Abduraimovga yoqmayotgan legionerlar "Metallurg"dan ketadimi? Birinchi davradan keyin tarkibda jiddiy o‘zgarish bo‘ladimi? Jamoa boshlig‘i vaziyat bo‘yicha qanday izoh berdi?

  • 27 aprel, 2021, 23:06
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bekobodning “Metallurg” klubida qanday o‘zgarishlar sodir bo‘lganini bilasiz-a? Mavsumning dastlabki turlaridan keyin bosh murabbiy Andrey Shipilov iste’foga chiqdi, o‘rnini Jasur Abduraimov egalladi. Natijada murabbiylar shtabida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi.

Tecno

Lekin yangi murabbiy uchun “Metallurg”dagi ilk o‘yinlar og‘ir kechdi. Abduraimov boshchiligidagi bekobodliklar avvaliga “Mash’al” hamda “Paxtakor”ga bir xil – 2:1 hisobida yutqazishdi. Keyingi ikkita uchrashuvda esa vaziyat o‘zgardi. Bekobodda “Andijon” (2:0), safarda esa “Qo‘qon-1912” (0:1) mag‘lub etildi.

Yana shuni ham eslatib o‘tish kerakki, “Metallurg”ning joriy yildagi tarkibini Andrey Shipilov tuzgan. Abduraimov esa u to‘plagan futbolchilar bilan musobaqada ishtirok etishga majbur, hech bo‘lmaganda birinchi davraga qadar.

E’tibor berayotgan bo‘lsangiz, “Metallurg”ning yangi ustozi matbuot anjumanlarida o‘yinchilariga, ayniqsa, legionerlarga e’tirozini ochiq bildiryapti. Xorijlik futbolchi mahalliy o‘yinchilardan har jihatdan kuchli bo‘lishi shartligini ta’kidlab kelyapti. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, “Metallurg”dagi legionerlarga u qadar ishonmayapti. Ukrainalik Evgeniy Chumak hamda rossiyalik Evgeniy Makeev Superligadagi oxirgi uchrashuvlarda zaxirada qoldirilyapti. Bosh murabbiyning munosabatidan ularga go‘yoki birinchi davradan keyin javob beriladigandek.

Ko‘rinib turibdiki, murabbiy ularni yoqtirmayapti. Shu sababli vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida sports.uz muxbiri “Metallurg” jamoasining boshlig‘i Shavkat Saidov bilan bog‘landi.

saidov_13

Legionerlar taqdiri haqida  

- Hali bu masalada hech qanday gap ko‘tarilgani yo‘q, - deb gap boshladi, jamoa boshlig‘i. - Lekin xabaringiz bor, bosh murabbiylikka Jasur Abduraimov olib kelingan. Demak, legionerlar va mahalliy futbolchilar borasida kimni o‘ynashi yoki o‘ynamasligi uning vakolatida. Ko‘rib turibsizlar, murabbiylarning futbolda o‘z qarashlari bor. Misol uchun Andrey Shipilov bilan Jasur Abduraimovning futboldagi filasofiyasi umuman boshqa-boshqa. Abduraimov ko‘proq hujumkor futbolni yoqtiradi. Shipilovning uslubi esa tartibli va himoyaviy o‘yinga ko‘proq moslashgan desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Andrey Sergeevichning nazariyasi bo‘yicha mavsum boshida legionerlarni darhol qabul qilganimiz yo‘q. Ularni tayyor shartnomaga chaqirmaganmiz. Avvalo, jamoaga kelib ko‘rikdan o‘tishgan, so‘ngra murabbiylar yig‘ilishida yakuniy fikrga kelingan va hamjihatlikda ular bilan shartnoma tuzilgan. Hozirgi holatda esa Abduraimovning murabbiylar shtabi o‘zgargan. Shuning uchun balki ayni paytda legionerlar yangilangan murabbiylarning uslubiga mos tushmayotgandir. Balki ular bilan xayrlashishi ham mumkindir. Biroq hali bu savol o‘rtaga qo‘yilgani yo‘q. Lekin tan olaman, ushbu savol yuzaga chiqishi ham mumkin. Bosh murabbiy o‘yinlar davomida imkoniyat beryapti. Ammo u o‘zining qat’iy fikrida turibdi. Ya’ni, legioner mahalliy o‘yinchilardan bir bosh baland bo‘lishi kerak. Oxirgi qaror baribir bosh murabbiyda qoladi. Hammasini o‘zi hal qiladi. Garchi u o‘zi hal qilgan taqdirda ham “Metallurg” futbol klubi necha yildirki, biror-bir murabbiy yoki futbolchi bilan janjalli tarzda xayrlashmagan. Hammasi bilan do‘stona xayrlashganmiz. Bundan klub ham, ishlab ketganlar ham zarar ko‘rmaydi. Hammasi reglamentda ko‘rsatilganidek, qonuniy bo‘ladi. Agar chindan ham o‘yinchilar bilan xayrlashadigan bo‘lsak ham o‘zaro kelishgan holda do‘stona ravishda aloqalar uziladi.

