Vodiyda "Vodiy tulporlari" ot sporti majmuasi ish boshladi (foto)

CHERY AUTO

 

Tecno
  Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashgan “Vodiy tulporlari” majmuasi ochildi.
  Mamlakatimizda yilqichilikni rivojlantirish, zotdor otlarni etishtirish va parvarishlash, ot sporti tuzilmalarini zarur vosita va anjomlar bilan ta’minlash, yangi avlod chavandozlarini shakllantirish, aholini, ayniqsa, yoshlarni ot sportiga jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
  Davlatimiz rahbarining 2017 yil 15 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
– Mamlakatimizda yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilishi bejiz emas, – deydi O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi o‘rinbosari Eldor Anorboev. – Mutaxassislarning qayd etishicha, qorabayir zotli otlar ustidagi dastlabki selektsiya ishlari bundan uch yarim ming yil avval qadimgi Farg‘ona vodiysi va Jizzax vohasida bir paytning o‘zida olib borilgan. Ko‘hna Xitoy yozma manbalari va mamlakatimizning turli mavzelaridan topib o‘rganilgan qoyatosh suratlari – petrogliflar qorabayir zotining yoshi uch ming yildan ziyod ekanligini amalda isbotlaydi. Farg‘ona vodiysida topilgan toshsuratlarda eramizdan uch ming yil avval yilqichi ajdodlarimiz qorabayir zotli otlarning suratini chizganligi zamonamiz olimlarining tadqiqotlarida isbotlangan.
  Bugungi kunda hududlarda ham mazkur soha rivoji yo‘lida bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Quvasoy shahrida “Kvarts” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan 2,5 gektar hududda qorabayir zotli otlarni ko‘paytirishga ixtisoslashtirilgan mazkur majmua tashkil etildi. Bu maskan tashqi va ichki bozorni naslli otlar bilan ta’minlash bilan birga o‘zbek ot sportining jahonda etakchi o‘ringa chiqishida poydevor vazifasini o‘taydi. Shuningdek, yilqichilikda turli inovatsion g‘oyalar va ishlanmalarni amaliyotga joriy etishda muhim baza bo‘lib xizmat qiladi.
 Bu erda milliy iftixorimiz hisoblangan qorabayir zotli otlarning naslini yaxshilash, sonini ko‘paytirish, milliy va klassik sport turlariga mos yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish ishlari olib boriladi. Majmuada otlarning ko‘rgazmali chiqishlarini namoyish etish va sport musobaqalarini o‘tkazish uchun 180 o‘ringa mo‘ljallangan tomosha maydoni qurilgan. Shuningdek, bu erda otboqarlarni o‘qitish kurslari, ippotreapiya (ot bilan davolash) markazi tashkil etiladi hamda sayyohlar uchun turizm yo‘nalishida otlarda sayr qilish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
  Majmuaning ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Unda ot sporti bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
P.S.  Manba:uza.uz.                                                    Fotolarni Muqimjon QODIROV olgan.
 
 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!