
Abdumavlon Abdujalilov: "Bunyodkor"da biz bilan yangi shartnoma tuzadigan odamning o‘zi yo‘q edi"
“Lokomotiv” yangi mavsum oldidan o‘z safini bir nechta futbolchi bilan to‘ldirib oldi. Shulardan biri – iste’dodli darvozabon Abdumavlon Abdujalilov. Xabaringiz bor, Abdumavlon “temiryo‘lchilar” safiga “Bunyodkor”dan ko‘chib o‘tdi.
Uning yangi jamoa tarkibida shug‘ullanishni boshlaganiga bir oydan oshdi. Bu orada o‘ziga yarasha taassurotlar olgan bo‘lishi tabiiy. Shu bois yosh posbondan klub matbuot xizmati intervyu oldi.
– Abdumavlon, “Lokomotiv”ga o‘tish qanday yuz berdi?
– “Lokomotiv” o‘tgan yil O‘zbekiston kubogida oxirgi uchrashuvini o‘tkazganidan so‘ng, klub rahbariyatidan taklif tushdi. Menga Evropadan yangi murabbiy kelayotgani hamda jamoa oldiga yuqori maqsadlar qo‘yilishini aytishdi. “Lokomotiv” darvozabonlar murabbiyi Daniel Chabrera bilan ko‘rishib gaplashdim, u menga o‘yinim ma’qul kelgani, “temiryo‘lchilar” safiga o‘tsam, bundan xursand bo‘lishini aytdi. Shundan so‘ng, “Bunyodkor” murabbiylari bilan maslahatlashdim. Bilasiz, o‘sha payt “Bunyodkor”da muammolar ko‘p bo‘lib, futbolchilar bilan shartnoma haqida gaplashadigan rahbar yo‘q edi. Uydagilardan maslahat olganimda “Lokomotiv”ga o‘tsam hammasi yaxshi bo‘lishini aytishdi. Natijada erkin agent sifatida “Bunyodkor”ni tark etib, “temiryo‘lchilar” bilan shartnoma imzoladim.
– Bu o‘rinda “Lokomotiv”ning o‘tgan yil 9-o‘rinni olgani ham o‘ylantirmadimi?
– Yo‘q. Chunki futbolda yuqori ko‘tarilish bilan birga pastga tushish ham uchrab turadi. “Loko” bungacha ketma-ket uch yil chempionlikni qo‘lga kiritdi. Lekin o‘tgan yil omadsiz kelib, 9-o‘rinni egalladi. Hamma yaxshi biladiki, “Lokomotiv” – kuchli klub va o‘zbek futbolida o‘z o‘rniga ega. O‘tgan mavsum karantin ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, jamoaning birinchi davrada omadi kelmadi. Ammo ikkinchi davrada ko‘rdikki, “Loko” o‘ziga qaytdi.
– Uydagilar yangi jamoaga o‘tishingizga qanday munosabat bildirdi?
– Dadam professional futbol o‘ynamagan bo‘lsalar ham, yoshlar va o‘smirlar jamoasida to‘p tepganlar. Shu bois birinchi murabbiyim ham dadam hisoblanadi. O‘yinim borasida dadamdan ko‘p fikr olib turaman. “Lokomotiv”ga kelishdan oldin maslahat so‘raganimda, to‘g‘ri variantni tanlaganimni aytdilar.
– “Bunyodkor” shartnomani uzaytirishga harakat qilib ko‘rdimi?
– O‘sha payt vaziyat qaltis edi. Chunki biz bilan shartnoma tuzadigan odamning o‘zi yo‘q edi. Nafaqat men, balki Islom Qobilov bilan Sanjar Qodirqulovda ham shunga o‘xshash vaziyat yuzaga keldi. Biz nima qilishni bilmay qolgandik. Bu sharoitda yaxshi klubdan taklif tushsa tezda qabul qilish haqida o‘ylaysiz. Shu bois oldinga qadam tashlash uchun “Lokomotiv”ni tanladim. O‘tgan yil Ulug‘bek aka Mirzaev bilan gaplashib, shartnomani uzaytirgandim, lekin bu yil uchun hech kim biz bilan gaplashmadi.
