
"Andijon" fan-klubi raisi: Vodiy derbisida andijonlik va namanganlik fanatlar muxlislik madaniyatini namoyish etishadi
Superliganing uchinchi turidan o‘rin olgan 5 ta uchrashuv o‘tkazib bo‘lindi. Oldinda esa yana ikkita bahs qoldi. Bular – “Andijon” – “Navbahor” hamda “Lokomotiv” – “Buxoro” o‘rtasidagi qarama-qarshiliklardir. Ayniqsa, vodiy derbisi nomi ostida o‘tadigan Andijondagi bahsga bo‘lgan qiziqish katta. Chunki azaldan ushbu jamoalar o‘rtasida o‘tadigan o‘yinlar juda shiddatli va tomoshabop ruhda o‘tadi. Shuning uchun ham ikkala jamoa futbolchilaridan tashqari ularning fan-klublari ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rishayotganiga shubha yo‘q. Shu boisdan muhim bahs oldidan “Andijon” fan-klubi raisi Nodirbek To‘ychiev bilan muloqotda bo‘ldik.
- Hamma vodiy derbisi ishtirokidagi muhim uchrashuvni intizorlik bilan kutmoqda. Qolaversa, mazkur bellashuvga jamoalardan tashqari muxlislar ham alohida tayyorgarlik ko‘rishayotgani sir emas. Ayting-chi, sizning boshchiligingizdagi “Andijon” fan-klubi qanday tayyorgarlik ko‘rmoqda?
- Bu o‘yin faqatgina vodiy derbisi bo‘lgani uchun emas, balki “Andijon” jamoamiz joriy yilda o‘z maydonidagi ilk o‘yinini ham o‘tkazadi va shuning uchun biz har qanday holatda ham jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lardik. Oldindan vodiy klublari ishtirokidagi uchrashuvlar o‘ta printsipial ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Agar ochilish uchrashuvida boshqa raqib kelganida ham biz muxlislar jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lardik. Tabiiyki, “Navbahor” bilan o‘tkaziladigan bellashuvda stadionda juda chiroyli muhitni yaratmoqchimiz. Nasib bo‘lsa, stadion ishqibozlar bilan to‘ladi degan umiddaman. Bilasiz, fan-klubimizning 18-sektori bor. Biz esa alohida oq futbolkalarni tayyorlaganmiz. Katta-katta bayroqlarni ham tayyorlab qo‘yganmiz. Bundan tashqari, yana boshqa tayyorgarliklarimiz ham bor. Buni faqat stadionga kelganda ko‘rasizlar. Shuningdek, Namangandan ham “Navbahor”ni qo‘llash uchun ko‘plab ishqibozlar kelishadi. Bir-birimizga esa hurmat ehtirom ko‘rsatsak yaxshi bo‘ladi. Biz hammamiz O‘zbekiston farzdanlarimiz, uning fuqarolarimiz. Bu esa faqat futbol o‘yini xolos. O‘rtamizda esa albatta hurmat bo‘ladi. Namanganlik ishqibozlarni qarsaklar bilan kutib olamiz. O‘ylaymanki, stadionda muxlislar ajoyib muhitni yaratadilar. Biz namanganlik ishqibozlar bilan ahil va inoq ekanligimizni butun O‘zbekistonga ko‘rsatib, hammani qoyil qoldirishimiz kerak.
- Darhaqiqat, namanganlik muxlislar ham sevimli jamoasini qo‘llash borasida juda faol. Ertaga ham “Sog‘lom avlod” stadioni ishqibozlar bilan to‘lishi haqiqatga yaqin. Namangandan qancha muxlis kelishi kutilmoqda va ular bilan o‘rtada sevimli jamoalarni qo‘llab-quvvatlash borasida ham sog‘lom raqobat vujudga keladimi?
- Namanganda ham futbolni juda sevishadi. Stadionda muxlislar bilan to‘lsa va sharoitlar yaratilsa, albatta shunga yarasha ajoyib muhitni yaratmasak ham bo‘lmaydi. Masalan, o‘tgan turda namanganlik ishqibozlar o‘z stadionida havas qiladigan darajadagi muhitni yaratishdi. Andijon bilan Namanganning oraliq masofasi yaqin bo‘lgani uchun ham Namanganda ko‘plab ishqibozlarning kelishi kutilmoqda. Ular 4000 ga yaqin chiptalarni olib ketishgan. O‘yin chog‘ida andijonlik va namanganlik fanatlar muxlislik madaniyatini namoyish etishadi deb umid qilaman.
- Mana, kecha “Andijon” jamoasining muxlislari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi va unda viloyat hokimi ham qatnashib futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Stadionda esa ishqibozlar tomonidan yaratiladigan ajoyib muhit va yuqori kayfiyat esa barchaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi aniq...
- Ko‘rganingizdek, chiroyli taqdimot o‘tkazildi. To‘g‘ri, jamoamiz dastlabki ikkita o‘yinni kuchli raqiblarning maydonida o‘tkazib yutqazib qaytdi. Shunga qaramay, jamoamiz o‘yinida o‘zgarish bor. Shu kungacha jamoa a’zolaridan qarzdorliklar qolmadi. Bu borada viloyat hokimi barcha sharoitlarni yaratib berdi. Viloyatimiz rahbari futbolga juda katta e’tibor qaratyapti. Shuhratbek Abdurahmonovning o‘zi ham o‘yinga kelishi kutilyapti va stadiondagi muhitni ko‘rib quvonishi aniq. Shunga yarasha jamoamiz g‘alaba qozonsa bu hammamizning kayfiyatimizni ko‘tarib yuboradi.
- Umuman olganda, maydonda qattiq kurash kechishin aniq. Chunki “Navbahor” jiddiy raqib. Bu uchrashuvda qanday hisob qayd etilishi mumkin deb o‘ylaysiz?
- “Navbahor” kuchli raqib. Tarkibida tajribali futbolchilar yig‘ilishgan. Ular bejizga chempionlik uchun kurashishmayapti. O‘yin derbiga mos tarzda zo‘r o‘tadi. Biz “Andijon” jamoamizga ishonamiz. Dastlabki o‘yinlarimizni ko‘rgan bo‘lsangiz, jamoamiz tubdan o‘zgargan. Nasib qilsa, jamoamiz “Navbahor”ga qarshi bahsda yaxshi natija ko‘rsata oladi degan umiddamiz. Biz “Andijon”ning g‘alaba qozonishiga ishonamiz.
Fikrlar
Нима булган такдирда хам уз жамоангизни куллаб кувватланг. Ракиб жамоага тил теккизманг хурматли водий дербиси мухлислари.
Хар икки жамоа мухлислари хам стадионда супер мухитни яратишади деган умиддаман.