
Adesanya- Perreyra revansh jangida kim g‘alaba qozonadi? O‘zbek MMA olami vakillari javob berdi
Xabaringiz bor, 9 aprel tongida “UFC 287” turniri tashkil etiladi. Markaziy jang o‘rta vazn toifasi chempionligi uchun amaldagi chempion Aleks Perreyra va sobiq kamar sohibi Israel Adesanya o‘rtasidagi revanshdan iborat.
Biz har doimgidek, ushbu jang borasidagi o‘zbek MMA olami vakillarining fikri bilan qiziqdik.
Jahongir Qoraboev-murabbiy
- Bu safargi jang avvalgisidan ko‘ra, anchagina farq qilsa kerak. Sababi, avvalgi to‘qnashuvda Adesanya o‘ziga ko‘proq ishonib yuborgandi. Bu safar texnik va taktik tomondan Adesanya yaxshi tayyorlanganligi aniq. Shunday ekan, bu gal unda imkoniyat yuqoriroq. Sababi, u endi raqibiga hurmat bilan yondoshadi.
Nozimjon To‘ychiev – O‘zbekiston MMA asotsiatsiyasi Andijon viloyati bo‘limi mutasaddisi
- Revansh jangida barchasi hal bo‘ladi, degan fikrdaman. Ya’ni, Aleks yana g‘alaba qozonadi va Adesanya bilan butkul masalasini hal qilib oladi. Aleks Adesanyani bir necha bor mag‘lub qilgan va u biladi, uni qanday uslubda mag‘lub etishni. Imkoniyat bu gal ham braziliyalik jangchida yuqori, deb bilaman. Adesanyaning kuchli jihati “stoyka” ekanligini barcha biladi. Perreyra esa bu borada undan ustun. Shunday ekan, jang g‘olibi Aleks Perreyra bo‘ladi. Albatta, bu mening shaxsiy fikrim.
Mirzohid Ataboev – murabbiy, kikboksing bo‘yicha ikki karra jahon chempioni
- Har ikkisi mehnatkash , o‘zini ustida qattiq ishlaydigan jangchilar. Bu safar Adesanya hayajonini enga olsa,chidamliligini oshirgan bo‘lsa, g‘alaba u tomonda bo‘ladi. Lekin Perreyra ham anoyi emas, unda chidam yuqori, oktagonga ko‘tarinki kayfiyatda chiqadi. Bir so‘z bilan aytganda, unda o‘ziga xos harakter mavjud. Chunki, unda Adesanya ustidan qozonilgan bir nechta g‘alabasi bor. Qolaversa, Adesanya, islom dinini qabul qilgan, aynan ushbu omil ham unga muxlislik qilishimga sabab bo‘ladi. Perreyra yutishini xohlardim.
Farruh Madaminov - murabbiy
- To‘g‘risi, Adesanyaning jang olib borish uslubi menga juda maqul keladi. Uning g‘alaba qozonishi imkoniyati yuqoriroq. Chunki, avvalgi jangdan to‘g‘ri xulosa chiqarganiga ishonaman. Mashg‘ulotlarida ham ko‘rdikki, u kurashga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Shuning uchun bu galgi jang stsenariysi boshqaroq ko‘rinish olishi mumkin. Avvalgi jangda ham kurash borasida Adesanyada ustunlik bor ekanligiga guvoh bo‘ldik. Garchi, Adesanyaga nisbatan bu biroz noodatiyroq uslub bo‘lsa-da... Imkoniyatlarni 55/45 deb baholagan bo‘lardim. Adesanya foydasiga!
Humoyun Ibragimov – MMA jangchisi
- Menga Israel Adesanyaning jang qilish uslubi yoqadi. O‘ylaymanki, bu safar Perreyraga qarshi to‘g‘ri taktika bilan harakat qiladi. 1-jangida Perreyra nokdaun bo‘lganida bong qutqarib qolgandi. Nazarimda, bu safar Adesanya kuchlarini teng taqsimlagan holda jang qiladi.
Humoyun Mahkamov – MMA jangchisi
- Har ikkisi “stoyka”da juda kuchli sanaladi. Adesanya birinchi safargi mag‘lubiyatidan kerakli xulosani qilgan va “parter”dagi nazoratni ko‘proq amalga oshirsa kerak. Sababi, “stoyka”da Perreyrani mag‘lub etish qiyinligini avvalgi janglarida ham ko‘rdi. Shunday ekan, bu safar Adesanyadan boshqacharoq taktikadagi jangni ko‘rsak kerak. Umuman olganda imkoniyatlarni 50/50 deya baholagan bo‘lardim.
Javohir Abdug‘aniev –MMA jangchisi
- Yana bir qiziqarli to‘qnashuvni guvohi bo‘lamiz. Har ikkisi tomoshabop jang qiladiganlar sarasiga kiradi. Biroq, zarba kuchi borasida Perreyra ustunroq va bu hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. Negadir, Perreyra Adesanya uchun mutlaqo noqulay raqib... Bu safar ham Perreyra g‘alaba qozonsa kerak.
Fikrlar