– “Lokomotiv”da sizni qanday kutib olishdi?
– Jamoadagi muhit juda yaxshi ekan. “Bunyodkor”da ham kollektiv zo‘r edi, bu erda ham shunday. Futbolimizda hamma bir-birini taniydi. Meni iliq qabul qilishdi.
– Jamoaga to‘liq kirishib ketdingizmi?
– Ishonch bilan kirishib ketdim deya olaman. To‘g‘risi, menga yangi jamoani bilib olish uchun 20 kun etarli bo‘ldi. Bu erda hamma bir-biri bilan yaxshi munosabatda. Guruh-guruh bo‘lib yurish yo‘q, shu ham meni xursand qildi.
– Keling, endi qisqa savollar bilan biroz sinab ko‘rsak. Sizningcha, “Lokomotiv”da eng hazilkash futbolchi kim?
– Marat Bikmaev.
– Eng jiddiy?
– Shuhrat Muhammadiev bilan Sherzod Fayziev bo‘lsa kerak.
– Eng kamgap?
– Kim bo‘lishi mumkin? Menimcha, Dilshod Komilov.
– Eng sergap?
– Hozircha mening bilishim bo‘yicha, Xurshid Muxtorov.
– Eng yaqin do‘stingiz?
– To‘g‘risi, xarakterimga ko‘ra yaqin do‘st orttirishim juda qiyin. Chunki do‘st bu – sizning ikkinchi yarmingiz degani. Do‘stga hamma gapni ishonib aytasiz, u sirdoshingiz bo‘ladi. “Lokomotiv”ga kelib hali do‘st orttirmadim, balki tez orada shunday bo‘lib qolar.
– Jamoada siz eng ko‘p gaplashadigan futbolchi?
– Ko‘pincha, “Bunyodkor”dan men bilan birga o‘tgan Qodirqulov va Qobilov bilan gaplashib turaman.
– Ma’lumki, o‘yindan oldin jamoa sardorlari o‘yinni kim boshlashi va maydon qismini tanlashadi. Siz uchun maydonning qaysi tomonida o‘yinni boshlash muhimmi?
– Bu ham rol o‘ynaydi, albatta. “Bunyodkor”da o‘ynagan paytim Abdusattor aka Rahimov quyosh yo‘q joyni tanla derdilar. Lekin men maydonning falonchi qismini tanlab yoki bo‘lmasa, doim bir qo‘lqopda o‘ynab irim qilmayman.
– Siz uchun eng noqulay zarba?
– Ko‘p narsa to‘pning qandayligiga bog‘liq. Hozirgi ko‘p to‘plar havodan kelayotganda o‘ynab, o‘z traektoriyasini o‘zgartiradi. Bu esa, darvozabonlar uchun noqulayliklarni keltirib chiqaryapti. Masalan, o‘tgan yil Superligada o‘ynalgan to‘plar menga yoqmadi.
– Siz uchun eng alamli gol o‘tkazish?
– Iloji boricha jarima maydonchasi tashqarisidan gol o‘tkazmaslikka harakat qilaman. Chunki ko‘pchilik aytadi, jarima maydonchasi tashqarisidan tepilgan to‘pni qaytarishing shart, deb.
– Hozirgacha siz uchun eng noqulay hujumchi?
– Noqulay deya olmayman-u, lekin “qo‘pol” hujumchi bor, bu – “Metallurg”dagi Zohid Abdullaev. Menimcha, unga qarshi o‘ynash hech bir darvozabonga yoqmasa kerak.
– Sizga eng ko‘p yordam bergan himoyachi?
