlar Shavkat Mullajonov, Server Jeparov, Kamoliddin Tojiev, Bahrom Abdurahimov, Stanislav Andreev, Aleksandr Lobanov kabi ko‘pni ko‘rgan, tajribali ijrochilar bilan birga ishlagan holda futbol borasidagi bilimlarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Chunki yil o‘tgani sayin faxriy futbolchilar birin-ketin faoliyatlarini yakunlashadi. Masalan, Server Jeparov, Anzur Ismoilov, Aziz Haydarov kabilar shuning evaziga qisqarib boraveradi. O‘z navbatida yosh avlod bunday ijrochilardan imkon qadar ko‘p narsani o‘zlashtirishga harakat qilmog‘i maqsadga muvofiqdir. Bu biz uchun ayni paytdagi eng dolzarb masala bo‘lib turibdi. Ha, zamondan ortda qolmay, balki unga hamnafas tarzda odimlashga harakat qilyapmiz. Bunday paytda ortga emas, balki faqat oldinga boqish kerak.
- Yuqorida o‘zingiz bir necha bor ta’kidlab o‘tganingizdek, «Paxtakor»da azal-azaldan g‘oliblarga xos mentalitet shakllangan. O‘z o‘rnida jamoada salmoqli muddat ishlagan mutaxassis sifatida sizda ham bunday xususiyat yo‘q emas. Albatta, «Metallurg» - «Paxtakor» emas. Axir «Paxtakor»dan farqli ravishda «Metallurg»ning oldiga maksimal vazifalar qo‘yilmaydi... Shuningdek, bunday muhitda ishlagan murabbiyga o‘zidagi xususiyatni qo‘l ostida bo‘lgan o‘yinchilarga ko‘chirishda muammolar tug‘ilmaydimi?
- Gapingizda jon bor. «Paxtakor» bilan «Metallurg»ni bir-biriga taqqoslash amrimahol. Shunday bo‘lsa-da, mashg‘ulotlar chog‘ida shogirdlarim bilan nazariy va amaliy ish jarayonida o‘zimdagi ruhiyatni ko‘chirishga harakat qilaman. To‘g‘ri, buni birdaniga amalga oshirish mushkul. Biz faqat mashqlar jarayonida nimanidir o‘zgartirishimiz mumkin. Boya aytganimdek, «Metallurg» tarkibida besh-olti nafar juda malakali, o‘z vaqtida «Paxtakor» maktabini o‘tagan ijrochilar bor. Lekin oz sonli bunday ijrochilar bilan butun mavsumni bosib o‘tishning iloji yo‘q. Mavsumni to‘laqonli o‘tkazish uchun jamoa tarkibida eng kamida 22 nafar futbolchi bo‘lmog‘i darkor. Agar o‘sha oz sonli tajribali ijrochilar butun mas’uliyatni zimmalariga olsalar-u, ammo ularni boshqalar qo‘llamasa, hammasi zoe ketadi. Shuning uchun yoshlarni tarbiyalash chog‘ida bu jihatlarga alohida e’tibor qaratamiz. Kerak bo‘lsa futbolga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan videomaterial qo‘yib beramiz. Mashg‘ulotlar chog‘ida o‘yinlarda qulaylik yaratish uchun qandaydir yangi narsa qo‘shishga intilyapmiz. Ammo bunday jarayonni qisqa fursat oralig‘ida yo‘lga qo‘yishning imkoni yo‘q. O‘tgan mavsum va joriy birinchilikka taqqoslansa, «Metallurg»ning o‘yinida katta o‘zgarish ko‘zga tashlandi, deya dabdurustdan fikr bildirish ham yaramasa kerak. Ha, ba’zida hammasi o‘xshab, natija kutganingizdek bo‘ladi. Ammo har doim bir tekis o‘ynashning iloji yo‘q. Har qanday masalaning obektiv va subektiv tomonlari bor. Meni shunisi quvontiradiki, o‘tgan yili va hozirda qo‘l ostimda shug‘ullanayotgan futbolchilardan birortasi mashg‘ulotlar chog‘ida shunchaki taslim bo‘lish istagida emasligini namoyish etib kelishmoqda. Garchi ruhiyat masalasida etarlicha bilimga ega bo‘lsam-da, falsafa aytmoqchi emasman. Ruhiy masala bilan o‘z sohasining egalari shug‘ullangani ma’qul. Bizda institutlarda bilim berish chog‘ida ruhiyat masalasiga ham e’tibor qaratiladi. Nima demoqchiman, murabbiy qo‘l ostidagi futbolchilarni ruhlantira olishni bilishi darkor. Bunday paytda futbolchini bir-ikki og‘iz kerakli so‘zlarni aytish bilan to‘g‘ri yo‘lga solsa bo‘ladi. Odatda bu masala amaliydan ko‘ra nazariy mashg‘ulotlarda ko‘zga tashlanadi. Murabbiy o‘zidagi g‘oliblarga xos mentaliletni bir-ikki yil ichida shogirdlariga ko‘chira olmaydi. Jahon miqyosida ham g‘oliblarga xos mentalitet faqat grand klublarda shakllangan bo‘ladi. Aytmoqchimanki, jamoani g‘oliblarga xos mentalitetga o‘rgatish o‘ta mashaqqatli, ko‘p vaqtni oladigan jarayon hisoblanadi. Bunday paytda ishni har bir futbolchi bilan alohida gaplashgan holda bajarish maqsadga muvofiqdir. Qolaversa, o‘yinchilarning xarakteri xilma-xil. Kimdir o‘ta qiziqqon, kimlardir esa barchasini to‘g‘ri qabul qilishi mumkin. Turfa xarakterdagi futbolchilar bilan ishlash umuman oson emas.
Fikrlar