
"Andijon" qanday ko‘tarilishga erishayotganini bilasizmi yoxud jamoaning aprel oyidagi eng yaxshi futbolchisi aniqlandi!
Aprelni yakunlab, may oyiga ham kirib keldik. Xo‘sh, pro ligada qatnashayotgan “Andijon” jamoasining o‘tgan oydagi statistik raqamlari qanday bo‘ldi? Quyida shu xususida so‘z yuritamiz.
“Burgutlar” hammasi bo‘lib to‘rtta rasmiy o‘yinda maydonga tushishdi. Ikkitasi pro liga va yana ikkitasi O‘zbekiston Kubogi doirasiga to‘g‘ri keldi. Unda quyidagi natijalar qayd etildi: “G‘ijduvon” – “Andijon” – 1:1, “Yangier” – “Andijon” – 1:3, “Andijon” – “So‘g‘diyona” – 1:1, “Turon” – “Andijon” – 1:2. Shuningdek, “Aral Samali”ga qarshi Kubok bahsidagi o‘yinga jamoamiz moliyaviy muammo tufayli bora olmagani uchun texnik mag‘lubiyat yozildi. Biroq ungacha bir g‘alaba va bir durang qayd etishgani tufayli guruhda 2-o‘rin bilan 1\8 finalga yo‘l oldi, qur’a natijasiga ko‘ra, “Andijon” keyingi bosqichda “Turon”ni qabul qiladi.
Futbolchila 4 ta o‘yinda raqib darvozasiga 7 ta gol urishdi va o‘z darvozasidan 4 ta to‘p o‘tkazishdi. Shahboz Erkinov aprel oyida 2 ta gol urdi va har ikkisini penalti orqali amalga oshirdi. Shuningdek, Farhod Sohibjonov, Sherzod Esonov, Muhammadkarim Toirov, Bogdan Milich va Ildar Mamatkazin ham o‘z hisoblariga bittadan gol yozib qo‘yishdi. Umuman olganda, 4 ta o‘yinda gollarning 4 tasi birinchi bo‘limda kiritildi va qolgan 3 tasi ikkinchi bo‘limga to‘g‘ri keldi.
Aprel oyida “Andijon” darvozasiga bitta penalti belgilandi va jamoa ikki bor shu ishni bajardi. “So‘g‘diyoga”ga qarshi bellashuvda Shoxruz Norxonovning 11 metrlik nuqtadan yo‘llagan zarbasini Xurshid Xodjaev bartaraf etdi. Shahboz Erkinov esa “Yangier” va “Turon” darvozalariga aynan penaltidan gol urdi.
4 ta o‘yinda “Andijon”ning 9 nafar futbolchisi sariq kartochka bilan “siylandi”. Shu bilan birga 1 ta qizil kartochkaga ham “ega bo‘ldi”. Kuni kecha “Turon”ga qarshi bahsda yarim himoyachi Muhammadkarim Toirov ikkinchi sariq kartochka tufayli maydondan chetlatildi. Ahmadjon Anvarov, Goron Milochko, Vladimir Bubanya (2 marta), Malikshoh Rasulov, Ilhom Alijonov (2 marta), Shahboz Erkinov va Muhammadkarim Toirov sariq kartochkalar bilan jazolandi.
“Bobur Arena”da tomoshabinlar tashrifi ham asta-sekin ko‘tarilyapti. Masalan, “So‘g‘diyona” bilan o‘yinni 2952 nafar muxlis stadiondan kuzatdi va bu raqam hozirgacha eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turibdi. Safarda “Turon” maydonidagi bahsda esa jamoani 500 dan ziyod ishqibozlar bevosita stadionda qo‘llab-quvvatlashdi.
Shuningdek, “Andijon” jamoasining har bir o‘yini uchun eng yaxshi futbolchilarni aniqlash bo‘yicha muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib kelinmoqda.
Yodingizda bo‘lsa, ushbu so‘rovnomaning umumiy natijalariga ko‘ra, ilk bor Eldor Adhamov mart oyining eng yaxshi futbolchisi sifatida e’tirof etilgandi. Aprel oyida ham mazkur jarayon davom ettirildi.
“Andijon”ning o‘tgan oydagi to‘rtta uchrashuvidan kelib chiqib barcha yig‘ilgan ovozlar hisoblab chiqildi. Unga ko‘ra, “Andijon” jamoasining aprel oyidagi eng yaxshi futbolchisi sifatida Ildar Mamatkazin e’tirof etildi.
Jamoa a’zolari o‘z qarorgohida “Mash’al”ga qarshi o‘yin uchun tayyorgarlikni boshladilar. Aynan mashg‘ulotdan oldin oyning eng yaxshi futbolchisi uchun joriy etilgan o‘ziga xos statuetkani Mamatkazin bosh murabbiy Viktor Kumikovdan qabul qilib oldi.
Tajribali himoyachi barchasi bo‘lib 860 ta ovozga ega bo‘ldi. Undan keyingi o‘rin Shahboz Erkinovga nasib qilgan bo‘lib, uning hisobida 690 ta ovoz mavjud.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra yuqori beshtalik quyidagi ko‘rinishda:
1. Ildar Mamatkazin 860 ta ovoz
2. Shahboz Erkinov 690
3. Farhod Sohibjonov 423
4. Muhammadkarim Toirov 227
5. Xurshid Xodjaev 200
Endi navbat may oyidagi o‘yinlarga keldi. Oldinda “Andijon”ni 7 may sanasida “Mash’al”ga qarshi juda muhim o‘yin kutyapti.
Fikrlar