– “Bunyodkor”da paytim Anvar aka G‘ofurovdan ko‘p narsa o‘rgandim. G‘ofurov o‘z paytida terma jamoada va Osiyo chempionlar ligasida o‘ynagan, tajribasi ham yuqori. Shu bois u kishining maslahatlariga amal qilganman.
– Faraz qiling, ertaga muhim o‘yin bor. Bo‘lajak bahsga qanday tayyorlanasiz?
– O‘zimni xotirjam tutishga harakat qilaman. Lekin o‘ta jiddiy bo‘lib oshib yuborishni ham xohlamayman. Eng muhimi, miya tayyor bo‘lishi, chunki fizikani bir hafta ichida olib bo‘lgan bo‘lasiz. O‘yin kuni stadionga borguncha musiqa eshitmayman, nonushtadan keyin uxlab olishga hamda o‘yin kuni ko‘p ovqat emaslikka harakat qilaman. Darvozabonlar uchun e’tiborli bo‘lish juda muhim, shuning uchun qorinni to‘ydirib olmayman.
– Rejimga qanchalik amal qilasiz?
– Har kuni kechqurun 22:00da uxlash oson emas, lekin kechasi bir-ikki ham bo‘lib ketmaydi. Imkon qadar o‘rtasini olaman. Nonushtani har doim uydagilar bilan birga, oila davrasida qilamiz
– Ko‘chada yurganda gazli ichimliklar va fast-fud bemalolmi?
– To‘g‘risi, fast-fud menga yoqadi, lekin juda kam iste’mol qilaman. Menda semirishga moyillik yo‘q, ko‘p ovqat esam ham o‘zgarmayman. Gazli ichimliklarni esa unchalik xushlamayman.
– Siz uchun O‘zbekistondagi eng kuchli darvozabon kim?
– Ignatiy Nesterov. Men ko‘rgan darvozabonlar orasida Nesterov shubhasiz eng zo‘ri. Shuningdek, Temur Jo‘raevga ham havas qilganman. Lekin Temur aka kam o‘ynadi.
– Jahonda kim?
– Men uchun Iker Kasilyas, uni juda hurmat qilaman. Birinchi futbolkam ham Kasilyasniki bo‘lgan.
– Qaysi darvozabon bilan uchrashishni orzu qilasiz?
– Manuel Noyer bilan.
– Siz uchun jahon va O‘zbekistondagi eng kuchli uchta darvozabon?
– Xo‘sh, jahon darvozabonlaridan Yan Oblak, Tibo Kurtua va Alisson Bekkerni hozirgi paytda eng kuchlilari, deb bilaman. O‘zimizdagi posbonlardan O‘tkir Yusupov, Eldor Suyunov va Javohir Ilyosov.
– Siz yoshsiz, shunga qaramay darvozabon bo‘lmoqchi bo‘lgan bolakaylarga maslahatingiz?
– Birinchi navbatda aytadigan gapim – hamma narsani ham yurakka yaqin olavermang. Ko‘p tushkunlikka tushish ham faqat zararga ishlaydi. Ishtiyoqni esa umuman yo‘qotib qo‘yish kerak emas.
– Oilangiz haqida gapirib bersangiz.
– Dadam o‘z paytida Jismoniy tarbiya instituti bilan Moliya universitetini tugatganlar. Hozir firmada ishlaydilar. Onam – uy bekasi, oldin maktabda adabiyotdan dars berganlar. Bitta opam bor, Jahon tillari universitetida ingliz tilidan dars beradi. 2019 yil uylanganman. Hozircha bir nafar farzandim bor, o‘g‘lim Abubakir bir yoshga to‘ldi.
– Suhbatimiz oxirida “Lokomotiv” muxlislariga tilaklaringiz?
– Birinchi navbatda hammaga sog‘lik tilayman. Keyin esa ko‘plab g‘alabalarni.
– Abdumavlon, suhbat uchun rahmat. “Temiryo‘lchilar” safidagi faoliyatingiz yorqin bo‘lishini tilab qolamiz.
Fikrlar