
Mourino Sarriga qarshi: «o‘zgacha»da imkoniyat qanday?
«Qizil iblislar» boshqaruviga kelganidan beri portugaliyalik mutaxassis «ko‘klar»dan to‘rt marotaba mag‘lubiyat alamini totib, ikki marta g‘alaba qozongan. G‘alabalarning barchasiga u «Old Trafford»da erishgan.
Mourinoning baxtiga qarshi o‘laroq bugungi uchrashuv raqib uyi – «Stemford Bridj»da bo‘lib o‘tadi. Aynan u erda turli darajadagi mag‘lubiyatlarni qabul qilib olgan.
Dastlabkisi 2016-yilda yirik 4-0 hisobida bo‘lgan bo‘lsa, keyingisi Angliya Kubogi doirasidagi 1-0 edi. O‘tgan mavsumda esa u Londonda yana 1-0 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi.
Biroq «Stemford Bridj»dan mag‘lubiyat bilan qaytishda Mourinoning aybi yo‘q. «Qizil iblislar» oxirgi marta Londondan 2012-yil oktyabrida g‘alaba bilan qaytishgan. O‘shanda afsonaviy Ser Aleks Fergyuson boshchiligida jamoa Roberto Di Matteoning jamoasi ustidan safarda 3-2 hisobida yutgan edi.
Mourinoning «Chelsi»ga qarshi so‘nggi uch o‘yindagi mag‘lubiyatidan farqli o‘laroq bu safar u yangi murabbiy – Maurisio Sarriga qarshi kurashadi.
Sarri shogirdlari mavsumni yuqori notada boshlashdi. Ayni vaqtga kelib turnir pog‘onasida 20 ochko to‘plagan holda «Manchester Siti» va «Liverpul»lar bilan peshqadamlikni bo‘lishib turibdi. Ular sakkiz tur o‘tsa hamki biror marta mag‘lubiyat alamini totib ko‘rganicha yo‘q. MYu esa aksincha dastlabki sakkiz tur ichida uch marta yutqazib qo‘ydi.
Ammo qanday qilib Mourino eng yaxshi Mourinoga aylanadi va Sarrining birinchi mag‘lubiyatini tan olishga majbur qilishi mumkin?
O‘yin sxemasi
«Chelsi»ga qarshi so‘nggi ikki mavsumda Mou jamoasini 3-5-2 o‘yin tizimida olib chiqdi. Biroq «aristokratlar» ham Antonio Konte boshchiligida uch kishilik himoyada o‘ynashni mukammal o‘zlashtirib olgandi.
Biroq endi Konte jamoada yo‘q. Sarri esa o‘zi bilan 4-3-3 o‘yin tizimini olib keldi. Hujumkor uslubga qarshi Mourinoning Gvardiolaga qarshi ishlatgan sxemalari balki bu safar ish berar.
«O‘zgacha» bu mavsumda ham 3-5-2 o‘yin sxemasini amalda qo‘llab ko‘rdi. Natijasi barchaga yaxshi ma’lum. O‘z uyida ular «Tottenxem»dan yirik 3-0 hisobidagi mag‘lubiyatni qabul qildi.
Sarri qo‘li ostidagi «Chelsi»ga qarshi Mourino «Liverpul» va «Manchester Siti»ga qarshi ishlatgan o‘yin tizimidan foydalanishi yaxshiroq bo‘larmidi.
Portugaliyalik murabbiy bu jamoalarga qarshi 4-3-3 o‘yin sxemasida o‘ynab «orzular teatri»da mag‘lub bo‘lmagandi.
Asosiy tarkib
Joze Mourino raqibning hujumkor yulduzlarni to‘xtatishda to‘liq suyanadigan futbolchilari bor. Bu so‘zsiz – yarim himoyachi Maruan Fellayni.
Fellayni bilan yarim himoyada Nemanya Matich va Pol Pogba bilan o‘ynashda belgiyalik futbolchi himoya va hujumni bog‘lashda ustasi farang hisoblanadi. Raqibga bosim uyushtirishda Matich orqali o‘ynash ko‘pchilik raqiblarga qiyinchilik tug‘dirgan.
Darvozada alishtirilmas David De Xea o‘rin olsa, himoya qanotlarida Lyuk Shou va Antonio Valensiyalar o‘rin olishadi. Ular o‘z sport formalarida va jangga shay.
Himoya markazini ajoyib deb bo‘lmaydi, aftidan Mourinoning o‘zigayam Erik Bayi va Viktor Lindelyof juftligi yoqmayapti. Aynan ushbu juftlik «Nyukasl»ga qarshi o‘yinning 10-daqiqasiga keliboq ikki golni o‘tkazib yuborgandi.
«Qarg‘alar»ga qarshi o‘yinda zaxiradan qo‘shilgan Aleksis Sanches bu safar ilk daqiqalardan harakat qilsa kerak. Markus Reshford xalqaro tanaffus vaqtida Angliya safidagi o‘yinlari tufayli o‘z imkoniyatini sinab ko‘rsa kerak. Romelu Lukaku agarda jarohat olmasa markazni hech kimga bermaydi.
Taktika
Agarda Mourino to‘g‘ri taktika tanlay olmasa o‘yin sxemasi va tarkib ham unga g‘alaba qozonishda yordam bermaydi.
Asosiy maqsad Sarri qo‘li ostida qayta porlay boshlagan Eden Azarni o‘yindan chiqarib tashlash bo‘lishi kerak. 8 o‘yinda 7 gol urgan urgan belgiyalik futbolchi raqibning asosiy quroli hisoblanadi.
Oldinlari «Chelsi»ga qarshi jamoalarga qarshi Skott MakTomini va Ander Erreralarda hujumni buzuvchi sifatida qo‘llardi. Biroq ikkalasi bu mavsumda kamroq jalb qilinmoqda va bu vazifaga katta ehtimol bilan Fellayni tushirilsa ajabmas.
«Chelsi»ga qarshi eng yaxshi variant bu to‘rt kishilik himoya bilan o‘ynash. Tayanch yarim himoyasida Matich va Fellaynilar himoyalanish vaqtida beshinchi va oltinchi himoyachilarga aylanishadi.
Albatta bunda hujumchilardan ortga qaytib himoyaviy ishlarga yordam berishi va o‘z navbatida raqib darvozasiga xavf tug‘dirishi talab etiladi.
Fikrlar