“Spartak”ning sobiq o‘yinchisi – Evgeniy Makeev raqobatda yutqazyaptimi?

- Makeev bo‘yicha gapiradigan bo‘lsam, u o‘ng qanot himoyachisi hisoblanadi. Shipilovning o‘yin uslubi bo‘yicha o‘ng qanot futbolchisining vazifalari belgilab qo‘yilgan va bu borada Andrey Sergeevichning talabiga javob berardi. Lekin Jasur Abduraimovning qarashi bo‘yicha o‘ng qanot himoyachisiga juda ko‘p vazifalar yuklangan. Unda talab umuman boshqacha. Balki shu bois Evgeniy Makeev murabbiy istayotgan futbolga moslasha olmayotgandir. Shuning uchun Abduraimov o‘zining qarashlarida Makeevni ko‘rmayotgandir. Yil boshidagi uchrashuvlar va o‘rtoqlik bahslarida ham Evgeniy o‘z vazifasini bajarardi. Ammo Jasur Abduraimov nafaqat legionerlar, balki o‘zimizning mahalliy futbolchilarga ham talabi juda katta. Shuning uchun ulardan ham qoniqish hosil qilmayotgan bo‘lsa kerak. Bu murabbiy bir necha yil “Paxtakor”da ishlagan, yoshlar terma jamoasini boshqargan. Farruh Sayfiev, Hojiakbar Alijonov kabi qanot himoyachilarining o‘yinlarini talab qilyapti. Balki uning qo‘li ostidagi futbolchilar esa hali bunga tayyor  emasdirlar. Xullas, bosh murabbiyning dunyoqarashi, futbolga bo‘lgan uslubi bo‘yicha futbolchilar ham shunga mos bo‘lishi lozim. Yuqorida aytganimdek, yakuniy qarorni bosh murabbiy chiqaradi. Sababi, o‘yin uslubiga, jozibadorligiga va natijasiga u javob beradi. Kim qoladi, kim ketadi, bosh murabbiy hal qiladi.

Metallurg

Birinchi davradan keyin tarkibda jiddiy o‘zgarishlar ro‘y beradimi?

- Jasur Abduraimov birinchi davradan keyin tarkibda jiddiy o‘zgarish qilishni xohlaydimi-yo‘qmi, birinchi navbatda barchasi “Metallurg” klubi rahbariyatining moliyaviy imkoniyatiga bog‘liq. Agar mana shu masala bo‘yicha rahbariyat bosh murabbiyning taklifiga rozilik bildirsa, balki o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Mabodo, rahbariyat tomonidan moliyaviy tomondan qo‘llab-quvvatlov bo‘lmasa, tarkibdagi o‘zgarishlar keyingi yilda qoldirilishi ham mumkin. Hamma narsa iqtisodiy jihatga bog‘liq. Barchasini vaqt ko‘rsatadi, - dedi Saidov.     

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!