
“Real” – “Liverpul”. Kievdagi EChL finaliga taxmin va anons
Bugun, 26 may kuni Kievdagi “Olimpiyskiy” stadionida EChL finali bo‘lib o‘tadi. Musobaqaning hal qiluvchi bellashuvida Ispaniyaning “Real” va Angliyaning “Liverpul” klublari o‘zaro to‘qnash keladi.
Har ikki jamoa ham mavsumni muvafaqqiyatli yakunlay olmadi. Madridliklar Ispaniyada chempionatni uchinchi o‘rinda yakunlab, chempion “Barselona”dan 17 ochko qolib ketdi. “Qaymoqranglilar” yana “Qirol kubogi”ni ham yuta olishmadi. Endi “Real” oldida faqatgina EChL bosh sovrinini yutish imkoniyati bor xolos.
> UEFA Evropa chempionlar ligasi tarixidagi eng yaxshi finallar. TOP-10
“Real”dan farqli o‘laro “mersisaydliklar” ahvoli yanada yomonroq. “Liverpul” mavsum finishiga Angli chempionatida to‘rtinchi o‘rin bilan etib kelib, yangi mavsum EChLga zo‘rg‘a yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Angliya va Liga kubogidagi kurashlarni esa ancha erta yakunladi. EChL finalidagi g‘alaba “Liverpul” uchun o‘tgan omadsizlar uchun ajoyib tovon hisoblanadi.
Raqiblar turli stsenariylar ostida finalga etib kelishdi. “Real” musobaqani guruh bosqichidan boshlab, “Tottenxem”dan so‘ng ikkinchi o‘rin bilan keyingi bosqichga yo‘l oldi. Aynan ingliz klubidan madridliklar guruhdagi yagona mag‘lubiyatni qabul qilib olishdi. Keyin PSJ umumiy hisobda 5:1, “Yuventus” - 3:0 mehmonda mag‘lub etilgan bo‘lsa, o‘z o‘yida 1:3 yutqazdi va yarim finalda “Bavariya” ustidan qiyin g‘alabaga erishdi. 2:1 mehmonda va 2:2 uyda.
“Liverpul” Kievga bo‘lgan yo‘lni saralash bosqichdan boshladi. Bunda Germaniyaning “Xoffenxaym” jamoasini umumiy 6:3 hisobida taslim qildi. Guruhda “Liverpul” uch g‘alaba va uch durang qayd etdi va birinchi o‘rinni egalladi. 26 marta raqiblari darvozasini ishg‘ol qildi. Yana “Liverpul” pley-offda 17 ta gol urib, EChLda eng sermahsul jamoaga aylandi. “Qizillar” finalga qadar “Portu” va “ManSiti” yo‘ldan olib tashladi. Faqatgina “Roma” bilan yarim final o‘yinida jiddiy qiyinchilikka duch keldi. Uyda 5:2 g‘alaba va mehmonda 2:4 mag‘lubiyat.
Bo‘lajak final “Liverpul” va “Real” jamoalarining o‘zaro oltinchi uchrashuvi bo‘ladi. Ustunlik hozircha “mersisaydliklar” tomonida.
“Real” uchun bu EChLdagi ketma-ket uchinchi final hisoblanadi. Oldingi ikkita final ular uchun omadli yakun topgan va madridliklar shu vaqtgacha hech bir jamoa uddalay olmagan – EChLda ketma-ket ikki marta g‘olib chiqishdek ishning uddasidan chiqdi. Umuman Kievdagi final “qirollik klubi” uchun evrokuboklar turnirlaridagi 16-final bo‘ladi. Ulardan 12-tasida bosh sovringa ega chiqqan.
O‘z navbatida “Liverpul” uchun bu final Chempionlar kubogi / EChL tarixidagi sakkizinchi final hisoblanadi. “Qizillar” turnirda 5 bor zafar quchishgan.
Makzur final g‘olib jamoani Evropaning eng kuchli klubiga aylantiribgina qolmay, jiddiy daromad olishiga ham imkon yaratadi, ya’ni EChl g‘olibi 15,5 million evro bilan mukofotlansa, mag‘lub 11 million evroga ega chiqadi.
Biroq shubha yo‘qki, bu vaziyatda jamoalar pul uchun maydonga tushishmaydi. Ikki jamoa mavsumni saqlab qolishga harakat qiladi. Mavsumning asosiy o‘yiniga tayyorgarlik haqida etarlicha gapirildi va bahsga bir necha soat qolganida unga yangi nimadir qo‘shish imkonsiz. Shunchaki barcha o‘yinning “orzular finali” bo‘lishini istamoqda. Har ikkin jamoa ham o‘z muxlislariga bunday bayramni tortiq etishlari mumkin.
Imkoniyatlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, turli qarashlar va fikrlar mavjud. Birinchi tomondan o‘z safida ajoyib futbolchilarni jamlagan, qanday g‘alaba qozonishni va sabr qilishni biladigan tajribali jamoa bo‘lsa, ikkinchi tomondan buyuk g‘alabalarga chanqoq va har qanday natijaga erishishga qodir yosh-quvnoq jamoadir. Shunday ekan, bu erdan autsayder degan so‘zni umuman olib tashlash kerak. “Real” uchun g‘alaba tarixni qayta yozishga imkoniyat bo‘lsa, “Liverpul” uchun bolalarcha orzuni haqiqatga aylantirishdir.
Finalchi jamoalarning murabbiylari bir-biriga omad tilasada, shogirdlarining yakunda g‘alaba qozonish uchun nima qilish kerakligiga e’tibor berishadi.
Zinedin ZIDAN, “Real” bosh murabbiyi:
– Raqib haqida gapirish og‘ir. Men ingliz klubi futboli boshiga nazar tashlay olmayman. Biz har doimgidek g‘alaba qozonishni istaymiz. Futbolchilarimizdan har bir oldingi ikki turnirdagi g‘alabani intilishimiz muvafaqqiyatga olib borganini ayta oladi. Men jamoalar o‘yinlari o‘rtasidagi o‘xshashlik ta’sir qiladi deb hisoblamayman. “Liverpul” kuchsiz himoya va kuchli hujumi bor jamoa sifatida gavdalanadi. O‘ylaymanki, finalchi har tomonlama kuchli. Biroq finalda “Liverpul” bizni hayratga solyapti deb o‘ylamayman.
Yurgen KLOPP, “Liverpul” bosh murabbiyi:
– Madridliklar boshidan oyog‘igacha tajrbali. “Real” muzdek sovuq. Kimdir “Real”ning qo‘quvga tushganini ko‘rganmi? Muz! Ammo har bir jamoada zaif tomon bo‘ladi. Bizda imkoniyat bor, buni bilamiz. Ularning tajribasi jamoani qiyin vaziyatlarga tayyorlagan, biroq biz o‘z navbatida ularga o‘z muammolarni maydonda tashkil qilamiz. O‘ylaymanki, ular ham jim turishmaydi. Yakunda biz hal qiluvchi vaziyatlar yaratamiz. Imkon bo‘ldi deguncha gol urish... Ular ham shunday.
Taxminiy tarkiblar:
“Real”: Navas - Marselo, Varan, Ramos, Karvaxal - Kroos, Modrich, Kovachich, - Ronaldu, Asensio, Benzema
“Liverpul”: Karius - Aleksandr-Arnold, Lovren, van Deyk, Robertson, - Veynaldum, Milner, Xenderson - Mane, Firmino, Salah.
Fikrlar