
A’loxon Abdullaev: "Bobousmon Boturovga qarshi jangda g‘alaba qozondim, deb o‘ylagandim"
30 oktyabrdan 7 noyabrga qadar, Toshkent shahrida kattalar o‘rtasida boks bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur musobaqada juda qiziqarli va ajoyib janglarning guvohiga aylandik. Shuningdek, mazkur turnir o‘ziga xos iste’dodlarni ham kashf qildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ular orasida 69 kg vazn toifasida bronza medalini qo‘lga kiritgan A’loxon Abdullaevni ana shunday charmqo‘lqop ustalari sirasiga kiritishimiz mumkin. U endigina 17 yoshni qarshilagan bo‘lsa-da, o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlay oldi. Biz ushbu yosh mahorat egasi bilan suhbat qurdik.
Quyida, mazkur intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- A’loxon, avvalo, kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatidagi ilk ishtirokingiz va sovrindor bo‘lganingiz bilan muborakbod etamiz!
- E’tibor uchun minnatdorman.
- Siz o‘zbek MMA olamining mashhur vakili Ayubxon Kamolovning o‘g‘lisiz. Aytingchi, nega otangiz izidan bormasdan boksni tanlagansiz?
- Boksni tanlashim, aynan otamning xohishi tufayli bo‘lgan. 10 yoshimda ushbu sport turiga bergan, o‘shandan buyon shug‘ullanib kelaman.
- Umuman olganda, o‘smirlar va yoshlar terma jamoasida qanday natijalar qayd etgansiz?
- O‘smirlar o‘rtasida ikki marta mamlakat chempionligini, Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda 3-o‘rinni, Osiyo chempionatida ham 3-o‘rinni qo‘lga kiritganman. Yoshlar terma jamoasiga bu yil o‘tdim va O‘zbekiston chempioni bo‘ldim.
- Ilk murabbiyingiz otangiz bo‘lsa, kerak?
- Albatta, otam yoshligimdan ushbu sportning sir-asrorlarini o‘rgatib, hozirga qadar kamchiliklarim ustida ishlashim kerakligini uqtirib keladi.
- Joriy yilgi Zolotaryov turnirining yarim final bosqichida jang qilishni istamadingiz, buning sababi nimada edi?
- Bu turnirda ham yarim finalga qadar etib bordim. Ammo qoshimdan olgan jiddiy jarohat tufayli, ushbu bosqichda ishtirok eta olmadim.
- Aytingchi, kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritishingizni kutganmidingiz?
- Bu musobaqaga jiddiy hozirlik ko‘rgandim. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etdim. To‘g‘ri, ushbu vazn toifasida raqobat jiddiy kechishini bilardim. Shunday bo‘lsa-da, o‘zimga nisbatan ishonchim yuqori edi. O‘ylaymanki, yomon ishtirok etmadim.
- Umuman, chempionatda duch kelgan qaysi raqibingiz bilan to‘qnashuvda katta qiyinchilikka uchradingiz?
- Toshkent viloyati vakili Islom G‘oipovga qarshi ringga ko‘tarildim. Aynan, ushbu jangda jiddiy qiyinchilikka uchradim.
- Yarim finalda tajribali Bobousmon Boturov bilan bahs yuritdingiz. Bu jang haqida qanday fikr bildira olasiz?
- Bobousmon aka, ta’kidlab o‘tganingizdek, tajribali bokschi, faoliyati mobaynida ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Menimcha juda yaxshi to‘qnashuv bo‘ldi. G‘alaba qozondim, deb o‘ylagandim. Lekin Bobousmon akani qo‘lini ko‘tarishdi. Nasib qilsa, kelajakda yanada yaxshi natijalar qayd etamiz.
- Chempionat mobaynida otangiz juda faol tarzda qo‘llab-quvvatlab turdi. Yarim finaldagi mag‘lubiyatga munosabati qanday bo‘ldi?
- Shubhasiz, eng birinchi muxlisim otam hisoblanadi. Shunchaki, yanada ishlashimiz kerakligini va kelajakda muhim turnirlarda yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishimiz kerakligini aytdi.
- Tabiiy vazningiz qanday, ehtimol, 63 kg vaznga ham tusha olarsiz?
- Yo‘q. 63 kilogramm vazn toifasiga tusha olmayman. Chunki, tabiiy vaznim 74-75 kilogrammni tashkil qiladi. 69 kilogrammga ham vazn tashlayman.
- Suhbat uchun tashakkur. Kelgusi faoliyatingizda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz!
- Rahmat.
Fikrlar