Ravshan Haydarov: Terma jamoaga xorijlik murabbiy kelishini matbuot orqali eshitib turibman

  • 29 noyabr, 2018, 10:50
  • Baxtiyorjon Toshtemirov
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yaqinda Dubayda o‘tkazilgan xalqaro musobaqada ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ushbu jamoaga yana Ravshan Haydarov ustozlik qilganidan xabaringiz bor. Osiyo chempionatida muvaffaqiyat qozongan mutaxassis kuzda Osiyo o‘yinlari musobaqasida chorak finalgacha etib bordi va tanqidlarga uchragandi. Bu safar esa u xalqaro turnirda yana o‘zini ko‘rsatdi. Boz ustiga Haydarov 2018 yilning eng yaxshi murabbiyi bo‘lish uchun nomzodlar orasidan ham joy oldi. Terma jamoamiz safardan qaytgach, bosh murabbiy bilan suhbatda bo‘ldik.

Tecno

- Noyabr oyidagi yig‘inimizda xalqaro musobaqada qatnashishimiz oldindan rejaga kiritilgandi va shunga asosan Dubaydagi turnirda ishtirok etib qaytdik, - deya gap boshladi bosh murabbiy. - U erda o‘ziga yarasha kuchli jamoalar qatnashishdi. Yaponiya, BAA va Quvayt Osiyoda o‘z o‘rniga ega va saviyasi yuqori bo‘lgan raqiblar hisoblanadi Qolaversa, musobaqa tizimi guruh moduli shaklida o‘tdi. Ya’ni, g‘oliblik faqat guruhda birinchi o‘rinni egallagan jamoaga nasib qilardi. To‘g‘risi, ushbu turnir biz uchun qiziqarli edi. Futbolchilarda o‘yin sifatini shakllantirish, xalqaro tajribalarini oshirish, g‘oliblik ruhini singdirish kabi masalalar bo‘yicha ham ushbu musobaqa bizga kerak edi. Xullas, u erda biz ko‘p ishlarni amalga oshirib keldik.

- Dubaydagi musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritish ustivor vazifamidi?

- Yo‘q, albatta. Lekin boya aytganimdek, yigitlarimizga g‘oliblik ruhini singdirishimizda mana shunday g‘alabalar kerak. Biz uchun asosiy masala – bu o‘yinimizni shakllantirish edi va bu borada katta hajmdagi ishlarni bajardik. Shuningdek, bu turnir orqali tarkibni ham aniqlab olish jarayonini ham belgilab oldik. Guruh bosqichida har 2-3 kunda o‘yin bo‘ladi, bunday paytda bosimni kim qanday enga olishini u erda sinab ko‘rdik. Bunday rejimda ishlashda ko‘nikma hosil qilish borasida o‘zini kim qanday ko‘rsata olishini sinab ko‘rdik.

- Ushbu turnirga asosan ikkinchi tarkib olib ketilganiga ko‘pchilik e’tibor qaratmoqda. Siz uchun ham qo‘l ostingizdagi jamoa ikkinchi tarkibmidi?

- Yo‘q. Bunday paytda birinchi yoki ikkinchi tarkib deb ajratib bo‘lmaydi. Hozir hamma futbolchilar uchun sinov davri. Ayni paytda o‘yin modelimizga to‘g‘ri keladigan futbolchilarni saralab olish jarayoni ketmoqda. Albatta, bizda ikkita tarkib bor. Masalan, bitta tarkibimizni Dubayga olib ketgan bo‘lsak, yana bir tarkibimizga ham imkoniyat yaratish maqsadida Toshkentda yig‘in o‘tkazdik. Bundan ko‘zlangan maqsad olimpiya terma jamoasida raqobatni o‘stirishdan iborat. Buning uchun hamma futbolchilarga imkoniyat berish darkor. Dubayga borgan jamoamizga birinchi, ikkinchi yoki yakuniy tarkib deb nom qo‘yish kerak emas. Ularning aksariyati olimpiya terma jamoasiga nomzod. Shuningdek, jarohati sababli biz bilan birga safarga bora olmagan futbolchilar ham bor. Bobur Abduholiqov, Jasur Yaxshiboev, Aziz G‘aniev kabilarni aytishim mumkin. Agar ular sog‘ayib, safga qaytishsa, o‘ylaymanki, bizda yanada raqobatbardosh jamoa paydo bo‘ladi.

- Umuman aytganda, ushbu qo‘l ostingizdagi tarkibdan necha foizini Olimpiada saralashida bosh jamoamizga yordam bera oladi deb o‘ylaysiz?

- Ko‘pchiligi o‘zining yaxshi sifatlarini ko‘rsatishdi. Biz hali ularni yana tahlil qilamiz. Hali oldimizda ko‘p yig‘inlar bor. Dekabr, yanvar, fevralda ham mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Hozirda raqobat ko‘rsata oladigan 30 dan ziyod futbolchilar ixtiyorimizda bor.

- Bungacha olimpiya terma jamoasiga boshqa mutaxassis kelishi haqida ko‘p gapirilayotgandi. Ammo baribir o‘zingiz ishni davom ettiryapsiz va buning samarasi ko‘rinib turibdi. Aytmoqchimanki, bundan keyingi yig‘inlarda ham jamoani o‘zingiz boshqarasizmi?

- Nima bo‘lganda ham yoshlar bilan ishlash falsafasi menga to‘g‘ri keladi. Chunki ancha yildan beri ushbu ish bilan mashg‘ulman. Kelasi yilning mart oyigacha bo‘lgan rejani ishlab chiqqanman va buni rahbariyatga taqdim etganman. O‘z navbatida mutasaddilarimiz ushbu reja va yig‘inlarimiz asosida barcha sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha qaror qabul qilingan, rejalarimiz tasdiqlangan.

- Yaqinda olimpiya terma jamoasiga ispaniyalik murabbiyning nomzodi ko‘rib chiqilayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi...

- Men ham matbuot orqali eshitib turibman. Bunday narsalarga unchalik e’tibor beravermayman. Lekin murabbiy sifatida hamma narsaga tayyor turish kerak. Shunga qaramay, menga yuklatilgan ish bor va shuni bajarishda davom etyapman.

- Ayting-chi, yakuniga etib borayotgan 2018 yil Ravshan Haydarov uchun qanday o‘tyapti?

- 2018 yil men uchun omadli bo‘ldi. Birinchi navbatda Osiyo chempioni bo‘ldik. Osiyo o‘yinlarida ham yomon qatnashmadik. O‘zim yaxshi ko‘rgan ish – yoshlar bilan ishlashni davom ettirib kelyapman. Mehnatimizning hosilini ham ko‘ryapmiz.

Shuhratbek Jo‘raev suhbatlashdi.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!