
O‘zbekiston Belgiya bilan durang o‘ynadi
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi ayni kunlarda Ispaniyadagi Xalqaro musobaqada ishtirok etayotganidan xabaringiz bor.
Belgiyaga qarshi uchrashuvda Otabek G‘ulomxo‘jaev shogirdlari dastlabki daqiqalardanoq raqibga ochiq futbol taklif etishdi.
Buning samarasi o‘laroq ilk taymda kichik ustunlik O‘zbekiston yoshlari tomonidan bo‘lganini e’tirof etish kerak. Raqib futbolchilar ikki yosh kattaroq bo‘lsa-da, ular o‘yin debyutida anchagina shoshib qolishdi.
16-daqiqaga kelib Hojimat Erkinov ajoyib gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Belgiyaliklar hujum qilishdi, himoyachilar to‘pni jarima maydonchasidan uzoqlashtirgach, Hojimat maydon markazidan chap qanotga qarab qochib ketdi. Keyinroq ortidan etib kelgan himoyachini o‘ng oyog‘i bilan chalg‘itdi va shu oyog‘ida darvozaning olis burchagiga aniq zarba yo‘lladi. To‘p darvoza to‘qqizligiga aniq yo‘naldi. Gol shu qadar chiroyli chiqdiki, bellashuvni stadiondan kuzatib borayotgan muxlislar o‘rinlaridan turib qarsak chalishdi.
Birinchi bo‘limda Jasur Jaloliddinovda ham yaxshi imkoniyat bo‘ldi. Biroq uning zarbasi noaniq chiqdi. Shuningdek, darvozabon Abduvohid Ne’matov ikki bor jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi.
Ikkinchi bo‘limda Belgiya terma jamoasi birdaniga 7 ta o‘zgarishga qo‘l urdi. Shunga qaramay, ustunlik O‘zbekiston tomonida bo‘lib boshlandi. G‘ulomxo‘jaev jamoasining ilk hujumini raqiblar qo‘pollik bilan to‘xtatib qolishdi. Bu 47-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Mirjalol Qosimovning nuqtasi bo‘lgan joydan uning ayni vaqtdagi shogirdi Jasur Jaloliddinov chiroyli zarba yo‘lladi. Biroq to‘p darvoza to‘siniga tegib qaytdi. Shotlandlarga qarshi o‘yinda ham evropaliklarni darvoza to‘sini bir bor qutqargandi.
78-daqiqaga kelib Belgiya futbolchilari xuddi yuqoridagi kabi nuqtadan jarima zarbasi tepish huquqiga ega bo‘lishdi. Kiril Ngonge tomonidan yo‘llangan zarba aniq chiqdi va uni Ne’matov qaytara olmadi — 1:1.
Mazkur hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi. O‘zbekiston yoshlarining keyingi o‘yini 15 oktyabr kuni Frantsiya yoshlariga qarshi bo‘lib o‘tadi.
Fikrlar